Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:00

G‘aznasi portlatilgan "Islomiy davlat" joriyalariga ham pul to‘lolmay qoldi


"Islomiy davlat"ga qarshi havo hujumlarini olib borayotgan xalqaro koalitsiya rahbariyati terror guruhi mablag‘ va odam tanqisligidan qiynalayotgani haqida bayonot tarqatdi. Yaqinda qo‘lga kiritilgan IDga tegishli ichki hujjatlar tahliliga ko‘ra, hatto, joriyalar uchun ham pul qolmagan, jangarilardan esa elektr tokini kamroq ishlatish va guruh avtomobillaridan shaxsiy ehtiyoj uchun foydalanmaslik so‘ralmoqda.

ID ichki hujjatlari tahlili

CNN teletarmog‘i tarqatgan xabarga ko‘ra, "Islomiy davlat"ga qarshi kurash olib borayotgan xalqaro koalitsiya qo‘mondoni o‘rinbosari general-mayor Piter E.Gersten so‘nggi oylardagi hujumlar terror guruhi moddiy bazasiga jiddiy zarar yetkazganini aytgan.

Seshanba oqshom jurnalistlarga so‘zlagan harbiy biroz vaqt muqaddam qo‘lga kiritilgan ID ichki hujjatlari tahlili va so‘nggi vaziyatga doir ma’lumotlar asosidagi xulosalarini ma’lum qildi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, umumiyatla, ID so‘nggi oylarda mablag‘dan ancha qisilib qolgan. Jangarilarga turmushga chiqish yoki joriyalik qilish uchun borgan jihodchi ayollarga to‘lashga ham pul etmayotir.

Bundan tashqari, hujjatlarda jangarilarning elektr tokidan foydalanishni cheklash, ID hisobida bo‘lgan avtomobillar va boshqa turdagi mulklardan ham faqat guruh manfaati uchun foydalanish, shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalanishni cheklash va nazorat qilish haqida gap borgani aytilmoqda.

Qizig‘i, jangarilar jang maydoniga chiqmaslik uchun tabibdan hujjat olishini cheklash ham ko‘zda tutilgani aytildi.

IDga kirayotgan jangarilar kamaydi

General-mayor Piter E.Gersten so‘nggi oylar ichida IDning moliyaviy va moddiy texnikaviy bazalari nishonga olingani hamda bu taktika ish berganini aytmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili shu vaqtga IDga oyiga 1500dan 2000 mingga qadar ko‘ngilli jangari qo‘shilgan bo‘lsa, shu kunda oyiga 200 gina odam ID hududiga o‘tmoqda.

"Aslida biz hozir IDdan qochayotgan jangarilar soni oshayotganini kuzatayapmiz. Ularning g‘oyaga ishonchi sinayotganini kuzatayapmiz. Biz ularning (ID rahbarlari - tahr.) to‘lovlarni vaqtida to‘lay olmayotganini ko‘rayapmiz. Biz ularning IDni tashlab ketishga urinayotganini ko‘rayapmiz", dedi jumladan AQSh matbuotiga so‘zlagan general-mayor.

AQSh harbiylari bu bayonotlariga dalil o‘laroq so‘nggi yirik havo hujumlari videolarini ham e’lon qildi.

IDning $800 mln. g‘aznasi portlatildi

Shu yilning yanvar oyida IDning Iroqdagi naqd pul saqlangan g‘aznasiga hujum qilingan videoda havoga uchgan banknotlar aks etgan. Harbiylar bu kabi bir necha hujumda guruhning 300 milliondan 800 million dollargacha naqd puli yo‘q qilinganini aytmoqda. Ayni paytda, yana bir necha g‘azna nishonga olingani va tez orada ularga ham havodan hujum uyushtirilishini va’da qilmoqda.

Bundan tashqari, o‘tgan yilning oktyabrь oyidan buyon IDning bir necha yirik neftь bazalari ham vayron qilingan.

Vashingtondagi Yaqin Sharq forumi tahlilchilaridan biri, jihodchilar qo‘llanayotgan Internet texnologiyalar va onlayn axborot bazalari bo‘yicha tadqiqotchi Ayman al-Tamimiy juma kuni forum tarqatgan press-relizda: "Guruhning ichki hujjatlarida ko‘rinishicha, bunday hujumlar IDning harbiy, moliyaviy va ma’muriy bazasiga jiddiy zarar etkazgan", deb yozdi.

Ayman al-Tamimiy IDga tegishli ichki hujjatlarni qo‘lga kiritgan tadqiqotchidir. U bu hujjatlarni ID nazorati ostidagi hududda bo‘lgan suriyalik faollar, jurnalistlar va aholi ko‘magida qo‘lga kiritganini aytgan. IDning ba’zi hujjatlari esa guruh nazoratidan ozod qilingan hududlarda qo‘lga kiritilgan.

Joriya va xotinga 50 dollar

Bu hujjatlar ilk bor CNN tomonidan CTC Sentinel terrorga qarshi kurash markaziga tayangan holda chop etilgan edi. Hujjatlarda IDning 2016 yil mart oyiga qadar bo‘lgan ma’muriy va moliyaviy hisobotlari qayd etilgan.

