Линклар

O‘zbekistonda prokuratura va MXX binolari tadbirkorlar hisobidan qurildi


Tadbirkor prezidentga yo‘llagan maktubiga ilova qilgan Ohangaron tumani prokuratura binosining rasmi

Tadbirkor prezidentga yo‘llagan maktubiga ilova qilgan Ohangaron tumani prokuratura binosining rasmi

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida prokuratura va milliy xavfsizlik binolarini qurish uchun tadbirkorlardan o‘lpon yig‘ildi. Tuman prokuraturasi binosi qurilishida xarajatlarning bir qismini ko‘targan ohangaronlik tadbirkorlardan biri bu haqda shikoyat qilib, O‘zbekiston prezidentiga yozgan xatining nusxasini Ozodlikka taqdim etdi. Tadbirkorning iddao qilishicha, prokuratura binosi qurib bitkazilguniga qadar tuman prokurori o‘ziga qarashli, qo‘shni Yangiyo‘l tumanidagi to‘yxonani ham qurib olgan. Bu iddaolarini o‘rganishga uringan Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, undan avvalroq tuman milliy xavfiszlik xizmati binosi ham mahalliy ishbilarmonlar hisobidan qurilgan.


Shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan ohangaronlik tadbirkorning iddao qilishicha, yaqinda qurib bitkazilgan prokuratura binosi xarajatlarining katta qismi tumandagi xususiy biznes hisobidan qoplangan. Tadbirkorning aytishicha, prokuratura binosining ochilish marosimiga O‘zbekiston Bosh prokurori Ixtiyor Abdullaev kelgan paytda tadbirkorlar uning oldiga kirishga urinishgan, lekin bunga yo‘l qo‘yilmagan.

Shundan keyin tadbirkor prezident Islom Karimov nomiga arznoma bilan murojaat qilishga qaror qilgan.

“Tuman prokurori G‘ayrat Muhamadiev tadbirkorlardan majburan pul yig‘dirdi. Pul to‘lamagan tadbirkorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishdi. To‘laganlarga tegmadi. Men pul to‘laganlardan biriman. Prokuratura binosi smetasida bo‘lmgan oshxonasiga deb, 300 milliondan oshiqroq pul yig‘ildi”, deyiladi prezident nomiga yozilgan shikoyat xatida.

Ohangaronlik tadbirkorning iddaosiga ko‘ra, tuman prokuroriga qarashli bu to‘yxona ham ishbilarmonlar hisobidan qurib bitkazilgan

Ohangaronlik tadbirkorning iddaosiga ko‘ra, tuman prokuroriga qarashli bu to‘yxona ham ishbilarmonlar hisobidan qurib bitkazilgan

Unda yana iddao qilinishicha, yangi bino qurib bitkazilguniga qadar tuman prokurori G‘ayrat Muhamadievga tegishli bo‘lgan, qo‘shni Yangiyo‘l tumanidagi “Sherdor” to‘yxonasi binosi ham ohangaronlik ishbilarmonlarga solingan o‘lpon yordamida ko‘tarilgan.

Ozodlik tadbirkorning bu iddaolariga izoh berishni so‘rab, Ohangaron tumani prokurori G‘ayrat Muhamadievga telefon orqali murojaat qildi. Prokuror izoh berishdan bosh tortdi:

- O‘shalarning o‘zlarini topib, gaplashing. Menga nimaga telefon qilasiz? Menga telefon qilmang! Kelib, o‘zingizni tanishtiring, o‘zingizni ko‘rsating! Sizning kimligingizni qaerdan bilaman? Menga telefon qilmang,- deya go‘shakni qo‘yib qo‘ydi Ohangaron tuman prokurori G‘ayrat Muhamadiev.

Lekin ohangaronlik bir necha xususiy tadbirkor va fermerlar tuman prokuraturasi binosi qurilishi uchun pul o‘tkazib berishganini tasdiqlashdi. Maishiy xizmat sohasida ishlovchi tadbirkorlardan biri o‘tgan yilning yoz oylarida “tuman prokuraturasi talabi bilan 5 million so‘m o‘tkazib bergan edik”, deya bildirdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, mahalliy fermerlardan biri prokuratura binosini qurishda ishtirok etgan ishchilar oziq-ovqati xarajatlarini ko‘targan.

Ozodlik bilan gaplashgan ohangaronlik yana ikki tadbirkor ham tuman prokuraturasi binosi xarajatlarining katta qismi xususiy biznes tomonidan ko‘tarilganini tasdiqladi. Lekin bu ikki tadbirkor prokuratura binosi qurilishiga pul bermagan. Chunki ular bir necha oy avvalroq tuman milliy xavfsizlik xizmati binosini qurishda ko‘maklashishgan.

“Prokuratura binosi uchun pul so‘rab, hokimiyatga chaqirishgan edi. Lekin biz undan avvalroq SNB binosini qurishda yordam bergan edik. Hokimiyatning maxsus hisob raqamiga so‘ralgan pulni o‘tkazib bergan edik. Shunga, “SNBga yordam bergan edik, prokuratura oshiqcha bo‘lyapti”, deb aytdik. Keyin ular biroz insof qilishdi shekilli, “SNBga yordam berganlar mayli bu safar berishmasin. Boshqalar qo‘ldan kelgancha yordam beringlar”, deyishganini eslayman”, deydi tadbirkor.

Yana bir tadbirkor ham MXX binosini qurishda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatgani tufayli, prokuratura o‘lponidan qutulib qolganini tasdiqladi.

O‘zbekistonda davlatga qarashli inshootlar qurilishi xarajatlarini aholi hisobidan qurish odatiy holga aylangan.

Shu yil ferval oyida mamlakat bo‘ylab mahallalarda posbonlarga kulba qurish uchun mahalliy aholidan pul yig‘ilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

Undan avvalroq esa, Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi markaziy stadionni kapital ta’mirdan chiqarish xarajatlari ham byudjet tashkilotlari va mahalla fuqarolik yig‘inlari hisobidan qoplangan edi.

XS
SM
MD
LG