Линклар

logo-print

Viloyat hokimi "it", deb kamsitgan hokim fermerlarni "xoin", deb haqorat qildi


Izsbokandagi "Damas yurishi" tadbiri haqida mahalliy fermerlar Ozodlikka xabar qildi

Izsbokandagi "Damas yurishi" tadbiri haqida mahalliy fermerlar Ozodlikka xabar qildi

Andijon viloyati Izboskan tumani hokimi Ozodlik bilan gaplashgan fermerlarni “xoinlar”, deb haqorat qildi. Hokim Ulug‘bek Abdullaev Izboskan tumanilik fremerlarni “Damaslar yurishi”ga safarbar qilgani to‘g‘risidagi Ozodlik materialidan keyin yig‘ilish o‘tkazib, tahqirli so‘zlar bilan kamsitganini aytishmoqda fermerlar. Ayni paytda Andijon viloyati hokimi selektor majlisida Izboskan rahbarining o‘zini “itsan”, deya haqorat qilgan. Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov shuningdek topshiriqlarni qoniqarli bajarmayotgan tuman hokimlarini vertolyotdan tashlab yuborish bilan tahdid qilgani aytilmoqda.


Izboskan tumani hokimi Ulug‘bek Abdullaev 24 aprel kuni fermerlarni chaqiritirib, Ozodlik muxbiri bilan kim gaplashganini surishtirgan. Bu haqda Ozodlikka bildirgan yig‘in ishtirokchilaridan biriga ko‘ra, hokim tuman qishloq xo‘jaligi sohasi bilan bog‘liq ma’lumotlarni Ozodlikka bergan fermerlarni hokim “xoin”, deya haqorat qilgan.

“Kechagi yig‘ilishda tuman hokimi judayam fermerlarni haqorat qildi. “Xoinlar, Ozodlik radiosiga sotilishyapsan, internetga chiqarishyapsan, ifloslar”, deb haqoratladi”, deydi majlis ishtirokchilaridan biri.

Uning aytishicha, tuman hokimi Ulug‘bek Abdullaevning bunday tarzda asabiylashishiga Andijon viloyatida fermerlar “Damas yurishi” deb atalgan tadbirga jalb etilgani to‘g‘risida Ozodlik chop qilgan maqola bois viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tomonidan kamsitilgani sabab bo‘lgan.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov qo‘l ostidagilarni haqorat qilishi to‘g‘risida avval ham xabar qilingan

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov qo‘l ostidagilarni haqorat qilishi to‘g‘risida avval ham xabar qilingan

“24 aprel kuni viloyat hokimi selektor o‘tkazdi. Unga hemma feremerlar chaqirtirilgan edi. Lekin feremerlar bu majlislardan bezib ketgani uchun kelmay qo‘ygan. Chunki soat 6ga chaqiritirib olib, soat 10da boshlaydi, har xil gaplar bo‘ladi. O‘sha kuni xona yarmiga ham to‘lmadi. Hozir tuman hokimligi majlislar xonasida kamera o‘rnatilgan, onlayn tarzda hokim ko‘rib turadi. Xona to‘lmaganini ko‘rib, viloyat hokimi Ulug‘bek akani rosa haqorat qildi. “It desam, itga o‘xshamaysan, odam desam, odamga o‘xshamaysan”, deb rosa kamsitdi. Keyin “senlarga selektor yo‘q”, deb aloqani uzib qo‘ydi. Keyin tuman hokimi Ulug‘bek aka asabiylashib, bizni haqorat qila boshladi”, deydi majlis ishtirokchilaridan biri.

Ozodlik muxbiri Izboskan tumani hokimi Ulug‘bek Abdullaevning o‘zi bilan telefon orqali bog‘landi. Lekin hokim muxbirning Ozodlik radiosidan ekanini eshitishi bilanoq go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

Andijon viloyati Izboskan tumanida “Damaslar yurishi” nomli tadbir o‘tkazilib, qishloq xo‘jaligiga aloqador 300dan oshiq odam, jumladan fermerlar 70dan ziyod Damas mashinasiga ortilib, qishloqma-qishloq aylantirib yurilgani haqida Ozodlik 21 aprel kuni fermerlarga tayanib, xabar qilgan edi.

24 aprel kungi majlis ishtirokchisining aytishicha, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham Ozodlik maqolasidan xabar topgan va selektor majlisi paytida aloqani uzishdan oldin bu haqda gapirgan.

“Hokim “Damaslar yurishi” to‘xtatiladi, bundan keyin endi o‘zim vertolyotda aylanaman, dedi. Qaysi biring topshiriqni bajarmaganingni ko‘rsam, vertolyotdan tashlab yuboraman, deb do‘q qildi tuman hokimlariga. Kechagi kuni vertolyotda emas, “kukuruznik” samolyotida (An-2 rusumidagi uchoq-tahr.) aylandi. Shunga barcha feremer xo‘jaliklari dalalarga hamma traktorlarni olib chiqib qo‘ydi. Ishlamasayam, dalada tursin uchun”, deydi izboskanlik fermer.

Uning aytishicha, hozirda viloyat bo‘ylab bug‘doyga tushgan zang kasalligini bartaraf qilish va chigit ekish ishlarining vaqtida bajarilishiga doir topshiriq berilgan.

O‘zbekistonda hokimlarning o‘z qo‘l ostidagilari hamda xususiy fermerlarni tahqirlab kamsitishi odatiy holga aylangan.

Xususan, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Qo‘shaqbaevich Abdurahmonov Asakada namunali uylar odamlarga aldov yo‘li bilan sotilayotgani to‘g‘risidagi Ozodlik maqolasi ortidan tuman hokimi Toxirjon Shovvozovni “itning keyingi oyog‘i”, deb haqorat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG