Линклар

logo-print

Davlat byudjetiga dollar tushumini ko‘paytirish maqsadida Toshkent hukumati 2016 yildan boshlab meva-sabzavot eksportini ko‘paytirishni o‘z ustivor vazifalaridan biri deb belgiladi. Hukumatning paxta va g‘allaga ajratilgan yerlarni deyarli o‘zgarishsiz qoldirgan holda meva va sabzavot hajmini oshirish formulasiga ko‘ra¸ endi fermerlar g‘allazorlar chekkasi va bog‘lar orasiga poliz va sabzavot ekinlari ekib¸ davlat belgilagan planni bajarishi kerak.

2016 yilning 7 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti maxsus farmon chiqarib¸ Bosh vazir Mirziyoev zimmasiga “yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksportga yetkazib berish hajmlari va turlarini ko‘paytirish” vazifasini yukladi. Ayni farmon bilan bu vazifani ado etish uchun “O‘zagroeksport” degan yangi tashqi savdo kompaniyasi tuzildi.

Karimovning meva-sabzavot eksportini ko‘paytirish farmonini bajarish uchun o‘z-o‘zidan meva-sabzavot etishtirishni ham ko‘paytirish ehtiyoji tug‘ildiki¸ prezident bu haqda besh kun o‘tib yana bir buyruq berdi.

Turli boj va soliq imtiyozlari berilgan “O‘zagroeksport” kompaniyasi omborini to‘ldirish uchun prezident fermer va dehqon xo‘jaliklariga meva-sabzavot etishtirish bo‘yicha davlat buyurtmasi solindi.

Prezident qarori bilan 2016 yilda O‘zbekistonda ho‘l meva va sabzavot mahsulotlari sotib olishga davlat buyurtmasi 4,077 million tonna etib belgilandi.

Yil davomida fermer xo‘jaliklari 2,545 million tonna, dehqonchilik xo‘jaliklari esa 1,532 million tonna meva-sabzavotni davlat belgilagan narx bilan topshirishi shart.

Ayni kunlarda mamlakat bo‘ylab ana shu buyurtmani fermer va dehqon xo‘jaliklariga taqsimlash jarayoni jadal bormoqda.

Samarqandlik fermerlardan birining ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ viloyat tumanlarida fermer va dehqonlar bilan majlislar o‘tkazilib¸ unda davlat buyurtmasini 120 foizga bajaraman¸ degan hujjatlarga qo‘l qo‘ydirilmoqda:

- G‘alla rejasini 120 foizga bajarasan¸ ayni paytda¸ g‘allazor chetiga oshqovoq va no‘xat ekasan¸ bog‘larning orasida kartoshka¸ pomidor va sabzi ekasan¸ falon tonna qo‘shimcha sabzavot berasan deb¸ bo‘ynimizga qo‘yishayapti. Bunaqasi oldin bo‘lmagan. O‘zi nalog stavkalarini qariyb besh baravarga ko‘tarishdi¸ qarzga botib o‘tiribmiz. Ularga tushuntirganingiz bilan eshitmaydi. Darrov davlat siyosati shunaqa¸ qarshimisan¸ deb tahdidga o‘tadi¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan bog‘bon fermerlardan biri.

Umrini yerda¸ xususan¸ bog‘bonchilik bilan o‘tkazgan suhbatdoshga ko‘ra¸ mevazor bog‘lar orasiga sabzavot ekish¸ undan hosil olib¸ davlat nomidan qo‘yilayotgan planni bajarish imkonsiz ish:

- Bunaqa bo‘lmagan gap faqat Toshkentda kabinetda o‘tirib¸ umrida dehqonchilik qilmagan odamlarning kallasiga kelishi mumkin. Kartoshka bo‘ladimi¸ yoki pomidor¸ unga suv kerak. Tez-tez sug‘ormasa¸ hosil bo‘lmaydi. O‘zbekistonda¸ ayniqsa¸ vohada suv masalasi borgan sari og‘irlashmoqda. Suvni qaerdan olamiz? Keyin¸ bog‘lar orasidagi yerning nari borsa¸ 20-30 foizlik qismiga quyosh tushadi. Soyada urug‘ unib chiqishi mumkin¸ lekin hosil bermaydi. Buni kimga aytamiz¸ hech kim eshitishni xohlamaydi¸ deydi samarqandlik bog‘bon-fermer.

Shu paytga qadar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining ustivor yo‘nalishi paxtachilik¸ so‘ngra g‘allachilik bo‘lib kelgani uchun¸ bog‘bon-fermerlar davlat bosimidan nisbatan chekkaroqda qolayotgan edi. 2016 yildan boshlab hukumat meva-sabzavot eksportini ko‘paytirishga kirishganidan so‘ng¸ bog‘bonlar boshiga ham ayni paxtakor-fermerning kuni tushdi¸ deydi Ozodlik suhbatdoshi:

- Hozir xo‘p deyishdan boshqa choramiz yo‘q. Hosil topshirish vaqti kelganda¸ yo bozordan meva-sabzavot sotib olib¸ davlat planini topshiramiz¸ yo yana pul berib qutulamiz. Bo‘lmasa bizning boshimizga ham Mirziyoevning “oybolta”si tushadi. Hozir ko‘p bog‘bon fermerlar yerini tashlab qutulmoqchi bo‘p turibdi¸ deydi bog‘bon fermer.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bayonotiga ko‘ra¸ Toshkent hukumati 2016 yil oxiriga qadar Rossiyaga meva-sabzavot eksporti hajmini 500 ming tonnaga yetkazmoqchi. Bu esa¸ o‘tgan yilgiga nisbatan 2¸5 baravarga ko‘pdir.

2015 yili O‘zbekiston Rossiyaga qiymati 300 million dollarga teng 200 ming tonna meva-sabzavot yetkazib bergan.

Bundan esa¸ joriy yilda birgina Rossiyaga sotiladigan meva-sabzavotdan tushadigan dollar tushumining qariyb paxtadan tushadigan daromad darajasiga yaqinlashayotgani ko‘riladi.

2015 yilda O‘zbekiston hukumati fermerlar zimmasiga 3 million 400 tonna paxta yetkazish majburiyatini yuklagan edi. Bu paxtaning jahon bozorida sotiladigan qismidan olinadigan daromadning 1 milliard AQSh dollari atrofida ekani aytiladi.

XS
SM
MD
LG