Линклар

Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif o‘z oila a’zolari ofshorlarga noqonuniy sarmoyalarni yotqizishda ishtirok etgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirish uchun mustaqil tergov guruhi tashkil etishga rozi bo‘ldi. 22 aprel kuni bosh vazir komissiya xulosalarini tan olishini, hatto lozim bo‘lsa iste’foga chiqishini bildirdi.

Sharif oilasining ofshor hisoblari Panamadagi Mossack Fonseca & Co. advokatlik shirkatining maxfiy hujjatlari sizdirilganidan keyin ma’lim bo‘ldi.

Hujjatlar jahon davlatlari rahbarlari va boylarning katta qiymatga ega mablag‘larni qanday qilib soliq va jamoatchilikdan berkitganini fosh qildi.

Hujjatlarda Sharifning qizi Maryam, o‘g‘illari Hasan hamda Husayn ofshor hisoblari egasi o‘laroq ko‘rsatilgan.

Sharif avvalroq nafaqaga chiqqan sudyani tergov komissiyasi etib tayinlashini e’lon qilgan edi.

Ammo vazirning bu qarorini muxolifatchi siyosatchilar, jumladan, Imron Xon tanqid qilib, komissiya Oliy sud tomonidan tuzilishini talab qilishdi.

Sharif 30 yillik siyosiy faoliyati davomida hech qanday ayb ish qilmaganini aytmoqda. Vazir uch marta saylangani aholining o‘zining “toza va ochiq” siyosatiga bo‘lgan ishonchini ko‘rsatishini aytdi.

Sharif avval o‘tkazilgan korruptsiya taftishlarida ham aybsiz deb topilganini aytib, o‘ziga qo‘yilayotgan korruptsiya ayblovlarini rad etdi.

Sharif o‘z tanqidchilari haqida “ular xalqqa xizmat qilish o‘rniga asossiz ayblovlarga javob berishimni xohlaydilar”, dedi.

“Agar men va mening oila a’zolarimga qo‘yilayotgan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topsa, kechiktirmasdan iste’foga chiqaman”, deya so‘zini davom ettirdi bosh vazir.

22 aprel kuni Panama rasmiylari Mossack Fonseca & Co. shirkatiga tegishli binoni tintuv qilib, maydalangan hujjatlar shaklidagi dalillarni qo‘lga kiritgani haqida xabar qilindi.

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG