Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:41

Ayiq bilan olishuvda yaralangan tojik cho‘poni omon qoldi


Tojikistonning Darvoz tumanida o‘rmon ayiqlarining hujumi oqibatida so‘nggi bir oy davomida bir kishi og‘ir yaralandi, 35 molu qo‘y nobud bo‘ldi. Tog‘li tumandagi aholi chorvasiga hujum qilayotgan ayiqlarga qarshi kurashish uchun maxsus ovchilar guruhi tuzildi.

Darvoz tumani yaylovlaridan birida ayiq va uning ikki bolasi chorvasini boqayotgan 40 yashar cho‘pon Mahmadnazar Xudoievga hujum qilib, uni yelkasi va qornini yarador qildi.

Mahmadnazar o‘sha kunni eslab, shunday deydi:

“Chorvani yaylovga haydab borganimdan so‘ng, ravoch va boshqa bahoriy giyohlar terish uchun tog‘ning teparog‘iga chiqdim. Balandlikda ikkita katta archa turardi. Men archalarni aylanib o‘tmoqchi bo‘lganimda, meni kuzatib turgan ulkan jussali ayiq hamlaga tayyor turgan ekan. Men uni ko‘rganimda oramizdagi masofa ikki metr qolgan edi”, deydi cho‘pon.

Shundan so‘ng Mahmadnazar qochish harakatiga tushgan:

“Ayiq ortimdan quvib yetib oldi, yelkamga panjalarini sanchdi. Yelkalarim qonab ketdi. Men ham ayiqning tomog‘idan ushlab oldim. Lekin buning foydasi yo‘q edi. U endi changali bilan yuzimga va qornimga urdi. O‘tkir tirnoqlari qornimni yorib yubordi, ichaklarim osilib qolishiga ozgina qoldi. U yana bir zarba bilan meni ikki metr pastga uloqtirdi va men orqam bilan toshlar ustiga yiqildim va dodlay boshladim”, deydi cho‘pon.

Mahmadnazarning aytishicha, uning jon og‘rig‘i va qo‘rquvdan qattiq baqirishlari ayiq va uning bolalarini ortga qaytargan.

Darvoz tumani Nulvand qishloq jamoati raisi Alovuddin Afg‘onov Ozodlik bilan suhbatda cho‘ponga ayiq hujum qilganini tasdiqladi:

“Ayiq ketganidan so‘ng, Mahmadnazar moshina yo‘ligacha sudralib keladi. Yo‘lovchi moshinalardan biri to‘xtab, haydovchi uni kasalxonaga eltadi. U hozir ancha yaxshi bo‘lib qoldi, endi asta-asta yuryapti”, dedi jamoat raisi.

Uning aytishicha, so‘nggi paytda ayiqlarning aholi chorvasiga hujum qilish holatlari juda ko‘paydi. Alovuddin Afg‘onovga ko‘ra, ayiqlar so‘nggi bir oy davomida aholining molxonalariga hujum qilib, 25ta qo‘yu echki va 10ta qoramolni nobud etgan:

“Ayiq qo‘yu mollarning ma’rashini eshitganidan so‘ng, qo‘lini derazadan ichkariga kiritadida devorni chappa qiladi va chorvani o‘ldiradi”, deydi rais.

Ayni paytda qurollangan ovchilar guruhi tashkil qilinib, aholi chorvasini ayiqlardan himoya qilish chora-tadbirlarini ko‘rmoqda.

Tojikistonda ayiqlarning odamlarga hujum qilish holatlari uchrab turadi. Uch yil burun Rasht tumanida ayiq hujumidan tojik o‘smirlaridan biri halok bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG