Линклар

Qarorgohi Nyu-Yorkda bo‘lgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi qirg‘iz rasmiylarini BMT inson huquqlari qo‘mitasi tavsiyasiga to‘la amal qilgan holda, jurnalist va huquq faoli Azimjon Asqarovni zudlik bilan qamoqdan ozod qilishga chaqirdi.

25 aprel kuni Qirg‘iziston Oliy sudi o‘z veb-sayti orqali Azimjon Asqarovga chiqarilgan hukmni qayta ko‘rib chiqishga tayyorligi haqida bayonot tarqatgan.

BMT inson huquqlari qo‘mitasi ekspertlari 21 aprel kuni Bishkekni Asqarovga nisbatan chiqarilgan hukmni bekor qilish va uni zudlik bilan ozod qilishga hamda unga tovon puli to‘lashga chaqirgandi.

Qirg‘iziston Oliy sudining kechagi bayonotida Asqarov ishi yangitdan qachon ko‘rib chiqilishi haqida hech narsa deyilmagan. Aynan shu sud 2011 yil dekabrida jalolobodlik jurnalist va huquq faoli ishi bo‘yicha quyi instantsiya sudi chiqargan qarorni o‘z kuchida qoldirgan.

Qirg‘izistonlik etnik o‘zbek faol Azimjon Asqarov 2010 yili O‘sh va Jaloloboddagi qonli voqealar chog‘ida milliy nizo qo‘zg‘aganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi vakillari fikricha, qirg‘iz rasmiylarining BMT qo‘mitasi tavsiyasidan bo‘yin toblashga haqlari yo‘q, ular Asqarovni hech bir vaj-karsonsiz va kechiktirmay ozod qilishlari lozim.

XS
SM
MD
LG