Линклар

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida yosh bolali onalarga 50 kilogram metallolom topshirish sharti qo‘yilmoqda. Ozodlikka tushgan shikoyatda aytilishicha, temir-tersak yig‘ib bermaganlar bola pulini olmasligidan ogohlantirilgan. Bola puliga mas’ul mahalla raislaridan biri buni tasdiqladi va mahallasi yiliga 1800 kilogram temirni Bekobod metallurgiya zavodi uchun yig‘ib berishga majburlanayotganini tan oldi.

Rishton tumanida istiqomat qilishini aytgan va ismi-familiyasini oshkor qilmasligimizni so‘ragan yosh bolali ayollardan biri o‘zi istiqomat qiladigan mahalla fuqarolar yig‘ini 50 kilogram temir solig‘i yuklaganidan shikoyat qildi:

"2 yoshga to‘lgan kichik bolamga 14 yoshgacha olinadigan puli uchun hujjat topshirgani borgan edim. 50 kilogram temir olib kelib bering, deyishdi. Bunaqa gapni birinchi marta eshitishim. Mayli, dedim iloj yo‘q. Lekin, uyda temir qolmagan. Katta bolalarim maktabga, kollejga tashib ketib bo‘lgan. Zo‘rg‘a 15 kilo to‘pladim. Lekin, buni yetmaydi, 50 kilo berasizlar, deyishyapti. Endi bola puliniyam ololmaymizmi, temir yig‘ib bermasak?! Shuni bilib beringlar, deb murojaat qilgan edim", dedi muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda 3 bolaning onasi bo‘lgan rishtonlik ayol.

Muxbir bu murojaat ortidan Rishton tumanidagi bir necha mahalla fuqarolar yig‘inlariga bola puliga talabgor yosh bolali onaning yaqinlaridan biri sifatida bog‘landi.

Ma’lum bo‘lishicha, bir necha yildan buyon Rishton tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari zimmasiga yiliga 1 tonna - 1 tonnayu 800 kilogramgacha metallolom solig‘i solinmoqda.

Jumladan, Rishtondagi "Oq er" qishloq fuqarolar yig‘inining nomini oshkor qilmayotganimiz mahallasi raisining aytishicha, shaxsan u 4 yildan buyon temir solig‘ini yig‘ib berishga majburlanmoqda:

"Bizga yuqoridan shunaqa topshiriq bor singlim. Bizni mahalla yiliga 1 ming 800 kilogram temir yig‘ib berishi kerak. Oyiga 150-200 kilogram temirni hokimiyatga topshirishimiz shart", dedi mahalla faoli.

Undan olingan ma’lumotga ko‘ra, metallolom solig‘i tumandagi aksar ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari zimmasiga yuklatilgan. Yig‘ilgan temir-tersak Toshkent viloyatidagi Bekobod mettalurgiya kombinatiga yuborilmoqda.

"Bu kombinat to‘xtab qolmasligi uchun, metallolom ham to‘xtab qolmasligi kerak ekan. Shunga 4 yildan beri yig‘amiz, majbur singlim. To‘g‘ri, mahallalarda qolmayapti temir. Lekin, topshiriq bor-da. Temir o‘rniga pul o‘tmaydi. Albatta, temir bo‘lishi shart", dedi mahalla fuqarolar yig‘inining o‘zini tanishtirmagan raisi.

Uning ayitishicha, u ishlaydigan mahalla balansida 14 yoshgacha bo‘lgan bolasiga davlatdan pul so‘ragan yosh oilalar anchagina. Tartibga binoan oilalardagi 3 farzandgagina 14 yoshgacha belgilangan bola puli berilishi mumkin. 14 yoshgacha bo‘lgan bitta bola uchun oyiga 52 ming so‘m, ikkita bola uchun 82 ming so‘m, uchta bola uchun esa 116 ming so‘m pul beriladi.

"Endi hozir shu bola puliga kelganlarni ishga solmasak, boshqa ilojimiz yo‘q, to‘g‘ri tushuning. Bola pulini yozib beraveramiz, qaror chiqqandan keyin uni to‘xtatishga haqqimiz yo‘q. Lekin, qattiq iltimos qilayapmiz-da, shu temirni ham yig‘ib beringlar, deb. Bu temir menga kerakmas, tepadan buyruq bu, to‘g‘ri tushuninglar", dedi Rishtondagi nomini oshkor qilmayotganimiz mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining raisi.

Rishtondan kelgan bu shikoyat bola puliga talabgor ayollarga ham temir solig‘i solinganiga oid ilk murojaatdir.

O‘zbekistonda metallolom yig‘ish mas’uliyati, asosan, maktab-kollej o‘qituvchiyu o‘quvchilari, tibbiyot muassasalarining shifokoru hamshiralari zimmasiga yuklangani haqida Ozodlikka ko‘plab shikoyat tushgan.

Jumladan, o‘tgan yilning mart oyida Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi 40-o‘rta maktabning 4-sinf o‘quvchilari metallolom olib kelmagani uchun sinfxonaga qamab qo‘yilgani kuzatilgan edi.

Odatan, o‘quvchilardan metallolom yoki makulatura o‘rniga pul talab qili hollari ham kuzatiladi.

Xususan, konimexlik shifokorlar metallolom o‘rniga 25 ming so‘mdan, samarqandlik kollej o‘quvchilari 2000 so‘mdan, Jizzax Pedagogika instituti talabalari 20 ming so‘mdan, Toshkent Musiqa litseyi o‘qituvchilari 47 ming so‘mdan pul topshirishga majbur bo‘lganliklari haqida Ozodlikka arz qilganlar.

Hatto, o‘tgan yili Jizzaxda bog‘chalarga qatnaydigan bolalarning ota-onalariga ham metallolom solig‘i solingani kuzatilgan.

Mahalliy rasmiylar Ozodlik bilan suhbatda metallolom solig‘i O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi maxsus qarori asosida joriy etilgani va tuman, viloyat hokimiyatlari tomonidan nazorat qilinishini ko‘p bor tan olgan. Ammo, bu qaror matni matbuotga oshkor qilinmagan.

XS
SM
MD
LG