Линклар

Turkiyada qachon tinchlik o‘rnatiladi?


Turkiya sharqidagi asosan kurdlar yashovchi Silopi shaharchasidagi so‘nggi otishmalar izi.

Turkiya sharqidagi asosan kurdlar yashovchi Silopi shaharchasidagi so‘nggi otishmalar izi.

Turkiya matbuoti tarqatgan xabarlarda yozilishicha, mamlakat hukumati vakillari “Kurdiston ishchilar partiyasi” (PKK) bilan “kurd masalasi” bo‘yicha murosaga kelish uchun muzokara boshlashi mumkin.

Ikki taraf o‘rtasida so‘nggi yetti oy davomida tinchimayotgan adovat to‘xtaydimi? Hech bo‘lmasa, ikki taraf ham amal qiladigan o‘t ochmaslikka oid kelishuvga erishiladimi?

Shunday bo‘lishiga umid bor¸ ammo hozircha bunga ishonch yo‘q.

Yaqinda PKK qo‘mondoni Murat Karayilan o‘z jangchilarini va ularni qo‘llovchilarni dushmanga qarshi kurashdagi “so‘nggi imkoniyatdan” foydalanib qolishga chaqirdi.

“Bahor keldi, [kurd] yoshlarimiz uyda o‘tirmasdan,” jang qilsin, dedi Karayilan. Bu “jang” odatda oddiy fuqarolarni hamda harbiylarni nishonga oluvchi hujumlardan iboratdir. Bunday hujumlar oqibatida hozirga qadar mamlakatda yuzlab odam halok bo‘ldi. Qurbon bo‘lganlar orasida harbiylar va xavfsizlik xizmati xodimlari bor, ammo o‘lganlarning aksari oddiy fuqarolardir.

Shunday ekan, bahor kelishi bilan Turkiyada turli hujumlar, jumladan, xudkushlik xujumlari ko‘payishini kutish mumkin.

2015 yilning sentyabrida PKK mavjud otashkesimni buzdi. Bunga Suriya shimolidagi kurd jangari guruhi hisoblanmish “Demokratik birlik partiyasi”ning (PYD) o‘z pozitsiyasini yaxshilagani sabab bo‘ldi. PYD PKKning ittifoqchisidir. Ayrimlar hatto PYDni PKKning tarmog‘i deb hisoblaydi.

Suriyadagi kurdlar mamlakatda tinchimayotgan urush bahonasida Turkiya bilan chegara yaqinida yirik hududni egalladi.

Natijada chegaraning har ikki tarafidagi kurdlarda “g‘alaba”ga bo‘lgan ishonch va umid oshdi. Bu esa turklarni xavotirga solmoqda.

Qolaversa, PKK o‘tgan yil sentyabr oyidan beri Turkiyaning janub-sharqiy hududlarida “mahalliy etakchilarni” o‘rnatishga urinib keladi. Turkiya armiyasi hamda xavfsizlik kuchlari kurd “ayirmachilarining” bu harakatlari bilan zo‘r berib kurashib keladi.

Hozirda Turkiya jamiyati oldida turgan dilemma qanday qilib terror guruhi hisoblanuvchi PKK partiyasi ishtirokisiz tinchlik o‘rnatishdir. PKK rahbari Abdulla Ojalan 1999 yildan beri Turkiya qamog‘ida saqlanmoqda.

Har ikki taraf ham g‘alabaga erishishni xohlaydi, lekin bir vaqtning o‘zida har ikki taraf kelajakda muzokaralarni qayta boshlashga tayyor ekanligini izhor qilmoqda.

Ammo aftidan tinchlik muzokaralari qayta boshlangunicha hali ko‘p qon to‘kiladi, vayronagarchilik bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG