Линклар

logo-print

Samarqand viloyati Jomboy tumani hokimining buyrug‘i bilan qishloq hududlarida yashaydigan aholining chorvasi qamal qilindi. Militsiya xodimlari va hokimlik vakillaridan tashkil qilingan maxsus guruh qishloqma-qishloq yurib, aholini molu-qo‘ylarini uyidan tashqariga chiqarmaslik, aks holda chorva egasi jazolanishi haqida ogohlantirmoqda. Hokimlik rasmiylari bu tadbir qishloq xo‘jaligi ekinlarining payhon qilinishiga qarshi tashkil etilganini aytmoqda.

Jomboy tumani qishloqlarida yashaydigan aholining chorvasi bir haftadan buyon uyidan tashqariga chiqarilmayapti.

Militsiya va hokimlik vakillari har kuni qishloq ko‘chalari va ekinzorlarini aylanib, egasiz yurgan mol qidirmoqda.

Bu haqda Ozodlikka maktub yozgan jomboylik o‘qituvchi Abduhakimning aytishicha, chorvasini doim dalada boqib yurgan aholi juda qiyin ahvolga tushib qolgan:

“Ozodlik, iltimos bizlarga yordam bering. Men Jomboyning qishlog‘ida turaman. Albatta, har bir oilada bir-ikkita qoramol, qo‘y-echki bor. Bir haftadan buyon, chorvamiz uydan chiqarilmayapti. Har kuni qishlog‘imizda militsiya va hokimlikdan odamlar aylanib, kim sigirini ko‘chaga boqqani olib chiqsa uni olib qo‘yish bilan tahdid qilmoqda. Hatto bir safar qo‘shni qishloqdagi bir ayolning sigirini so‘yib, olib ham ketishdi. Aytingchi, tirikchiligi shu sigiru qo‘ylar bilan o‘tayotgan qishloq ahli bunday vaziyatda nima qilsin?, deb yozadi jomboylik o‘qituvchilardan biri.

Jomboy tumani hokimi Husan Bo‘rievning buyrug‘i bilan tashkil qilingan ishchi guruh a’zolari barcha qishloqlarda faoliyat olib bormoqda.

Jomboy tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan vakili Ozodlik bilan suhbatda haqiqatan ham qishloqlarda shunday tadbir o‘tkazilayotganini tasdiqladi va bu tadbir qishloq xo‘jaligi ekinlarining aholi chorvasi tomonidan payhon qilinishiga qarshi tashkil etilganini aytdi:

- Biz mollarni olib qo‘yganimiz yo‘g‘u, lekin ularni ko‘chaga chiqartirmayapmiz. G‘alla va boshqa ekinlarni mollar yeb qo‘ymasligi uchun shunday buyruq chiqarilgan. Shuning uchun militsiya xodimlari bilan birga yurib, aholini ogohlantiryapmiz. Odamlar mollarini uyida boqsin, o‘t o‘rib olib kelib bersin, o‘zini tomorqasida boqsin, deyapmiz, dedi hokimlik mulozimi.

Mulozim, aholining mollari olib qo‘yilib, so‘yib yuborilayotganini inkor qildi.

Jomboylik pensioner Xoliqnazar G‘aniev bunday tadbirlar xalqning bugungi ijtimoiy ahvolini hisobga olmay amalga oshirilayotganini aytadi:

- Albatta, bu aholini qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Chunki haqiqiy ahvol shundayki, bugungi kunda aholining yarmidan ko‘pi ana shu chorvasi ortidan tirikchilik qiladi. Hatto biz turgan Jomboy markazida odamlar mol-qo‘ylarini ko‘chalarda boqib yurishadi. O‘zbeklar uchun mol-hol masalasi juda muhim. Shunday bir sharoitda, aholining qo‘yu molini uyidan chiqarmaslik haqida qaror berish xalqqa jabr qilishdir, dedi Xoliqnazar G‘aniev.

XS
SM
MD
LG