Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:59

Sherali Jo‘raev: 50 yil oldin Toshkent zilzilasiga atab qo‘shiq aytgandim


Toshkentda 1966 yilda ro‘y bergan zilzila shahar markazining kattagina qismini vayron qilgan edi.
Toshkentda 1966 yilda ro‘y bergan zilzila shahar markazining kattagina qismini vayron qilgan edi.

Bugun O‘zbekiston poytaxtining katta qismini vayronaga aylantirgan zilzila ro‘y berganiga 50 yil to‘ldi. 1966 yil 26 aprel kuni erta tongda ro‘y bergan tabiiy ofat Toshkent aholisining uchdan bir qismini uysiz qoldirdi. Butun sobiq ittifoqni larzaga solgan zilzila ortidan ittifoqdosh respublikalar ko‘rsatgan yordam tufayli Toshkent 1968 yilga kelib to‘la tiklanadi.

Bundan 50 yil oldin - 1966 yil 26 aprel kuni Toshkentda tonggi soat 5dan 22 daqiqa 53 soniya o‘tganda Rixter o‘lchovi bo‘yicha 8 ballik, magnitudasi 5,3 ga teng zilzila ro‘y bergan edi.

Zilzila tonggi soat 5:22da ro‘y bergan edi.

1966 yilda Toshkent seysmik markazida rahbar bo‘lib ishlagan Valentin Ulomovga ko‘ra, zilzilaning vayron etish kuchi o‘ta qudratli bo‘lgan.

- Shaharni to‘la vayron etilishdan faqat zilzila o‘chog‘i 8 kilometr yer ostida bo‘lgani saqlab qolgan. Shunga qaramay, o‘sha paytdagi O‘zbekiston SSR poytaxti markazining 10 kvadrat kilometri vayron bo‘lgan, deydi Valentin Ulomov.

Zilzilani boshdan kechirgan toshkentlik Qahramon aka o‘sha kuni qattiq tasir-tusurdan uyg‘onib ketganligini aytadi.

- 1966 yili men 25-26 yoshlarda edim. Uyda uxlab yotilgan vaqt edi. Birdan nihoyatda qattiq yer silkinishi yuz berib uyning hammasi changga to‘lib ketdi. Umuman aytganda dahshatli, qo‘rqinchli voqea edi. Chunki lampochka, lyustralar osilgan joyga gipsdan lepka qilinardi. Burchak joylariga ham alebastrlardan lepka qilingan bo‘lardi. Birinchi navbatda ana o‘sha lepkalar uchib keta boshladi. Albatta ular odamlarning ustlariga, boshlariga tushgan. Tomlar oldin nima bilan yopilgan, qora tom deydimi. To‘sinlarning ustidan mayda yog‘ochlar, ko‘pincha shox-shabba tashlangan bo‘ladi. Uning ustiga lo‘mboz urilgan bo‘ladi. O‘sha yer qimirlashda shox-shabbalarning hammasi sina boshladi. Uyda shkaflarda turgan chinni nimalar, shishalar hammasi chil-chil singan. Ba’zir bir yengilroq devorlar surilib ketgan, deydi Qahramon aka.

O‘sha davr rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 2 million kvadrat metr uy-joy, 236 ma’muriy bino, 700ga yaqin savdo va jamoat ovqatlanish shahobchalari, 26 kommunal xo‘jalik, 181 ta’lim muassasasi, 36 madaniyat tashkiloti, 185 tibbiy va 245 sanoat binolari vayron bo‘lgan. 78 ming oila yoki o‘sha paytda Toshkentda yashayotgan bir yarim million aholidan 300 mingdan ortiqrog‘i uysiz qoldi.

Тошкент зилзиласига 50 йил тўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:20:24 0:00
Бевосита линк

O‘zbekiston seysmologiya instituti rahbari, zilzilashunos olim, akademik Qahhorboy Abdullabekovning eslashicha, 1966dan keyin 3 yil yil mobaynida zilzila 1100 marta takrorlangan.

- 1966 yilda o‘sha vaqtdagi soat bo‘yicha 5.23. Hozir bir soat surilganku. Qop-qorong‘i bo‘lgan. Grinvich bo‘yicha 25 aprel 23.23 bo‘ladi. Magnitudasi, hozir Rixterda aytilayaptiyu 5,3 bo‘lgan. 12 balli shkala bo‘yicha 8-8,5 ball kuch bilan sezilgan. Chuqurligi 8 kilometr. Magnitudasi past bo‘lgani bilan chuqurligi chuqur bo‘lgani uchun kuchli sezilgan. Bor-yo‘g‘i to‘rtta odam vafot qilgan deyishadi. Nimagaki zilzilaning o‘chog‘i Toshkentning tagida bo‘lgan. Silkinishi vertikal bo‘lgan. Ko‘tarib-ko‘tarib tashlaganda. Yonboshdan urmagan. Shuning uchun imoratlar qulab tushmagan. Imoratlar talofat ko‘rgan, boshqa qilgan. Uylarning devorlari qulagan, derazalar tushib ketgan. Ancha-muncha zarar ko‘rgan. Imoratlar bosib qolmagan. Shuning uchun qurbonlar soni kam. Lekin birinchi kuchli zilziladan keyin 3 yil davomida aftershock deymiz, 3 yil davomida 1000dan ortiq qo‘shimcha silkinishlar bo‘lgan.

Ozodlik: Ashxobodda bo‘lgan zilziladan keyin Ashxobodga yordam bo‘lmagan va sir tutilgan ekan. Toshkent zilzilasiga e’tibor katta bo‘lgan. Brejnev kelgan, Kosigin kelgan. Qurilishlar yaxshi bo‘lgan Toshkentda deyishadi.

- Men bu fikrga qo‘shilmayman. Hammaning o‘zining har xil fikri bor, deydi Qahhorbek Abdullabekov.

SSSR hukumati va ittifoqdosh davlatlar madadi bilan Toshkent 1968 yilga kelib to‘la tiklandi. Toshkent tubdan yangidan qurilgan megapolisga aylanib, aholisi soni 1,5 barobarga ko‘paydi.

Akademik Qahhorbek Abdullabekov shu paytgacha masalaning matbuot tilga olmay kelgan jihatiga to‘xtaldi.

- To‘g‘ri, Toshkentda juda ko‘p imoratlar qurildi. Lekin butun sobiq SSSRdan har xil odamlar keldida. Shularning 70-80 foizi Toshkentda qolib ketdi. Yerli xalqqa juda kam imorat qurib berildi. Toshkentdagi sharoitlar, boshqalar har xil o‘zgardi. Bir tomondan yaxshi imoratlar qurildi, boshqa bo‘ldi, ko‘chalar ochildi. Lekin ma’naviy tomondan ancha yomon bo‘ldi.

Ozodlik: Qahhor aka, mana bu yerda ma’lumotlar bor. 1968 yilga kelib Toshkent aholisi ko‘paygan ekan.

- Salomat bo‘ling. Nimaning hisobiga ko‘paydi?

Ozodlik: O‘zbeklar serfarzand bo‘lib ketdimi yoki kelganlar qolib ketdimi?

- Kechirasizu, axloqi uncha yaxshi bo‘lmagan, beish, sto vosmoy derdikku, shunaqa odamlarni yig‘ib olib kelishgan butun SSSRdan. Shular hammasi qolib ketdi Toshkentda. Keyin Toshkentda ancha-muncha ma’naviyat buzildi. Eski Toshkent boshqacha edi. Keyingisi boshqacharoq bo‘ldi. Odam ko‘paydi, ammo asosan chetdan kelib qolib ketganlarning hisobiga. Yerli xalqning juda ko‘pi shahardan tashqariga chiqib ketishdi. Yaxshi tomoni ham bor, yomon tomoni ham bor.

Ozodlik: Toshkentning o‘sha paytdagi etnik sostavi 51 foizdan ko‘proq rusiyzabon bo‘lib qolgan. O‘zbeklar 49 foiz bo‘lib qolibdida.

- To‘g‘ri. Oldingi fikrimning davomi. Butun SSSRdan yig‘ib olib kelingan odamlarning 80 foizi shu yerda qolib ketdida. Qurgan imoratlariga o‘zlari ko‘chib chiqishdi, deydi Qahhorbek Abdullabekov.

Akademikning bu fikrlariga toshkentlik Qahramon aka ham qo‘shiladi.

- Qurilayotgan rayonlar asosan Moskvaning puli, markaziy byudjet hisobiga qurilgan. Boshqa respublikalardan quruvchilar kelgan. Moskvaliklar quradigan, leningradliklar quradigan, gruzinlar quradigan, armanlar quradigan alohida mikorayonlar bo‘lgan. O‘sha vaqtda davlat siyosati shunday ediki, sovet xalqi aralash xalq bo‘lishi kerak. Ko‘proq milliy respublikada ruslar bo‘lishi kerak. Uy qurayotganlarning o‘zlariga uy berilgan. O‘zbeklar Beshqayrag‘och, Oktyabr massivi tomonga haydalgan, deydi Qahramon aka.

26 aprel kuni Toshkent radiosi ham zarar ko‘rdi, ammo radio o‘z eshittirishlarini ko‘chma stansiyalardan turib olib bordi. “Toshkentdan gapiramiz. Zilzila bo‘yicha so‘nggi axborotni eshittiramiz” deyilgan zahoti shaharliklar radioprimniklar yoniga to‘planishgani eslanadi. O‘sha paytdagi rasmiy ma’lumotga ko‘ra 26 apreldagi Toshkent zilzilasidan so‘ng shaharda 1000dan ortiq chodir tikilgan. 600dan ortiq vaqtli savdo shahobchalari va kafelar ishga tushirildi. 15 mingdan ortiq oila o‘z ixtiyori bilan boshqa shaharlarga va boshqa respublikalarga ko‘chirildi. Toshkentlik bolalar SSSRning 94 viloyatidagi pioner lagerlarida dam oldilar. 1966 yil qishiga - 300 mingdan ortiqroq odam uyli bo‘ldi. Uch yarim yil mobaynida zilzila oqibatlari bartaraf etildi.

Toshkentda 1 mln. 200 ming kv. metr uy-joy qurildi. Uning 1 mln. 100 ming kv. metri ittifoqdosh respublika quruvchilari va harbiylar tomonidan qurildi. Jumladan, Rossiya Toshkentga 334, 8 ming kv. m., Moskva 230 ming, Leningrad 100 ming, Ukraina 53 ming kv. metr uy-joy sovg‘a qildi.

Toshkentga o‘sha paytda Yugoslaviya tarkibiga kirgan Makedoniya Respublikasi ham ko‘mak ko‘rsatdi.

Zilzila bo‘lgan kunlari Toshkentga uchib kelgan SSSR rahbarlari Leonid Brejnev, Kosiginlar o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov bilan birga zilzila oqibatlarini tugatish tadbirlari umumxalq ishiga aylanishini ta’minlashdi.

Toshkentda metro qurilishi masalasi ham o‘shanda hal qilindi.

Zilzilaga ko‘chgan she’rlar parchasi

O‘sha davrning eng urf bo‘lgan shoirlaridan Andrey Voznesenskiyning Toshkentga yordam qil degan she’riy xitobi millionlar yuragida sado berdi.

Pomogite Tashkentu!

Yesli les - pomogi,
yesli xleb - pomogi,
yesli yest - pomogi,
yesli net - pomogi!

Ayni paytda Shoir Erkin Vohidov o‘zining palatkada yozilgan dostonini e’lon qildi.

Yo‘q, bu doston emas,
Bular barchasi —
Zilzilada ko‘chgan
She’rlar parchasi.
26 aprel
Tong sahar
Qattiq silkinishdan
Uyg‘ondi shahar.
Kvartallar go‘yo
Katta eshelon —
Siltanib ko‘zg‘aldi,
Yura boshladi,
Allanechuk bo‘lib
Yorishdi osmon,
Qaydadir gumburlab
Devor tashladi.
Bola qichqirig‘i,
Ayolning dodi,
Itlar vovillashi
Qo‘shildi bir on.
Birdan ko‘tarilib
Muallaq qoldi
Qashqar mahallaning
Ustida to‘zon.
Bir zum o‘tmay, barcha
Tovushni bosib,
Sirena ovozi
Taralib ketdi.
Projektor kabi
Shaharni kesib,
«Tez yordam» har yonga
Tarkalib ketdi.

