Линклар

O‘zbekiston Xalq artisti¸ O‘zbekiston¸ Tojikiston¸ Rossiya¸ Bolgariya va Hindistonda suratga olingan filmlarda 55 dan ortiq rol ijro qilgan San’at Devonov 27 aprel kuni 84 yoshida olamdan o‘tdi. Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ taniqli aktyor 28 aprel kuni Xorazmda dafn qilindi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ San’at Devonov 27 aprel kuni peshindan keyin o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Xorazmda olamdan o‘tgan.

“Qutlug‘ qon”¸ “Maftuningman” filmlarida bosh rolni o‘ynab tanilgan¸ Sovet kinoakteri sifatida xalqaro kinofestivallarda tamsil qilingan aktyor San’at Devonov 1932 yilning 9 mayida Xorazm viloyati, Honqa tumanida tavallud topgan edi. Sovet aktyoriga aylangan San’at Devonov Xiva xonligidagi devonbegi avlodi bo‘lgan.

Uning kinodagi ilk debyuti "Amirlikning intihosi" filmidagi Sherali roli edi

U ijodiy faoliyatini Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat musiqali drama teatridan boshlagan. Keyinchalik aktyor Toshkentga keladi va hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qiydi. So‘ng O‘zbek davlat drama teatrida, Abdulla Qahhor nomidagi satira teatrida ishlaydi.

San’at Devonovga teatr sahnasida yirik qahramonlar obrazini gavdalantirish nasib etadi. U "Hamlet"da Hamlet, "Navoiy"da Alisher Navoiy va "Tohir va Zuhra"da Tohir rolini ijro etadi.

Bundan ikki yil oldin San’at Devonov Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashib¸ o‘z kechmishlarini hikoya qilib bergan edi.

XS
SM
MD
LG