Линклар

logo-print

Bu jazo chorasi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritildi.

Islom Karimov 27 aprelda imzolagan qonun bilan pasport rejimini kuchaytirishga qaratilgan boshqa me’yorlar ham joriy etildi.

Jarima. Yo‘qolgan pasport uchun

Pasportini yo‘qotgani uchun fuqaro to‘laydigan 390 720 so‘m miqdoridagi jarima 2015 yilning 1 sentyabridan belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorining 3 baravariga teng puldir.

Demak, eng kam oylik ish haqi miqdori ortsa, jarima miqdori ham ortadi.

Jarima. Ikkinchi marta yo‘qotilgan pasport uchun

Agar jarimani to‘lagan fuqaro pasportini 1 yil ichida yana 1 marta yo‘qotib qo‘ysa jarima eng kam ish haqining 5 baravari miqdorini – 651 200 so‘mni tashkil qiladi.

Jarima. Pasport bilan bog‘liq boshqa holatlar uchun

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, pasporti bo‘lishi shart bo‘lgan holda pasportsiz yashayotganlar yoki yaroqsiz pasport bilan, vaqtinchalik yoki doimiy propiskasiz yashayotganlar, pasportini qasddan yaroqsiz holatga keltirganlar, ehtiyot qilmagani oqibatida pasportini yo‘qotganlar yuqorida aytib o‘tilgan jarima bilan jazolanadi.

Jarima. Pasport rejimiga mas’ul amaldor uchun

Pasport tizimi qoidalariga rioya qilinishiga mas’ul shaxslar pasportsiz yoki yaroqsiz pasport bilan, vaqtinchalik yoki doimiy propiskasi yo‘q yohud hisobdan o‘tmagan fuqarolarning istiqomat qilishiga yo‘l qo‘ysa eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida jarimaga tortiladi.

Agar bunday qoidabuzarlik 1 yil ichida takrorlansa, jarima miqdori eng kam oylik ish haqining 15 baravariga teng bo‘ladi.

Jarima. Pasporti yo‘qqa uyidan joy bergan fuqaro uchun

Oldindi bandda ko‘rsatilgan jazo o‘ziga qarashli turar-joyda pasportsiz yoki yaroqsiz pasport bilan, vaqtinchalik yoki doimiy propiskasi yo‘q yohud hisobdan o‘tmagan fuqarolarning istiqomat qilishiga yo‘l qo‘ygan fuqarolarga nisbatan ham qo‘llanadi.

Agar bunday qoidabuzarlik 1 yil ichida takrorlansa, jarima miqdori eng kam oylik ish haqining 15 baravariga teng bo‘ladi.

Pasport bilan bog‘liq muammosi bor odam ishga qabul qilinmaydi

Islom Karimov 27 aprelda imzolagan qonun bilan Mehnat kodeksiga kiritilgan bir qo‘shimcha ham pasport bilan bog‘liq.

Bundan buyon ish beruvchi pasporti yaroqsiz, shuningdek, vaqtinchalik yoki doimiy propiskasi yo‘q yohud hisobdan o‘tmagan fuqarolarni ishga qabul qilmaslikka haqlidir.

Jarima. Pasporti bilan bog‘liq muammosi bor odamni ishga qabul qilgan ish beruvchi uchun

Agar ish beruvchi bu me’yorni buzsa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan yangi moddaga binoan eng kam oylik ish haqining 10 baravaridan 15 baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortiladi.

Ish beruvchi bunday qoidabuzarlikni 1 yil ichida takrorlasa, jarima miqdori eng kam oylik ish haqining 20 baravariga teng bo‘ladi.

Rejim nega bu qadar kuchaytirilayapti?

Albatta, Prezident 27 aprelda imzolagan qonundagi pasport rejimiga oid bu choralar butun mamlakatga taalluqli.

Lekin Vazirlar Mahkamasining o‘tgan oydagi bir qarori eslansa, bu choralar o‘sha qaror ijrosini ta’minlash uchun qonuniy asoslarni kuchaytirish yoki yaratish maqsadida qabul qilinganini tushunish qiyin emas.

Vazirlar Mahkamasi o‘zining maxsus qarori bilan 1 apreldan boshlab viloyatlardan Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga keluvchilarga nisbatan qator cheklovlar joriy etgan.

Masalan poytaxtda yashovchi qarindoshinikiga 5 kundan ziyod vaqtga mehmonga kelgan viloyatliklar militsiya bo‘limlarida hisobga turishlari shart. Toshkentdagi sanatoriylarga dam olish uchun kelganlar ham militsiya hisobida turishlari majburiy qilib belgilangan. Bu tartibni buzganlar jarimaga tortiladi va Toshkentdan majburan chiqarib yuboriladi.

Jarima. Birovning pasportidan foydalanganlik uchun

Pasportini yo‘qotgani to‘g‘risida ariza topshirgan fuqaro pasportidan g‘arazli maqsadda foydalansa yoki boshqa fuqarolarga tegishli pasportdan foydalangan fuqaro eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida jarimaga tortiladi.

Jarima. Pasportni garovga olib qo‘yganlik uchun

Fuqarolar pasportini olib qo‘ygan yoki pasportni garov sifatida olib qo‘ygan amaldor shaxslar eng kam oylik ish haqining 10 baravaridan 15 baravarigacha bo‘lgan miqdorida jarimaga tortiladi.

XS
SM
MD
LG