Jumladan, ID hududidagi to‘lovlar "jangari uchun oyiga o‘rtacha 50 dollar, ularning xotinlari uchun 50, bolalarining har biri uchun 35, har bir joriyasi uchun 50, joriyadan tug‘ilgan har bir bola uchun 35, ota-onasi uchun 50 dollardan, qaramog‘idagi boshqa oila-a’zolarining har biri uchun 35 dollardan" qilib belgilangan.

Al-Tamimiy Suriyada yurgan va qaytgan jangarilar, garovda saqlangan jurnalistlar va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar buni tasdiqlashini qayd etadi. Darvoqe, yaqinda yurtdoshlarini IDga targ‘ib qilib, videobayonot tarqatgan o‘shlik keksa jangari ham unga bir oylik maosh 50 dollar ekanini aytgan edi.

Jangarilar oyligi kesilgan

Hozir ID hududidan chiqayotgan xabarlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda ana shu maoshini ololmayotgan jangari va ularning qaramog‘idagi ayollar soni ortgan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa, ayniqsa, G‘arb davlatlaridan joriyalikka borgan ayollar, hatto, oddiy gigiena talablari darajasida ham sharoit yo‘qligi, jumladan - elektr toki, issiq suv, tish pastasi kabi zaruriy buyumlar ham etishmayotganidan noligan postlar tarqaldi.

IDning ichki hujjatlarida guruhning Suriyadagi poytaxti bo‘lgan Roqqa shahridagi jangarilarning oyligini yarmiga kesish qarori ham aks etgan.

Samarasiz targ‘ibot

Al-Tamimiy tomonidan tarqatilgan mazkur hujjatlarda oktyabr oyida jihoddan qochgan jangarilarga afvi umumiy e’lon qilgani, o‘z ma’muriy richaglari va ijtimoiy tarmoqlarga mas’ul guruhlari vositasida yangi jangarilarni yollashga zo‘r berayotgani ham ko‘ringanini aytadi.

Hattoki, ID ichki hujjatlarida jang maydoniga chiqishdan qochish uchun tabibdan soxta ma’lumotnoma olgan jangarilarning borligi qayd etilgani ham aytilmoqda.

Ayni paytda bu hujjatlarni ko‘zdan kechirgan tahlilchilar ID nazorati ostida yashayotgan jangarilar va ularning oilalari og‘ir sharoitlarda yashashga ko‘nikkani hamda ichki qiyinchiliklar terror guruhi rahbariyatiga jiddiy e’tiroz tug‘ilishiga sabab bo‘lmasligi mumkin demoqdalar.

Ayni paytda koalitsiya havo hujumlariga boshchilik qilayotgan general-mayor Gersten ham IDga qarshi kurash tinimsiz davom etayotgani, biroq g‘alaba uchun "sabr va vaqt zarur"ligini ta’kidlab o‘tdi.

ID Markaziy Osiyodan oilalarni jihodga yollashga urinmoqda

Ayni paytda Iroq va Shomda janglar kuchayib, talofotlari oshayotgan "Islomiy davlat" Markaziy Osiyodan oilasi bilan jihodga borgan jangarilar da’vati o‘rin olgan targ‘ibot videolarini peshma-pesh e’lon qilmoqda.

O‘tgan oyda ekstermist guruhlarning rus tilidagi saytlarida bola-ota-bobo tilidan da’vatlar yangragan ikki video chop etildi.

"Islomiy davlat" (ID) g‘oyalarini ijtimoiy tarmoqlarda yoyib kelayotgan Furat Media guruhi tarqatgan videolardan biri 30 daqiqalik va unda asli o‘shlik bo‘lgan 60lar atrofidagi jangari hamyurtlari, ayniqsa, Turkiyada yurgan hamyurtlarini Suriyaga chorladi.

Yana bir videoda esa qozog‘istonlik jangarilar bolalari bilan birga hamyurtlarini Suriyaga jihodga kelishga chorlaydi. Bu videoda 4-6 yoshlar atrofidagi go‘dak qo‘lida qurol bilan kadrga o‘qtalib, prezident Nursulton Nazarboev nomiga tahdid so‘zlarini takrorladi.

2014 yilning 29 iyunida sobiq IShID - "Iroq va Shom Islom davlati" terror guruhi Iroq va Suriyaning kattagina hududida xalifalik o‘rnatgani da’vosi bilan chiqqan va o‘zini "Islomiy davlat", deb e’lon qilgan.

Qisqa muddat ichida Iroq va Suriya hududidagi sarhadlarini kengaytirgan ID boshqa din vakillari, jumladan, nasroniy va yazidiylar jamoalari vakillarini qatliom qildi. Ayni paytda, shia musulmonlariga qo‘shib, o‘z talablariga bo‘ysunmagan sunniylarni ham qira boshladi.

Natijada, avvaliga ID dunyo hamjamiyatining birinchi raqamli dushmaniga aylandi va shu kunda 60 dan ortiq davlat ishtirok etayotgan yirik xalqaro koalitsiya unga qarshi kurashmoqda.

XS
SM
MD
LG