Линклар

Toshkentlik yigit do‘stining iltimosi bilan uni chavaqladi. Toshkentdagi teatrlarga tomoshabin majburlab keltirilmoqda. Ayollarni talayotgan yo‘lto‘sarlar ko‘paymoqda. Bu joriy hafta Respublika gazetalarida yoritilgan mavzularning ayrimlari.

Do‘stining iltimosiga ko‘ra uni pichoqlagan yigit qo‘lga olindi

Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan yigit moddiy qiyinchiliklarga chidolmay yaqin do‘stidan o‘zini o‘ldirishda yordam so‘radi (“Huquq”, 28 aprel). Bo‘g‘zigacha qarzga botgan yigit o‘z joniga qasd qilish orqali muammolardan birato‘la qutulishga ahd qilgan va “O‘zimni o‘ldirishga jur’atim yetmayapti, o‘lishimga yordam berib yubor” deya do‘stidan iltimos qilgan. Do‘sti shaharning panaroq joyiga olib borib, unga pichoq urib, orqasiga qaramay qochib ketgan. Ammo chavaqlangan yigit o‘lmay qolgan, uning hayotini shifokorlar saqlab qolgan. Qayd etilishicha, eski qadrdoni iltimosiga ko‘ra unga pichoq urgan yigit ushlanib jazoga tortilgan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan.

Teatr o‘rindiqlari nega bo‘sh?

Toshkentdagi teatrlarga tomoshabinlarning kelishi achinarli holatda (“Oila” davrasida, 2016 yil 16-son). 500 o‘rinli Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama teatriga 4 aprel kungi “Osmonga sig‘magan qush” spektakliga 200 ga yaqin tomoshabin kirgan. Teatr direktori o‘rinbosari Xayrulla Inog‘omov shu 200 tomoshabindan 30 nafari o‘z xohishi bilan kirgani, qolganlarning tashrifi uyushtirilganini aytgan. 540 o‘rinli O‘zbek Milliy akademik teatrining “Momo yer” spektakliga 100 ga yaqin tomoshabin kirgan. Gazeta 50 nafar o‘zbekistonlikka “Oxirgi marta qachon teatrga borgansiz?” deb murojaat qilgan va so‘ralganlardan 26 nafari “teatrda umuman bo‘lmaganman” deb javob bergan.

Ikki talonchi 62 yoshli onaxonning taqinchog‘ini yulib qochdi

Respublika bo‘ylab xotin-qizlarning taqinchoqlarini yulib qochish holatlari uchramoqda (“Postda”, 23 aprel). Masalan, Toshkent shahri Uchtepa tumanida noma’lum shaxslar ko‘chada ketayotgan 62 yoshli onaxonning bo‘ynidan sariq metall zanjirini yulib qochgan. Tezkor choralardan keyin talonchilik 1976 va 1990 yilda tug‘ilgan shaxslar tomonidan sodir etilgani aniqlangan. “Onasi yoki buvisi tengi ayolning bo‘ynidagi arzimagan taqinchoqqa ko‘z olaytirgan bunday kimsalarni kim deb atash mumkin?” deb yozadi IIV nashri.

XS
SM
MD
LG