Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:55

“Xalq banki”dagi nayranglar, “yig‘-yig‘”ga mukkasidan ketgan direktor


“Xalq banki” tizimida nayranglar fosh qilindi. O‘qituvchi va o‘quvchilarga soliq solgan kollej direktori jinoiy javobgarlikka tortildi. Murod Rajabovning vafoti haqida mish-mish tarqatildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Xalq banki” tizimida nayranglar fosh qilindi

“Xalq banki”ning Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani filiali boshqaruvchisi jinoiy guruh tuzib, qalbaki hujjatlar asosida kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlandi (“Bozor va iste’molchi”, 16 aprel). Jinoyat sodir etishda filialning bosh mutaxassisi, bosh hisobchisi hamda boshqa xodimlari ham ishtirok etgan. Kredit o‘zlashtirishdan tashqari, bankirlar nafaqa pullari to‘liq tarqatilgani haqida soxta hisobotlar yozib, pensionerlarning juda katta miqdordagi mablag‘larini ham talon-taroj qilgan. Jinoiy guruh yana bir qator noqonuniy harakatlarda ayblangan. Turli nayranglar bilan juda katta miqdorda mablag‘ o‘zlashtirgan bankirlarning ism-sharifi hamda jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan. Qonunbuzarlarga tegishli jazo berilgani xabar qilingan.

Paxta mavsumida o‘qituvchi va o‘quvchilarga soliq solgan kollej direktori jinoiy javobgarlikka tortildi

Toshkent viloyati Parkent tumanidagi kasb-hunar kolleji direktori noqonuniy ravishda pul yig‘ib kelgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi (“Huquq”, 21 aprel). Ismi oshkor etilmagan direktor bir necha yil davomida kollej o‘quvchi va o‘qituvchilaridan turli bahonalar bilan pul yig‘ib kelgan. Xususan, kuzda, yig‘im-terim mavsumida o‘qituvchilarga ish haqidan kelib chiqib 100 mingdan 600 ming so‘mgacha “soliq” soladi. Bundan o‘quvchilar ham chetda qolmaydi. Direktorga topgan pul, topmagan go‘sht, kartoshka, piyoz olib kelib beradi. Shu tariqa direktor terim mavsumida 48 million so‘mdan oshiq mablag‘ yig‘ib, o‘z ehtiyojiga sarflaydi. Bundan tashqari, kollej rahbari metall chiqindilar topshirish, binoni ta’mirlash kabi bahonalar bilan ham “soliq” solgan. Qayd etilishicha, “yig‘-yig‘”larga mukkasidan ketgan direktor qilmishiga yarasha jazolangan.

Mol go‘shtini Surxondaryodan, qo‘y go‘shtini Buxorodan olgan ma’qul

Go‘sht narxi O‘zbekiston bo‘yicha Toshkentda yuqoriroq. Davlat raqobat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda mol go‘shti 20 mingdan 26 ming so‘mgacha, qo‘y go‘shti esa 21 mingdan 28 ming so‘mgacha sotilmoqda (“Iste’molchi”, 20 aprel). Viloyatlar bo‘yicha Surxondaryo (mol go‘shti – 18500 dan 19500 so‘mgacha, qo‘y go‘shti – 20 mingdan 22 ming so‘mgacha) va Buxoroda (mol go‘shti – 19 mingdan 21 ming so‘mgacha, qo‘y go‘shti – 18500 dan 21 ming so‘mgacha) go‘sht nisbatan arzonroq. Gazetada boshqa asosiy iste’mol tovarlari va qishloq xo‘jalik mahsulotlarining o‘rtacha narxi to‘g‘risida ham ma’lumot berilgan.

Rejissyor Rustam Sa’diev: Kinoda ishlab boyishni o‘ylash - kulgili

Rejissyor Rustam Sa’diev kinofilmlarning professionallik darajasini belgilaydigan mezonlar ishlab chiqish lozim, deb hisoblaydi (“Oila davrasida”, 21 aprel). Rejissyorga ko‘ra, bu borada na hujjat bor, na nazariya. Mutaxassislar o‘zidan kelib chiqib filmlarga baho beraveradi. “Eng asosiysi, duch kelgan odamning kinofilm olishiga, o‘zbek kinosini toptashiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Mana, ko‘chadan kelgan har qanday odam to‘g‘ri shifoxonaga kirib, bemorni operatsiya qilib ketmaydi-ku!” degan R. Sa’diev. Rejissyor kinodan pul ishlash masalasiga ham to‘xtalib, shunday degan: “Bizda hali kinofilm sanoati zamon darajasida taraqqiy etgani yo‘q. Shuning uchun bugun kinoda ishlab boyishni o‘ylash – kulgili. Albatta, nasibaga yarasha rizq topamiz”.

Huquqshunos: Mahbuslar ham pensiya olishga haqli

“Jazoni ijro etish muassasalarida sud tayinlagan jazoni o‘tayotgan pensiya yoshidagi mahbuslarga ham pensiya to‘lanadimi?” degan savol bilan murojaat etgan qashqadaryolik M. Sattorov (“Huquq olamida”, 21 aprel). Huquqshunos Sh. Bekmirzaevga ko‘ra, jazo o‘tayotgan mahbuslar ijtimoiy ta’minot, jumladan, pensiya olishga huquqiga ega. Ichki ishlar vaziri tasdiqlagan jazoni ijro etish muassasalari ichki qoidalarida ushbu tartib ko‘zda tutilgan.

Murod Rajabovning vafoti haqidagi xabarlarga ko‘pchilik ishonayozdi

O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov vafot etgani haqidagi noxush xabar tarqaldi (“Darakchi”, 21 aprel). “So‘nggi vaqtlarda san’atimiz ketma-ket og‘ir judolikka uchrayotgani bois muxlislar bu xabarga ishonayozgandi”, deb yozadi shou-biznes nashri. Keyinroq mishmishlarni aktyorning o‘zi rad etgan. Avvalroq O‘zbekiston xalq artisti Klara Jalilova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abduraim Abduvahobov va aktyor Alisher Uzoqov haqida ham ana shunday yolg‘on xabar tarqatilgan.

XS
SM
MD
LG