...Bir ayol chaqaloq bolasini beshigi bilan ko‘tarib o‘zini eshikka otdi. Qo‘rquv, sarosimada toshoynaga urilib behush yiqildi...

...Student bola ikkinchi qavatdagi yotoqxona derazasidan o‘zini pastga tashladi. Yotoqxona hovlisiga taxlab qo‘yilgan matraslar ustiga tushib omon qoldi. Chap kuragi chiqib, tirsagi bir oz lat edi...

So‘ngra jimlik cho‘kdi,
Tong otdi asta.
Quyosh yupatganday
Qaradi pastga.
Odamlar egnidan
Changlarni qokib,
Ishga shoshiladi
Soatga boqib.
Yana davom etar
Odatiy hayot.
Odamlar,
Odamlar —
Mujassam sabot!

1966 yil 19 yoshda bo‘lgan talaba yigit Sherali Jo‘raev shaharni tiklayotganlarga qarata “Hormangiz” degan qo‘shiqni televidenie orqali aytib chiqdi. Bu yosh hofizning oynai jahondagi ilk chiqishi edi. Bu voqeani eslar ekan Sherali Jo‘raev miyig‘ida kulib qo‘ydi.

- O‘zim yozgan edim uni. Birinchi televizorga chiqishim edi o‘zi o‘shanda.

Poytaxtim ko‘ksiga tushgan yaraning malhami,
Studentlar, ishchilar, mard qahramonlar hormangiz.

Bitta so‘zi shu. Shu esimda qolgan. Chunki men o‘zim o‘sha kuni zilzilada Xadrada Hamza teatrining ro‘parasida pastda chuqurlikda ikki xonali hujrada yotgan edim. O‘shanda shunaqa zilzila bo‘lgan. Sahar bo‘lgan 6larda. Men o‘yladim endi urush boshlandi deb o‘ylabman. Tanklar o‘tayotganga o‘xshadida. Yo‘lning bo‘yida edida. Men o‘zim Toshkentda o‘sha zilzila paytida qornim och yotgan edim. Unda pulim yo‘q edi. 66 yilda qimirlaganku. Xullas shu bilan boshlangan ishimiz. Keyin televizorga olib borishgan bizni. O‘shanda birinchi ashulamiz

Poytaxtim ko‘ksiga tushgan yaraning malhami,
Studentlar, ishchilar, mard qahramonlar hormangiz,- deb men ashula aytganman. Shu esimda haqiqatan.

Ozodlik: Shu ashulani qanday yozgansiz? Yiqilgan uylarni ko‘ribmi yoki odamlarning bir nimasini ko‘ribmi?

- O‘sha paytda uyni ko‘rib, bari odam ishlaydi, studentlar ham ishlaydi, ishchilar ham, hamma ishlaydi. O‘zimizning teatralniy institutda men kelgandan keyin meni ko‘rib, haligi Labash degan domla bo‘lardi rahmatli, o‘tib ketdi ular, meni ko‘rib “Sen shularga boshliq bo‘lgin” dedi. Hamma odamni men o‘zim ishlatardim studentlarni. Meni Brigad aka deb chaqirishardi ular. Katta ko‘rinardimda. Ozg‘in odam katta ko‘rinadida. Novcha, ozg‘in odam juda katta odamga o‘xshab ko‘rinadi.

Ozodlik: O‘sha misralarni mana aytdingiz. Ohangi ham ëdingizda bormi? Xirgoyi qilib berasizmi. O‘sha yillarni bir eslasak.

- Ohangi ham oddiy ohangda.

Ozodlik: Ruhni ko‘taradigan, ruhga quvvat bag‘ishlaydigan ashula bo‘lgan ekanda.

- Ha, shunaqa bo‘lgan, deya eslaydi Toshkent zilzilasi kuni ilk qo‘shig‘i bilan el dardiga darmon bo‘lgan hofiz Sherali Jo‘raev.

XS
SM
MD
LG