Линклар

logo-print

BMTning inson huquqlari bo‘yicha ekspertlari qirg‘iz rasmiylarini umrbod qamoqqa hukm qilingan huquq faoli Azimjon Asqarovni tez orada ozod qilib, unga nisbatan chiqarilgan sud hukmini bekor qilishga chaqirdi. Mahalliy huquq faollari Qirg‘iziston siyosiy va fuqaroviy huquqlar konventsiyasini imzolagani sababli mazkur chaqiriqni qaror sifatida bajarishga majbur ekanini aytmoqdalar.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari qo‘mitasi 2010 yilgi O‘sh voqealarida ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan huquq faoli Azimjon Asqarovning arzini shu yilning 31 mart kuni Jenevada ko‘rib chiqqan va qaror qabul qilgan. Qo‘mita bu boradagi qarorini 21 aprel kuni ochiqladi.

BMTning 18 nafar mustaqil ekspertdan iborat qo‘mitasi Qirg‘iziston Asqarovga nisbatan harakatlarida o‘zi imzolagan fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning bir necha shartini buzganini aniqlagan.

Qo‘mita matbuot xizmati vakili Liz Trosselga ko‘ra, Asqarovning ozodlikka chiqishi uchun asoslar quyidagilardir:

- BMTning inson huquqlari qo‘mitasi Qirg‘izistonda qamoqda saqlanayotgan siyosiy faol va jurnalist Azimjon Asqarovni ozod qilishga chaqirdi. Chunki u noqonuniy qo‘lga olinib, hibsxonada chidab bo‘lmas sharoitda tutilgani, qiynoq va ayovsiz muomalaga duchor bo‘lgani uchun mahkamada o‘zini himoya qilishga unda yetarli hozirlik ko‘ra olish imkoni bo‘lmagan, - deydi Liz Trossel.

BMT bayonotida Asqarov Bozorqo‘rg‘onda 10 yil mobaynida militsiya va prokuratura tomonidan inson huquqlari poymol qilinganini isbotlab kelgani ham aytiladi.

Azimjon Asqarov 2010 yilning 15 iyunida Qirg‘iziston janubidagi millatlararo nizoga aloqadorlikda gumonlanib, hibsga olingan. U millatlararo nizo qo‘zg‘aganlik hamda tartibsizlik chog‘ida militsiya zobitini o‘ldirishda ishtirok etganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

BMT inson huquqlari qo‘mitasi sudlanuvchining arzini ko‘rib chiqib, unga nisbatan ayblov dalillari noqonuniy yig‘ilgan, degan xulosaga kelgan. Qirg‘izistonlik taniqli huquq faoli Aziza Abdurasulova Bishkek BMT qo‘mitasi tavsiyasini e’tiborga olishga majbur, degan fikrda.

- Bu oddiy chaqiriq yoki tavsiya emas. BMTning inson huquqlari qo‘mitasi bu bo‘yicha 17 varaqdan iborat qaror qabul qildi. Qo‘mitaga individual shikoyat yuborilgan. Bu borada tegishli hujjatlarning barchasi o‘rganib chiqilib, shu asosda qaror chiqarilgan. Bu qaror tavsiya o‘laroq taqdim etilgani bilan u majburiy ravishda bajarilishi kerak. Qirg‘iziston o‘zi imzolagan konvensiya bo‘yicha majburiyatini bajarishdan bosh tortib, Asqarovni qamoqdan ozod qilmasa, yoshi 65 ga chiqib, sog‘lig‘i yomon bo‘lib turgan bir paytda u bilan biror fojea yuz bergudek bo‘lsa, “Qaror mavjudligiga qaramay, Qirg‘iziston huquq faolini o‘limgacha olib borib, majburiyatini bajarmadi” degan qora dog‘ tushadi, - deydi Aziza Abdurasulova.

Endilikda, xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq, BMT inson huquqlari qo‘mitasi Asqarov ishi yuzasidan o‘z qarorini Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi va Oliy sudiga yuboradi.

Bu orada Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi mulozimi Nurlan Tag‘aev qo‘mita xulosasi hali ularga kelmaganini, kelganidan so‘nggina unga rasmiy javob qaytarilishini bildirdi:

- Oxirgi marta bu ishga Oliy sud nuqta qo‘ygan emasmi... Oliy sud qarori yangi holatlar yuzaga chiqmasa, qayta ko‘rib chiqilmaydi. Shunday vaziyat bo‘lsa, u holda uni o‘sha sudning o‘zigina ko‘rib chiqadi. Agar BMT qarori bizga kelib tushsa, unda keltirilgan vajlarni albatta ko‘rib chiqamiz. Shunga yarasha rasmiy javob bo‘ladi. Hozircha mazkur qaror bizga kelgani yo‘q, - deydi Nurlan Tag‘aev.

BMT inson huquqlari qo‘mitasi Asqarov ishini Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga tirkalgan Birinchi fakultativ bayonnoma doirasida qarab chiqqan. Bu hujjat qo‘mitaga individual shikoyatlarni qarab chiqish uchun xos vakolat beradi. Qirg‘iziston mazkur xalqaro konventsiyani imzolash orqali uning qarorlarini bajarish majburiyatini zimmasiga olgan.

BMT inson huquqlari qo‘mitasi xalqaro bitimlarning davlatlar tomonidan bajarilishini ham nazorat qiladi.

XS
SM
MD
LG