Линклар

AQSh Halab shifoxonasiga qilingan hujumni keskin qoraladi


Halabliklar havodan nishonga olingan al-Quds shifoxonasini ko‘zdan kechirmoqdalar, 2016 yil 28 apreli.

Halabliklar havodan nishonga olingan al-Quds shifoxonasini ko‘zdan kechirmoqdalar, 2016 yil 28 apreli.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Suriyaning Halab shahrida joylashgan “Al-Quds” shifoxonasiga qilingan havo hujumini Qo‘shma Shtatlar keskin qoralashini bildirdi. Hujum natijasida o‘nlab odam halok bo‘lgan va tan jarohat olgan.

28 aprel kuni Vashington shahrida chiqish qilgan Kerri bu hujum Suriya harbiy uchoqlarining ishi ekanligini aytdi. Davlat kotibi Suriya hukumati mamlakatda 2011 yildan beri shifoxonalarga uyushtirib kelayotgan havo hujumlarida “yuzlab begunoh suriyalik” o‘lganini qo‘shimcha qildi.

“Al-Quds” shifoxonasiga 27 aprel kuni havodan hujum qilingan. Kerri hujumda “o‘nlab odam, jumladan, yosh bolalar, bemorlar hamda tibbiy xodimlar” halok bo‘lganini aytdi. Shifoxonani Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi hamda “Chegara bilmas shifokorlar” xalqaro xayriya tashkiloti dastaklab kelgan.

Kerri: “Rossiya [Suriya] tuzumini o‘z majburiyatlarini bajarishga chorlashi kerak”, dedi.

BMT Xavfsizlik kengashining 2254-sonli rezolyutsiyasi Suriyadagi ziddiyatda ishtirok etayotgan barcha taraflarni oddiy fuqarolarga hamda tibbiy xodimlarga hujum qilmaslikka chaqiradi.

Suriyadagi hujumlarda 22 apreldan beri 150 dan ziyod oddiy fuqaro halok bo‘ldi. O‘tgan yilning sentyabr oyidan beri Rossiya Suriya harbiy uchoqlari bilan hamkorlikda mamlakatdagi muxolifatchi kuchlarga hamda “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi havo hujumlarini amalga oshirib keladi.

BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Staffan de Mistura AQSh hamda Rossiya prezidentlarini otashkesimga amal qilinishi uchun tegishli choralarni ko‘rishga chaqirdi.

28 aprel kuni BMTning Suriyadagi gumanitar missiyasi yetakchisi Yan Egeland so‘nggi 48 soat ichida Halab hamda Homs shaharlaridagi vaziyat keskin yomonlashganini aytdi.

Egeland shifoxona hamda uning yaqinidagi binolarga qilingan hujumlar 60 dan ziyod oddiy fuqaro umriga zomin bo‘lganini bildirdi.

28 aprel kuni Suriya armiyasi shifoxonaga atayin hujum qilinganini rad etdi.

XS
SM
MD
LG