Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:44

Eron ulamolari 6 yashar qizchaning zo‘rlab o‘ldirilishini Telegramdan ko‘rmoqda


Eronda zo‘rlab o‘ldirilgan 6 yashar Sitaesh Qurayshiy
Eronda zo‘rlab o‘ldirilgan 6 yashar Sitaesh Qurayshiy

Eron dindorlari shu oy boshida Tehronda zo‘rlangan 6 yashar afg‘on qizchasining o‘limiga ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Telegram tarmog‘ini mas’ul ko‘rmoqda. Ayblovga ko‘ra, 9 aprel kuni 15 yashar eronlik o‘smir qizchani zo‘rlab, o‘ldirgan va jinoyatini yashirish uchun jasadga sirka purkab yuborgan. Qotillikdan so‘ng Eronda norozilik kuchaydi va tarmoqlarga yopishgan konservativ ulamolar vaziyatni o‘z foydasiga burayotganlikda ayblandi.

Erondagi ultra-konservativ dindorlar pozitsiyasini targ‘ib qilib kelayotgan Rajanews.ir agentligi hodisa haqida bergan sharhida: "Pornografiya saytlari va Internet erkinligi bo‘lganidan keyin voyaga yetmagan bola osongina SIM karta sotib olishi va bunday materiallarga kiraverishi mumkin. Mana bugun buning natijasidagi achchiq fojeaga guvoh bo‘lib turibmiz", deb yozdi.

9 aprel kuni sodir etilgan qotillik mamlakat jamoatchiligi va bu davlatdagi milliy ozchiliklar orasida noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Iddaoga ko‘ra, o‘sha kuni 15-16 yoshlardagi o‘smir qizchani avvaliga zo‘rlagan, so‘ngra o‘ldirib, uning jasadiga sirka purkagan. Politsiya bu o‘smirni qo‘lga olgani va u dastlabki so‘roqdayoq jinoyatni bo‘yniga olgani aytilmoqda. Ammo, jasad ekspertizasi natijasi hali rasman e’lon qilingani yo‘q.

Erondagi "Inqilob posponlari"ga qarashli bo‘lgan Rajanews agentligi esa o‘smirni bu jinoyatga turtkilagan omil - Telegram tarmog‘idir mazmunida tarqatgan bayonoti bilan norozilikni yanada kuchaytirdi.

Agentlikning yozishicha, bu o‘smir mobil telefoni orqali ijtimoiy tarmoqqa ulangan va pornografik surat, videolar tarqatuvchi guruhlarga a’zo bo‘lgan.

"Voyaga yetmagan 15 yoki 16 yashar bola android telefonini sotib olgan va unga Telegram dasturini o‘rnatgan. Shu bilan pornografiya kanallari dengiziga sho‘ng‘igan. Ana shu dengiz uning qonini qaynatgan", deb yozdi agentlik.

Agentlik nomidan ushbu sharhni jamoatchilikka ochiqlagan ulamolar nazdida bu vahshiy qotillikni sodir etishi uchun o‘smirga tarmoqdagi pornografik ma’lumotning o‘zi etarli bo‘lgan.

Telegram ijtimoiy tarmog‘i Eronda filtrdan o‘tkazilmaydigan va taqiqlanmagan tarmoqlardan biridir. Shu bois, u mamlakatda juda ommalashib ketgan. Erondagi talabalar hayotini yorituvchi agentlik so‘roviga ko‘ra, aholining chorak qismi, boshqacha aytilsa, 20 million eronlik hozir shu dasturdan foydalanmoqda.

Ulamolar nazdida o‘limiga ana shu tarmoq sabab bo‘lgan qizcha - Sitaesh Qurayshiyga nisbatan vahshiy qotillik Eronning faol qatlamini larzaga soldi. Ayniqsa, bu jinoyat haqida avvaliga mamlakat rasmiy matbuoti umuman xabar bermagani norozilik oloviga moy purkadi.

Natijada, Qurayshiy himoyasiga qaratilgan aktsiyalar yana ijtimoiy tarmoqlarni to‘ldirdi. Tehron ko‘chalarida esa qizchaning aksi tushirilgan graffiti suratlari ko‘paydi. Suratlar ostiga "Men Sitaeshman" so‘zlari bitilgan.

Bundan tashqari, Telegram va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida #Men Sitaeshman, # SitaeshQurayshiy aktsiyalari boshlanib ketdi. Xususan, Facebook tarmog‘ida qizcha xotirasi uchun ochilgan sahifa qisqa muddat ichida 10 ming a’zoga ega bo‘ldi va yana minglab tarmoq foydalanuvchilari orasida tarqatildi.

Bundan tashqari, Afg‘onistonning Tehrondagi elchixonasi yonida tinch norozilik aksiyasini o‘tkazgan afg‘onlarga o‘nlab eronliklar ham qo‘shildi.

Hozircha Eron kuch ishlatar tuzilmalari qizchani o‘ldirgan qotil to‘liq jazosini olishini va’da qilmoqda.

Bu qotillik Eronda yashayotgan 1 millionga yaqin afg‘onning hayotini yana bir marta kun tartibiga olib chiqdi. Bu afg‘onlarning aksariyati yillar davomida islomiy respublikada turli tahqirlarga uchrayotgani va adolat topa olmayotganidan shikoyat qilib keladi.

Qurayshiylar oilasi adolatni qaror toptirish uchun hozirdanoq Afg‘oniston prezidentiga yuzlangani haqida Kobulda chiqadigan Tolo News agentligi xabar tarqatdi.

XS
SM
MD
LG