Линклар

logo-print

Qashqadaryoning Yakkabog‘ va Chiroqchi tumanlarida Rossiyada ishlab qaytgan dindorlar IIB va MXX bo‘limlariga olib borilib, so‘roq qilinayotgani, ayrimlari 15 sutkaga hibs olinayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Ozodlik manbalari xorijdan borayotgan dindorlar qaydga olinayotgani va ayrim aholi punktlarida reydlar o‘tkazilayotganini tasdiqladilar.

Ozodlikka Rossiyadan yozayotgan yakkabog‘liklarga ko‘ra, bu mamlakatda iqtisodiy vaziyat og‘irlashgani bois, mehnat muhojiriligini tashlab Qashqadaryoga qaytgan hamyurtlari mahalliy kuch ishlatar tuzilmalari va hokimiyatlar chig‘irig‘idan o‘tkazilmoqda.

Ismini oshkor qilmayotgan yakkabog‘liklardan biri o‘zining yaqin qarindoshlaridan biri shu kunda hibsda saqlanayotgani haqida xabar yo‘lladi:

"Ushlab ketilganlar orasida o‘zimning qarindoshim ham bor. Ularni diniy e’tiqodi uchun ushlashgan, har xil oqimlarga a’zo, deb. Lekin, mening qarindoshim unaqa yigit emas. Bu oddiy musulmonlarga nisbatan adolatsizlik, deb hisoblayman. Ularning ahvoli qandayligidan oilasi bexabar, xabar berishmayapti", deb yozdi yakkabog‘lik yigit.

Bu Qashqadaryoda dindorlarning hibsga olinayotgani, ular mahalliy kuch ishlatar tuzilmalari maxsus guruhlari tomonidan suhbatdan o‘tkazilayotganiga oid xabarlardan biridir.

Mahalliy rasmiylardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning yanvaridan buyon xorijdan qaytgan dindorlar bilan ishlash uchun mahalla posbonlari, faollari, hokimiyat vakillari va kuch ishlatar tuzilmalari vakillaridan iborat guruhlar safarbar qilingan.

Jumladan, Yakkabog‘ tumanidagi "Xiyobon" qishloq fuqarolar yig‘inining ismini oshkor qilmayotganimiz vakili yanvar oyidan buyon bo‘layotgan tekshiruvlar davomida bir necha dindor ushlangani, bulardan bir nafarini hibsda saqlashga qaror qilinganini aytdi:

"Qaytganlarning o‘zi bilan gaplashayapmiz, atroflicha o‘rganib chiqayapmiz. Mahalla oqsoqollari bilan ishlayapmiz. Keyin jamoatchilik bor. 18 yanvarda ushlangan bittasining ustidan ish qo‘zg‘atilgan hozirgacha. Boshqalari bilan tushuntirish ishlari olib borilgan", dedi "Xiyobon" qishloq fuqarolar yig‘inining ismini oshkor qilmayotganimiz vakili.

Yakkabog‘ tumani kuch ishlatar tuzilmalaridagi Ozodlik manbasi ham yanvar oyidan buyon alohida mahalla va aholi punktlarida aniqlangan manzillar bo‘yicha reydlar o‘tkazilayotganini tasdiqladi.

Muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda manba, jumladan, aprel oyi boshida tumanning "Qo‘shtegirmon" qishloq fuqarolar yig‘inida yana bir yosh dindor hibsga olinganini aytdi:

"Shukurov Akbarshoh degan, 1994 yilda tug‘ilgan yigit hibsga olingan. U avval Rossiyada bo‘lib qaytgan. Keyin o‘tgan yili mart oyining 28 chislosida yana Rossiyaga borgan, lekin ichkariga qo‘yilmasdan 29 mart kuni qaytarilgan. Shu yigit ushlandi", dedi manba.

Yakkabog‘ va Chiroqchi tumani IIB, shuningdek, Qashqadaryo viloyati IIBdan bu haqda biror rasmiy ma’lumot olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Keyingi paytlarda O‘zbekiston bo‘ylab IIV va MXX tomonidan Rossiyadan qaytgan shaxslar va ularning yaqinlari ustidan tekshiruv, tushuntirish ishlari olib borilayotgan kuzatilmoqda. Suhbatlarda ularning diniy qarashlari, xususan, O‘zbekiston hududida taqiqlangan diniy ekstremistik oqimlarga munosabati o‘rganilayotgani aytilmoqda.

O‘tgan yilning oktyabr-noyabr oylari va joriy yilning yanvar oylarida Toshkent shahri va viloyati, Farg‘ona viloyatida xorijdan qaytgan yuzlab muhojir hibsga olingani haqida ma’lumotlar bor.

Bundan tashqari, o‘tgan yilning yozidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab IShIDga qarshi targ‘ibot tadbirlari boshlangan. MXX yig‘inlaridan tashqari mahalla faollari uyma-uy yurib, IShID zo‘ravonliklari, vahshiy qotilliklari va unga qo‘shilish oqibatlari haqida tushuntirish ishlari olib bormoqda.

Ayni paytda Suriyaga ketgani aniqlangan yoki huquq-tartibot idoralari tomonidan da’vo qilingan shaxslarning yaqinlarini hibsga olish hollari Toshkent shahri va viloyati, Farg‘ona viloyatida kuzatilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG