Линклар

Xorazmning Urganch shahrida shanba kuni ilk bor o‘tkazilgan kolbasa saylida aholi ushbu maxsulotni o‘nlab turi mazasini bepul tatib ko‘rdilar. Tadbirga bosh qo‘shgan “Elita Chorvanasl” shirkati rahbarlaridan birining Ozodlikka aytishicha, saylda ikki yuz kilodan ortiq 55 turdagi kolbasa shaharliklarga ikrom etilgan.

Urganch tumanidagi “Elita Chorvanasl” shirkati Xorazmdagi kolbasa yetishtiruvchi eng yirik shirkat hisoblanadi.

– Bularni hammasi o‘zimizni fermada halol so‘yilgan mol, tovuq go‘shtlaridan tayyorlangan kolbasalar. Fermamizda 300 bosh qoramol bor, tovuq fermamiz bor, ellik mingga yaqin tovuq bor. Shular to‘rtta kolbasa seximizda kolbasa qilinadi. Dudlanganlari bor, qaynatilgani bor, “doktorskiy” deydi, sosiskalar bor. Shaharliklar shu kolbasalarni bir mazasini tatib ko‘rsin, deb saylni o‘tkazyapmiz. Mazasini olganidan so‘ng sotib olayotganlar ko‘payadi-da, - deydi ismi sir qolishini istagan“Elita Chorvanasl” shirkati rahbarlaridan biri.

Saylda ikki yuz kilodan ortiq 55 turdagi kolbasa shaharliklarga ikrom etilgan.

Saylda ikki yuz kilodan ortiq 55 turdagi kolbasa shaharliklarga ikrom etilgan.

​Kolbasa saylida “Sag‘bon”, “Sharshara” kabi korxonalar kolbasalari ham aholiga ikrom etildi.

- Ayniqsa bepul qorin to‘ydirish uchun keluvchilarga to‘lib ketdi. Bir to‘g‘ram kesib beradi o‘zi, kolbasani usti alg‘ov-dalg‘ov. U yerda kolbasani tatib ko‘rish uchun olib kelishgan aslida. "Qalin kes" desak jimrilik qilib "yupqa kesadi". Yoqsa orqada polka-polka kolbasalar turibdi, pulini to‘la, olib beraman deydi. Kolbasa sayli bo‘lsa ber xohlagancha, - deydi urganchlik Ilhom.

Xorazmda azaldan qovun sayllari o‘tkazib kelingan. Viloyatda ilk bor o‘tkazilgan kolbasa sayli aholi orasida turlicha qarshilandi.

- Nima keragi bor bu kolbasa saylini. Uni ichiga nima qo‘shilgan, halolmi, harommi, bilib bo‘lmasa, - deydi xivalik Muhayyo.

Xorazmli shifokor O‘g‘iljon Iskandarova odamlarga kolbasa eyishni maslahat qilmaydi.

- Ishlov berilgan go‘sht mahsulotlari sog‘liqqa sararli. Oshqozon kasalliklarini keltirib chiqaradi. Menimcha kolbasa eyish zararli ekani haqida Urganchda tadbir o‘tkazish kerak edi aslida, - deydi O‘g‘iljon opa.

Amerikalik shifokorlar qayta ishlangan go‘sht, sosiska va kolbasa kabi mahsulotlar oshqozon osti bezi saratonini keltirib chiqarishini taxmin qilishadi.

Saratonni tadqiq qilish xalqaro jamg‘armasi esa umuman qayta ishlangan go‘shtni iste’mol qilmaslikni tavsiya qilgan.

XS
SM
MD
LG