Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:41

Toshkentlikka uylangan viloyatlik 1 yilda ajrashsa, propiskasi bekor qilinadigan bo‘ldi


Toshkent shahrida yoki viloyatida propiskadan o‘tganining birinchi yili davomida ajrashish qayd etilsa, er yoki xotin doimiy propiskadan mahrum bo‘ladi.

Bu o‘zgartish 25 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolangan va 26 aprel kuni kuchga kirgan qonunda ko‘zda tutilgan.

Toshkent shahridagi manzilga vaqtincha propiskaga qo‘yilgan fuqarolar propiska muddatini uzaytirish uchun oylab javob kutayotgan bir paytda viloyatdan uylangan yoki viloyatlik yigitga turmushga chiqqan toshkentliklar gumon va nazorat ostida qoldi.

Toshkent shahar Yashnobod tumani OVIR (Fuqarolar chiqish-kirishini qayd qilish idorasi) dagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ soxta nikohlar bois Toshkentdagi propiskaga qo‘yish tizimi o‘zgartirilgan:

- Yashnobod tumanida soxta nikoh, ya’ni oila qurishni ko‘zlamay faqat propiska uchun pul evaziga tuzilgan nikoh bo‘yicha bir nechta jinoiy ish ochilgan. Biz bunaqa xollar bo‘yicha taxliliy bayon yozib, propiska haqidagi qonunning zaif taraflarini ochib bergan edik. Bilishimcha, Toshkentdagi doimiy propiska bekor qilinishiga ajrashish sabab bo‘lishi haqidagi modda sohta nikohlar ko‘paygan mavjud vaziyatdan kelib chiqib qo‘shilgan¸ deydi manba.

Toshkent shahri va viloyatida propiskadan o‘tish to‘g‘risidagi qonun 2011 yilda qabul qilingan edi.

Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga propiskaga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan fuqarolarning 12 toifasi keltirib o‘tilgan, shu toifalardan biri Toshkent shahrida propiskaga ega shaxs bilan nikohdan o‘tganlar hisoblanadi.

Bu qonun O‘zbekiston konstitutsiyasida kafolatlangan fuqarolarning erkin harakatlanish huquqiga ziddir.

Eshik yopiq bo‘lgani uchun teshikdan kirish amaliyoti

25 aprelgacha bo‘lgan holatda er yoki xotin doimiy propiska qilingan uy-joyda kamida bir yil birgalikda yashayotgan bo‘lsa Toshkent shahri va viloyatida propiska qilinadi.

Bu holat esa propiska qilish uchun qilinayotgan “nikohlar” ko‘payishiga sabab bo‘lgani aytiladi.

Ozodlik manbasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida ko‘rilgan sohta nikoh mojarosi borasida tafsilotlarni aytib berdi:

- Sud majlisida aniqlanishicha, Anvar ismli yigit Dilorom ismli ayol bilan Chilonzor tumani FHDYo bo‘limida nikohdan o‘tishgan. Biroq bu nikoh oila qurish maqsadida emas, balki o‘zaro kelishilgan shart asosida tuzilgan. Taraflar oilaviy munosabatlarga kirishmagan, umumiy ro‘zg‘or yuritmagan. Kelishuvga ko‘ra, Chilonzor tumanidagi uyni javobgar Anvar “hadya” tariqasida qabul qilib, Toshkent shahriga doimiy ro‘yxatga o‘tishi, buning uchun Diloromga uylanishi va “nikoh”dan keyin uyni uning nomiga rasmiylashtirib berishi, shundan keyin sudga ariza berib, ajrashish kerak bo‘lgan.

Manbaning aytishicha¸ bu soxta nikohdan ko‘zlangan maqsad Toshkent shahriga doimiy ro‘yxatga o‘tish va uyni o‘z nomiga rasmiylashtirish bo‘lgan.

Toshkent propiskasi bo‘lmagan o‘zbek poytaxtda ishlay olmaydi

Toshkentda qayddan o‘tmagan O‘zbekiston fuqarolari poytaxtda ko‘chmas mulk sotib olish va ishlash huquqidan mosuvo qilingan.

Vazirlar Mahkamasining 54- qarori 2016 yil, 26 fevralda qabul qilingan qaroriga ko‘ra. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan O‘zbekiston fuqarolari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida maxsus ruxsatnomasiz ishlayotganda qo‘lga tushib qolsa, doimiy yashash joyiga majburan chiqarib yuboriladi.

“Yopiq” shahar

Mahalliy inson huquqlari himoyachilari va qator xalqaro tashkilotlar, xususan Xyuman Rayts Uotch tashkiloti O‘zbekistonda Sovet hukumati ixtirosi bo‘lgan propiska tizimi O‘zbekistonda hanuz saqlanib qolganini, Toshkent amalda mamlakatning o‘z fuqarolari uchun deyarli yopiq shaharga aylantirilganini muntazam tanqid qilib kelar edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ 26 aprel kuni kuchga kirgan qonun bu sohadagi vaziyatning yanada abgorlashganidan dalolatdir.

XS
SM
MD
LG