Линклар

logo-print

CPJ vakili: Qirg‘iziston Asqarovni ozod qilishi yoki Konstitutsiyasini o‘zgartirishi kerak


Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi logosi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi logosi.

Qirg‘iz rasmiylari Azimjon Asqarov ishi bo‘yicha BMT inson huquqlari qo‘mitasi qaroridagi birlamchi urg‘uni ko‘zdan qochirmoqdalar. Bu fikrni Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha katta ilmiy xodimi Muzaffar Sulaymonov bildirdi.

26 aprel kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan Sulaymonovga ko‘ra, BMT qo‘mitasi Bishkekni avvalo Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqishga emas, balki uni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan.

- Biz qirg‘iz rasmiylarini BMT qo‘mitasining mazkur qaroriga tavsiyalarni oralatib yondoshmaslikka chaqirdik. To‘g‘ri, BMT qo‘mitasi Qirg‘iziston bu ishni qayta ko‘rib chiqishi kerakligini qayd etgan. Biroq bu qarorning ikkinchi bandi edi. BMT qo‘mitasi qarorining birinchi bandida Asqarov zudlik bilan ozod qilinishi lozimligi aytilgan, - deydi Muzaffar Sulaymonov.

Olti yildan beri Qirg‘iziston qamoqxonasida o‘tirgan Azimjon Asqarov.

Olti yildan beri Qirg‘iziston qamoqxonasida o‘tirgan Azimjon Asqarov.

Eslatib o‘tamiz, jalolobodlik jurnalist va huquqbon Azimjon Asqarov ishini ko‘rib chiqqan va bu haqda o‘z qarorini bergan BMT inson huquqlari qo‘mitasi ekspertlari 21 aprel kuni Bishkekni qamoqdagi huquq faoliga nisbatan chiqarilgan hukmni bekor qilish, uni zudlik bilan ozod qilish hamda imkon bo‘lsa, unga tovon puli to‘lashga chaqirgandi.

25 aprel kuni Qirg‘iziston Oliy sudi Azimjon Asqarov ishi qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi haqida bayonot tarqatdi. Mazkur bayonotda bu mahkama qachon bo‘lib o‘tishi haqida hech narsa deyilmagan. Aynan shu sud 2011 yil dekabrida jalolobodlik jurnalist va huquq faoli ishi bo‘yicha quyi instantsiya sudi chiqargan qarorni o‘z kuchida qoldirgan.

“Asqarov ishi bo‘yicha mulohaza bildirayotgan ayrim huquqshunoslar BMT qo‘mitasi qarori tavsiyaviy xarakterga ega ekanini, Qirg‘iziston bu qarorni e’tiborsiz qoldirishi ham mumkinligini aytmoqdalar. Bu borada tashkilotingizning qarashi qanday?” deb so‘raymiz Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi vakili Muzaffar Sulaymonovdan. Mazkur savolga suhbatdoshimiz quyidagicha javob berdi.

- Qirg‘izistonda Asosiy qonun bo‘lgan Konstitutsiya bor. U Jinoyat kodeksidan ham, Jinoyat-protsessual kodeksidan ham yuqori turadi. Va bu Asosiy qonunda “Qirg‘iziston mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro instantsiyalar qarorini bajarishni o‘z zimmasiga oladi” deyilgan. Agar bu konstitutsiyada yozib qo‘yilgan bo‘lsa, mamlakat rasmiylari buni bajarishga majburlar. Bu birinchisi. Bu milliy qonunchilik. Ikkinchisi – Qirg‘iziston xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilib, BMT nizomi asosida ishlaydigan xalqaro tashkilotlar qarorlarini bajarish majburiyatini zimmasiga olgan. Endilikda Qirg‘iziston milliy va xalqaro qonunchilikka rioya qilgan holda Asqarovni ozod qilishi yoki bo‘lmasa o‘z konstitutsiyasidagi 41-moddani o‘chirib tashlashi va xalqaro shartnomalarni denonsatsiya qilishi kerak bo‘ladi. Bu yerda boshqa yo‘l ko‘rmayapman, - deydi Muzaffar Sulaymonov.

Qirg‘izistonlik etnik o‘zbek faol Azimjon Asqarov 2010 yili O‘sh va Jaloloboddagi qonli voqealar chog‘ida milliy nizo qo‘zg‘aganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Asqarov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar soxtalashtirilganini aytib, ularni rad qilib keladi. Asqarovning hamkasblari va xalqaro tashkilotlar vakillari ham bu ish uydirilganini, Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari undan kasbiy faoliyati uchun o‘ch olayotganini urg‘ulab keladilar.

Muzaffar Sulaymonov Azimjon Asqarovning aybdorligi dalillanganini aytishdan charchamay kelayotgan qirg‘iz rasmiylari o‘z iddaolarini isbotlash uchun berilgan imkoniyatdan foydalana olmaganlarini urg‘ulaydi.

- Agar [Asqarovning] aybi isbotlangan bo‘lganida, Qirg‘iziston uchun buni BMT inson huquqlari qo‘mitasi oldida ham isbotlash qiyin bo‘lmasdi. Qirg‘iz rasmiylari bu ishni uddalay olmadilar. Ular Asqarovning sudlanishi qonuniy asoslarga egaligini, uning sudlanishida hech qanaqa huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yilmaganini dalillab berolmadilar. Bu jarayon, adashmasam, 2011 yildan beri davom etdi. Qirg‘iziston ixtiyorida besh yil vaqt bor edi, biroq ular Asqarovning aybini isbotlab berisholmadi, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi vakili Muzaffar Sulaymonov.

“BMT qo‘mitasi qarori Qirg‘izistonda sud tizimi, huquq-tartibot tizimi yaxshi ishlamayotganini yana bir bor namoyish qildi” degan Sulaymonov Azimjon Asqarovning ozod qilinishi bu muammolarni bartaraf qilish yo‘lidagi katta qadamlardan biri bo‘lishi mumkin edi, deya qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG