Линклар

logo-print

AQSh prezidenti Barak Obama Londonga qilgan tashrifi yakunida g‘arb mamlakatlarini “Islomiy davlat” jangari guruhiga tazyiq o‘tkazishda davom etishga chaqirdi. 24 aprel kuni prezident “Islomiy davlat” egallab olgan hududni asta-sekinlik bilan kichraytirib, jangarilarni Iroqning Mosul shahridan hamda Suriyaning Raqqa shahridan siqib chiqarish mumkinligiga ishonishini aytdi.

AQSh Iroq va Suriyada “Islomiy davlat”ga qarshi havo hujumlarini amalga oshirayotgan xalqaro koalitsiyaga etakchilik qilib keladi.

Obama AQSh, Buyuk Britaniya yoki istalgan g‘arb mamlakati o‘z quruqlik kuchlarini Bashar al-Assad rejimini ag‘darish uchun Suriyaga yuborsa, xato qilishini aytdi.

Prezident buning o‘rniga g‘arb mamlakatlari Suriyada siyosiy o‘zgarishlarga erishish uchun boshqa o‘yinchilarga, jumladan, Eron va Rossiyaga bosim o‘tkazishi kerakligini ta’kidladi.

Obama Britaniyada Yevropa Ittifoqida qolish yoki qolmaslik masalasini hal qilish uchun iyun oyiga belgilangan referendum haqida ham so‘zladi.

Bi-Bi-Si bilan suhbatda Obama Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqib ketsa, London ittifoq Vashington bilan imzolashni rejalashtirayotgan savdo kelishuvidan quruq qolishini aytdi.

“Buyuk Britaniya AQSh bilan biror masala bo‘yicha Yevropa Ittifoqidan tezroq kelishuvga erisha olmaydi”, dedi prezident.

Obama yana agar Britaniya ittifoqni tark etadigan bo‘lsa, mamlakatning “Yevropadagi ta’siri, buning ortidan butun dunyodagi ta’siri ozayishini” aytdi.

Kunning ikkinchi yarmida AQSh prezidenti Germaniyaning Gannover shahrida mamlakat kansleri Angela Merkel bilan uchrashadi.

25 aprel kuni Obama Merkelь bilan biznes ko‘rgazmada ishtirok etishi rejalashtirilgan. Buning ortidan ikki lider Frantsiya, Italiya hamda Britaniya yetakchilari bilan sammitda qatnashadi.

Sammit davomida terrorizmga qarshi kurashga alohida e’tibor berilishi aytilmoqda.

Bundan tashqari, davlat etakchilari Islomiy davlatga qarshi kurash, Yevropadagi muhojir bo‘hroni hamda Liviya masalalarini ko‘rib chiqishadi.

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG