Линклар

logo-print

Marg‘ilon hokimi Toshkentga arz qilgan mahallaning raisi va kotibini ishdan oldi


Marg‘ilon shahar Uzunhovuz mahalla fuqarolar yig‘ini binosi

Marg‘ilon shahar Uzunhovuz mahalla fuqarolar yig‘ini binosi

Marg‘ilon shahar hokimi tazyig‘i bilan Uzunhovuz mahallasi raisi, kotibi va maslahatchilari ishdan bo‘shash haqida ariza yozdi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan mahalla faollariga ko‘ra, odamlar mahalla ixtiyoridagi oromgohni shahar hokimi noqonuniy olib qo‘yganidan arz qilib, Toshkentga shikoyat yozgan va bundan g‘azablangan hokim mahalla rahbarlarini ishdan bo‘shash haqida ariza yozishga majburlagan.

Ismi sir qolish sharti bilan bu haqda Ozodlikka xabar bergan mahalla faollaridan biriga ko‘ra, 1992 yilda mahalla ixtiyoriga qonunan topshirilgan 12 so‘tixlik "oromgoh"ni hokim qarori bilan shahar veterinariya boshqarmasiga berib yuborilishi mahalliy aholining noroziligiga sabab bo‘lgan:

“Oromgoh deganimiz aslida Tinchlik ko‘chasidagi 20-uy. Bu uy 1992 yildagi hokim qarori bilan mahalla balansiga o‘tkazib berilgan edi. Shundan so‘ng mahalla ahli o‘zi pul yig‘ib, bu yerni obod qilgan, so‘ritoklar qilib, toklar ko‘targan edi. Bizning mahalladagi hovlilar juda kichkina 1-1,5 so‘tix. Mahalladagi janoza, to‘y va boshqa tadbirlarni shu joyda o‘tkazib kelardik. Lekin shahar hokimi Shavkat Erkaboev 2014 yilda hech kimdan so‘ramasdan veterinariya boshqarmasini bu yerga joylab ketdi”, deydi mahalla faoli.

Uzunhovuz mahallasidagi oromgoh. Marg‘ilon.

Uzunhovuz mahallasidagi oromgoh. Marg‘ilon.

Mahalla ahli shundan so‘ng prokuraturaga shikoyat qilgan. Prokuratura tuman hokimining qarorini bekor qilgan.

Mahalla faollariga ko‘ra, shundan so‘ng shahar hokimi bu joyni tashlandiq joy deb rasmiylashtirib, mahalla kengashi raisiga majburan qo‘l qo‘ydirib olgan va veterinariya boshqarmasiga topshirgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilardan birining aytishicha, ikki mingdan ortiq aholi zich yashaydigan mahallaning o‘rtasida kasal hayvonlarni davolaydigan veterinariya boshqarmasi bo‘lishi qoidaga zid hisoblanadi:

“Shaharda qancha kasal it, mushuk, chorva mollarini shu yerda davolashadi. Quturgan itlarni olib kelib, haftalab ushlab turishadi. Mahallaning o‘rtasida bunday bo‘lishi umuman mumkin emas”, deydi o‘qituvchi.

Uzunhovuz mahallasi aholisining Prezidentga yozgan arizasi

Uzunhovuz mahallasi aholisining Prezidentga yozgan arizasi

Uning aytishicha, mahalla ahli Prezident, Bosh vazir, Oliy Majlis va deputatlar nomiga ariza yozib, oromgohning mahallaga qaytarib berilishini talab qilgan:

“Yaqinda Toshkentdan odamlar kelib tekshirib ketishdi. Hokimga ancha qattiq gapirishgan shekilli, shundan so‘ng hokim mahalla raisini chaqirtirib, “sen mahallangdagi odamlarni kontrol qilmagansan, sen bizdan oylik olib, bizga qarshi ish qilyapsan, Toshkentga ariza yozishiga yo‘l qo‘yib bergansan”, deb urishgan va o‘rinbosarlari bilan o‘z ixtiyoriga ko‘ra ishdan bo‘shash haqida ariza yozishga majburlagan”, dedi o‘qituvchi.

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolning) vakolatlari, u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilganda, fuqarolar yig‘ini qaror qabul qilganda, u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda va unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda bekor qilinadi.

Mahalla faollarining aytishlaricha, Uzunhovuz mahalla fuqarolar yig‘ini kengashi a’zolari rais, kotib va maslahatchilarning ishdan bo‘shaganidan bexabar qolishgan.

Ozodlik bu masalaga munosabat olish maqsadida, kun davomida Marg‘ilon shahar hokimi Shavkat Erkaboev bilan bog‘lanishga harakat qildi. Lekin, hokimni ish joyidan topishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG