Линклар

logo-print

Freedom House tashkilotining jahondagi matbuot erkinligi haqida 27 aprel kuni yoyinlagan hisobotida O‘zbekiston yana so‘z erkinligi eng bo‘g‘ilgan 10 mamlakat sirasiga kiritildi.

Tashkilot reytingida O‘zbekiston 197-o‘ringa qo‘yilgan. Hisobotdan kelib chiqilsa, so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekistonda faqat Shimoliy Koreya va Turkmanistondagidangina yaxshiroqdir. Freedom House avvalgi yillarda yoyinlagan hisobotlarda ham O‘zbekiston matbuot erkinligi bo‘yicha doim "yomonlarning yomoni" bo‘lgan mamlakatlar qatoridan joy olib kelgan.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham hisobotda “matbuoti erkin bo‘lmagan” mamlakatlar qatorida sanalgan. Xususan, Qirg‘iziston 149-o‘ringa, Tojikiston 176-o‘ringa, Qozog‘iston esa 181-o‘ringa qo‘yilgan.

Hisobot mualliflari jahon aholisining faqat 13 foizi matbuot erkin bo‘lgan joylarda yashashi, ularning 41 foizi matbuot qisman erkin bo‘lgan, 43 foizi esa matbuot erkin bo‘lmagan mamlakatlarda istiqomat qilishini qayd etganlar.

Freedom House hisobotiga ko‘ra, 2015 yili jahonda matbuot erkinligi so‘nggi 12 yil ichida eng quyi ko‘rsatkichga tushgan, siyosiy, jinoiy va terrorchi kuchlar hokimiyat uchun kurashda ommaviy axborot vositalari ovozini bo‘g‘ishga harakat qilmoqdalar.

O‘tgan yili jurnalistlar uchun eng xavfli mavzular uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya, atrof-muhit va tabiiy boyliklarning talanishi, din, bahsli suverenitet, davlat rahbari va yuqori lavozimli amaldorlarni tanqid qilish kabi masalalar bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG