Линклар

logo-print

Toshkentda ham davlat xizmatchilariga maoshlar kechiktirila boshladi


Naqd pul taqchilligi bois maoshlarning bir necha oylab kechikishi O‘zbekistonda keyingi ikki yilning hodisasiga aylangan

Naqd pul taqchilligi bois maoshlarning bir necha oylab kechikishi O‘zbekistonda keyingi ikki yilning hodisasiga aylangan

Davlat muassasalarida maoshlar kichikishi bilan bog‘liq muammo poytaxt Toshkentdagi byudjet tashkilotlari xodimlariga ham etib keldi. Toshkentning Uchtepa tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan maktab o‘qituvchilari so‘nggi paytlarda maoshlarning naqd pulda beriladigan qismi 1-2 oyga kechikayotganidan shikoyat qilishdi. Uchtepa tumani moliya bo‘limi maoshlar nafaqat o‘qituvchilar, boshqa davlat xizmatchilariga ham kechiktirib berilayotganini tan oldi. Rasmiylar bu holatni mamlakat iqtisodidagi naqd pul taqchilligi bilan izohlamoqda.

Naqd pul taqchilligi bois davlat xizmatchilari maoshlarining kechikishi bilan bog‘liq muammo shu paytgacha poytaxt Toshkentni chetlab o‘tayotgan edi. Buning uchun byudjet hisobidan moliyalanadigan Toshkentdagi davlat muassasalari xizmatchilarining ish haqlari hamda pensiya va stipendiyalarning katta qismi yoki to‘liq plastik bank kartalariga o‘tkazib kelinayotgan edi.

Lekin keyingi bir necha oy davomida bu chora poytaxtlik ishchi-xodimlarni butun mamlakat bo‘ylab kuzatilayotgan muammodan himoya qila olmayotgan ko‘rinadi.

Toshkentning Uchtepa tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan bir guruh o‘rta maktab o‘qituvchilarining aytishicha, maoshlarining 80 foizi plastik kartaga o‘tkazilgan bo‘lishiga qaramasdan, so‘nggi bir necha oy davomida, ish haqlarining naqd qismi ikki oygacha kechiktirib berilmoqda.

“Bu muammo keyingi 2-3 oydan beri kuzatilyapti. Oylikning katta qismi shundoq ham plastikka tushadi. 20 foizinigina naqd berishi kerak. Plastikka vaqtida beryapti, lekin plastikning o‘zi bilan hamma kamchilikni bitkazib bo‘lmaydi. Naqd pulsiz bo‘lmaydi. Mana hozirgacha mart oyining pulini olganimiz yo‘q. Beradigan puli 600-700 ming so‘m bo‘lsa, shuni ham vaqtida bermaydi davlat”, deydi toshkentlik o‘qituvchilardan biri.

Uning aytishicha, hozirda o‘qituvchilarning o‘rtacha 700 ming so‘mni tashkil etadigan bir stavka oylik maoshining 80 foizi majburan bank to‘lov kartalariga o‘tkazilgan.

Toshken shahar Uchtepa tumani moliya bo‘limi mulozimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda o‘qituvchilar maoshining naqd qismi bir necha oylab kechikayotganini tasdiqladi. Uning aytishicha, bu holat nafaqat Uchtepadagi o‘qituvchilar, balki Toshkentdagi deyarli barcha davlat muassasalari uchun dolzarb muammoga aylangan.

“Ha to‘g‘ri, o‘qituvchilar maoshining naqd qismi kechikayotganini bilamiz. Lekin bu faqatgina bizning tuman va o‘qituvchilargagina taalluqli muammo emas. Butun Toshkent bo‘yicha vaziyat og‘irlashyapti. O‘zimining tuman haqida gapiradigan bo‘lsak, biz Uchtepa tuman hokimiyatiga ham, Toshkent shahar hokimiyatiga ham xat bilan chiqyapmiz. Hozircha vaziyatdan chiqish yo‘li bo‘yicha javob olganimiz yo‘q. Hozir o‘qituvchilar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari, obodonlashtirish boshqarmasi xodimlariga naqd puldagi maoshlari 2 oygacha kechikyapti. Haqiqatan, bu muammo bor”, deydi moliya bo‘limi mulozimi.

Uning yana aytishicha, byudjet tashkilotlariga naqd puldagi ish haqini etkazib berishdagi qiyinchilik shu paytgacha Toshkent uchun nisbatan dolzarb bo‘lmagan naqd pul taqchilligi muammosi jiddiylasha boshlagani bilan bog‘liqdir.

“Bilsangiz kerak, banklarda hozir naqd pul muammo bo‘lib qolgan. Bizga “Ipakyo‘li” bankining O‘rikzor filiali xizmat ko‘rsatadi. Bankka ham xat bilan chiqdik. Ular bizga yuborgan javobida naqd pul tushumining 50 foizi Markaziy bank tarafidan olib qo‘yilayotganini yozishdi. Shu paytgacha bunday muammo yo‘q ediku, desak. Markaziy bank shu paytgacha naqd pulning 50 foizini olib qo‘ymayotgan edi, deb javob berishyapti. Hozir butun poytaxt bo‘yicha banklar davlat tashkilotlariga murojaat qilib, maoshlarni vaqtida olish maqsadida 100 foiz plastikka o‘tkazishni tavsiya qilishmoqda”, deydi Uchtepa tumani moliya bo‘limi mulozimi.

Naqd pul taqchilligi bois maoshlarning bir necha oylab kechikishi viloyatlardagi davlat korxonalari va byudjet tashkilotlari xodimlari hamda pensionerlar uchun keyingi ikki yilning hodisasiga aylangan.

O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekiston Markaziy banki Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga taqdim etgan ichki bildirishnomada mamlakat iqtisodida vujudga kelgan naqd pul taqchilligi hal etilmasa “avvaldan aytib bo‘lmaydigan oqibatlar”ga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

Bu ogohlantiruvdan o‘tgan bir yil davomida hatto ichki ishlar va bojxona tizimlari xizmatchilarining maoshlari vaqtida berilmayotgani bilan bog‘liq holatlarni Ozodlik tez-tez yoritmoqda.

XS
SM
MD
LG