Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:07

Tojikiston Rossiya va’dasi ustidan chiqishiga ishonmay qo‘ydi


Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Rossiya prezidenti Vladimir Putin.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Rossiya prezidenti Vladimir Putin.

Kreml ikki yil avval Tojikistonga 70 milliard rubl miqdoridagi harbiy texnika va qurollar berishni va’da qilgan bo‘lsa-da, shu kungacha bu ishni amalga oshirgani yo‘q. Dushanbe rasmiylari ham Rossiya o‘z va’dasini bajarishidan umidini uzganlarini bildirmoqdalar.

Tojikiston Mudofaa vazirligining ovozi yozib olinishini istamagan rasmiysi Rossiya va’da qilgan 70 milliard rublning bir tiyini ham berilmaganini aytdi.

-Rossiya o‘z poligonlarida tojik askarlarini harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish bilangina cheklanmoqda. Bu esa hech qanday mablag‘ talab qilmaydigan harakatdir, -dedi vazirlik rasmiysi.

Unga ko‘ra, Dushanbe rasmiylari Moskva o‘z va’dasini bajarishiga ishonmay qolgan. Ikki yil avval Rossiya hukumati Tojikistonga o‘qotar qurollar, samolyotlar, zambaraklar va zenit-raketa komplekslari berishni va’da qilgan. Moskva rejasiga ko‘ra, umumiy miqdori 70 milliard rublni tashkil qiladigan bu qurollar Tojikistonga bosqichma-bosqich bir necha yil ichida berilishi lozim edi.

Ayni paytda Moskva Tojikiston Rossiyaning terrorchilikka qarshi kurashdagi asosiy tayanch nuqtasi ekani haqidagi quruq gaplardan nariga o‘tmay kelmoqda. Tojikistonda Rossiyaning harbiy bazasi joylashgan.

-Moskva Dushanbega 20ta harbiy samolyot berishni va’da qilgan. Biroq keyin Dushanbega eski harbiy samolyotlarni bermoqchi bo‘ldi. Dushanbe bundan bosh tortgan. Chunki eski uchoqlarni ta’mirlash uchun juda katta miqdorda pul sarflanishi kerak edi, - dedi siyosatshunos Saymiddin Dustov.

Siyosatshunos Rossiya Afg‘oniston-Tojikiston chegarasida narkosavdogarlar bilan tez-tez sodir bo‘lib turadigan otishmalarni asos qilib olib, Dushanbeni Tolibon huruji bilan qo‘rqitish va o‘z yordamlarini minnat qilishdan nariga o‘tmayapti, deb hisoblaydi.

- Aslida Tojikistonga Tolibon yoki Afg‘oniston tomonidan real tahdid yo‘q. Bu Rossiya generallarining Dushanbeni qo‘rqitish uchun o‘ylab topgan ertagidan boshqa narsa emas, - deb hisoblaydi siyosatshunos Saymiddin Dustov.

Rossiya Qirg‘izistonga ham zamonaviy qurolarni yetkazib berish va’dasini bergan edi. Qirg‘izistonlik mutaxasislar Rossiya o‘tgan yildan boshlab bu va’dasini bajarishga kirishgani va qirg‘iz armiyasiga va’da qilingan qurollarning bir qismini yetkazib berganini bildirmoqda.

Moskva O‘zbekiston hukumati bilan ham qurol-aslaha masalasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish majburiyatini olgan.

Islom Karimovning 25-26 aprel kunlari Moskvaga qilgan rasmiy tashrifi chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida harbiy sohaga oid mahsulotlarni uchinchi davlatlarga eksport qilish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan edi.

Hozircha Moskva ham, Toshkent ham bu kelishuv shartlari hamda ijrosi mehanizmi haqida matbuotga tushuntirish bergani yo‘q.

XS
SM
MD
LG