Линклар

Bosh qarorgohi Vashingtonda joylashgan Freedom House tashkiloti 27 aprel kuni e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, 2015 yil jahonda matbuot erkinligi so‘nggi 12 yil ichidagi eng quyi ko‘rsatkichga tushgan. Bunga siyosiy, jinoiy va terrorchi kuchlarning hokimiyat uchun kurashda ommaviy axborot vositalari ovozini bo‘g‘ishga harakat qilayotgani sabab bo‘lgan.

Matbuot erkinligi¸ hisobotga ko‘ra¸ eng ko‘p Yaqin Sharq va Turkiyada poymol qilingan. Mazkur hududda hukumat va jangari guruhlar jurnalistlar va matbuotni o‘z mafkurasini tarqatish vositasiga aylanishga majburlagan.

Freedom House tashkilotining “2016 yilda matbuot erkinligi: Hukmron fikr uchun kurash” deb nomlangan hisobotida o‘tgan yili jurnalistlar uchun eng xavfli hudud Suriya bo‘lgani aytiladi. 2015 yil davomida bu mamlakatda kamida 14 nafar jurnalist o‘ldirilgan; ayni paytda Turkiyada ham uch suriyalik jurnalist “Islomiy davlat” jangari guruhi tomonidan o‘ldirilgan.

Freedom House hisobotida Turkiya hukumatining ham“haqiqiy va ehtimoliy tahdidlar” bahonasida matbuotni bo‘g‘a boshlagani aytiladi. Xususan, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning jurnalist, blogger hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga tazyiq o‘tkazgani hisobotda alohida ta’kidlanadi.

2015 yilda Rossiya hukumati ommaviy axborot vositalari orqali o‘z propagandasini kuchaytirganini qayd etgan Freedom House¸ Kremlning mahalliy matbuotni qattiq nazoratga olgani holda, qo‘shni mamlakatlar, jumladan, Ukraina, Moldova, Boltiq bo‘yi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari matbuotini hammani pulyatsiya qilgani ta’kidlanadi.

Freedom House hisobotida 199 davlat va hududdagi matbuot erkinligiga 0 dan (eng erkin) 100 gacha (erkinlik eng oz) bo‘lgan shkalada baho berilgan. Buning asosida mamlakatlar “erkin”, “qisman erkin”, “erkin bo‘lmagan” guruhlariga bo‘lingan.

O‘zbekiston yana so‘z erkinligi eng bo‘g‘ilgan 10 mamlakat sirasiga kiritildi va 197-o‘ringa qo‘yildi. Hisobotdan kelib chiqilsa, so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekistonda faqat Shimoliy Koreya va Turkmanistondagidangina yaxshiroqdir. Tashkilot avvalgi yillarda yoyinlagan hisobotlarda ham O‘zbekiston matbuot erkinligi bo‘yicha doim “yomonlarning yomoni” bo‘lgan mamlakatlar qatoridan joy olib keldi.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham hisobotda “matbuoti erkin bo‘lmagan” mamlakatlar sirasiga kiritildi va mintaqaning nisbatan demokratik davlati Qirg‘iziston 149-o‘ringa, Tojikiston 176-o‘ringa, Qozog‘iston esa 181-o‘ringa qo‘yildi.

Freedom House tadqiqotchisi Elen Agekyan Ozodlik radiosi bilan suhbatda Markaziy Osiyo mintaqasidagi matbuot erkinligi vaziyatida 2015 yil davomida hech qanday ijobiy o‘zgarish kuzatilmaganini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG