Линклар

Andrey Tarkovskiy, Elem Klimov, Larisa Shepitko kabi afsonaviy kinochilar suratga olgan asarlarda rassom va akter sifatida ijod qilgan rassom Shavkat Abdusalomov 80 yoshini Moskvada nishonlamoqda.

1974 yilda Elem Klimov suratga olgan “Agóniya” filmida sahnalashtiruvchi rassom sifatida qatnashganidan keyin Shavkat Abdusalomovga “moskvalik estet” degan norasmiy maqom berilgan bo‘lsa-da, u o‘zi tug‘ilgan yurtida e’zoz ko‘rmaganidan noliydi.

Oxirgi marta 1990 yilda O‘zbekistonga borgan Shavkat Abdusalomovning Ozodlikka taajjub bilan aytishicha¸ u rasmiy Toshkent uchun istalmagan kishi sifatida qolmoqda.

Moskvadagi bir nechta tasviriy san’at galereyasida payshanba kuni rassom Shavkat Abdusalomovning 80 yilligiga atalgan ko‘rgazmalar ochildi.

28 aprelь kuni 80 yoshga kirgan o‘zbek rassomi tig‘iz grafik orasida Ozodlik muxbiri savollariga javob berishni ustivor deb bildim, deb gap boshladi:

- Men O‘zbekistonda tug‘ilib, rassom bo‘lib yetishdim. Otam Fozil Abdusalomov O‘zbekiston tuzilgan ilk yillarda Samarqandda katta lavozimda ishlagan. Keyin otamni repressiya qilishdi. Barcha qarindoshlarim Stalin davrida qatag‘on qilingan. Onam maktab direktori edi.Uni ham qatag‘on qilishgan. Bobom Talasboy, Chimkentdagi badavlat savdogarlardan bo‘lgan. Onam Fin gimnaziyasi direktorining qizi bo‘lgan. Meni esa yetimxonaga topshirishgan. Shu-shu qaerda bo‘lsam ham¸ ikkita yorliq meni ta’qib qiladi. "Detdomovskiy" degan yorliq bittasi bo‘lsa¸ ikkinchisi o‘zbek degan yorliq.

Esimda¸ Tojikfilmda olingan “Siyovush haqida afsona” degan filmda bosh rassom edim. Film mukofotga taqdim qilinganida meni “o‘zbek” deya mukofotdan mahrum qilishdi. Aynan mana shu yorliqlardan qutulish uchun Andrey Tarkovskiy¸ Elem Klimov kabi yuksak san’at fidoyilari safida bo‘ldim. Men uchun yuksaklik lozim edi va Sovet Ittifoqi poytaxtida o‘zimni realizatsiya qilishga imkon bo‘ldi. Men otamni repressiya qilayotganlar boshqargan O‘zbekistonda yashay olmas edim. Otamni qamatgan odamning ismi Usmon Yusupov edi¸ deb qisqacha tasvirlaydi o‘z hayot yo‘lini taniqli rassom.

O‘zbek Van Gogi

- Bilasizmi¸ men o‘sgan Qo‘qondagi yetimxonada bir mashhur rassom ayol bir kosa sho‘rva evaziga bizga rasmdan dars bergan edi. O‘shanda men ilk bor rassomlikka havaslandim. Keyin Benkov nomli rassomlik bilim yurtida o‘qidim. O‘shanda men Van Gog asarlarini sevib qolgandim. O‘zim ham paxtalik guppi¸ telpak va yirtiq botinka kiyib yurardim Van Gog kabi. Bilim yurtida bolalar va o‘qituvchilar menga o‘zbek Van Gogi deb laqab qo‘yishgan edi. Keyinchalik rassom Mark Shagal asarlariga qiziqdim. Diplom ishi sifatida chizgan ishimga hamma qiziqqan. Eshikni yopib qo‘ysam¸ oynadan qarab turishar edi. “Buxoroda Amir kelayotganida yo‘lning tozalanishi” degan rasm. Hozir ham prezident kelishidan oldin shunaqa manzara bo‘lsa kerak O‘zbekistonda¸ deydi rassom.

Italyanlar piligini ko‘targan dissident rassom

Shavkat Abdusalomovning ilk ko‘rgazmasi 1972 yil Moskvada ochildi. Ochilishidan ikki soat o‘tib yopish haqida buyruq keldi. Abdusalomov asarlaridagi falsafiy motivlar rasmiylar tarafidan noto‘g‘ri talqin qilingani bois¸ rassomning ko‘rgazmasi taqiqlab qo‘yildi.

Italyan kinodramaturgi Tonino Guerra (1920—2012) Moskvaga kelganida ko‘p vaqtini Shavkat Abdusalomov ustaxonasida o‘tkazar edi.

Shu tarzda Tonino Guerrani o‘ragan Moskva bomonti ko‘z o‘ngida o‘zbek rassomining obro‘yi ortib bordi.

Hamza haqidagi "Olovli yo‘llar" ko‘p seriyali filmida qora kiyimdagi isyonkor va jadidchi shoir obrazi bor.

Ayrimlar Cho‘lpon obrazi deb biluvchi jadid Umid rolini aynan Shavkat Abdusalomov o‘ynagan.

Ammo Shavkat aka ko‘proq rassom sifatida tanildi.

Pirovardida¸ rassom asarlarini Tretьyakov galereyasi sotib oldi. AQShdagi Nensi i Nortona Dodjey galereyasida ham Abdusalomovning o‘nlab asarlari bor.

“O‘zbek muzeylarida esa asarlarim yo‘q”¸ deydi rassom:

- Men hanuz nima uchun O‘zbekistonga borishim taqiqlanganini tushuna olmayman. Borsam¸ aeroportdan qaytarib yuborishadi. To‘g‘ri¸ men achchiq gapiraman¸ lekin o‘zbek rejimini tanqid qilgan joyim yo‘q. Men Moskvada kunora minglab o‘zbekni ko‘cha-ko‘ylarda ko‘raman.

Oldin biz Moskvaga o‘qish uchun kelardik¸ ular esa kun ko‘rish uchun kelishgan. Farqimiz shu. Men o‘zim mansub millat bo‘lgan o‘zbeklarda saxovat¸ birovga yordam qo‘lini uzatish kabi sifatlarning yo‘qolganidan afsusdaman. Men rassom va kinochi sifatida saxovatli sponsor kutib yashadim. AQSh yoki Fransiyadan kelib asarlarimga xaridor bo‘lishadi. Men esa o‘zbeklar kelmasmikan¸ deya eshikka qarayman. Hech bo‘lmasa¸ bir kilo yong‘oq¸ kishmish olib¸ shu yerda bir o‘zbek rassomi bor ekan holidan xabar olay¸ deydigan bir eldoshga muhtojman¸ deydi 1974 yili mashhur kino rassomi sifatida AQSh kinoensiklopediyasiga kirgan asli o‘zbekistonlik musavvir, yozuvchi, aktyor va rejissyor.

San’at va adabiyot ahli orasida Shavkat Abdusalomovni bugungi kunning buyuk o‘zbeklari qatorida ko‘radiganlar oz emas.

"Men birinchi emasman. Siz oxirgi emassiz. Bu so‘qmoqdan ko‘plar yurgan. Biz faqatgina bir-birimizning izimizni bosib yuramiz, xolos"¸ deydi o‘z ijodi haqida gapirgan o‘zbek rassomi.

XS
SM
MD
LG