Линклар

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Alhurra telekanaliga bergan intervyusida xalqaro koalitsiyaning IShIDga qarshi kurashi, Saudiya Arabistonining bu kurashdagi roli, Iroqda yosh liderlarning maydonga chiqishi va siyosiy o‘zgarishlar ro‘y berishining ahamiyati haqida gapirdi.

IShIDga qarshi kurash haqida

Ittifoqchilarimiz katta ishlarni amalga oshirmoqda. IShIDga qarshi kurash harakatlariga 66 davlat jalb etilgan, ayniqsa, Yaqin Sharqdagi mamlakatlar bu urinishlarga katta hissa qo‘shmoqda. Bu guruhga turli joylardan kelayotgan moliyaviy vositalarni kesib tashlamoqchimiz. Yoshlarning bu guruh g‘oyalariga berilishi oldini olish uchun kurashyapmiz, buning uchun ijtimoiy tarmoqlarda IShID g‘oyalariga qarshi turuvchi odamlar bilan o‘zaro muloqot qilishga oid qator tashabbuslarimiz bor. Bundan tashqari, aeroportlar, bojxona, viza va hokazo sohalarda qoidalarni kuchaytirish orqali xorijiy jangarilar oqimini sezilarli tarzda qisqartirmoqdamiz. Hozirda IShIDga qarshi kurashda birgalikda, menimcha, ancha samarali ish olib bormoqdamiz, bu guruhning ko‘plab yetakchilarini yo‘q qildik, hamda hozirda IShID Iroqda bosib olgan hududning 44 foizini, Suriyada esa 16-17 foizini ozod qildik, deb ayta olamiz. Shuning uchun bu jarayon sekin-asta, lekin izchillik bilan oldinga qarab siljimoqda va bu jarayon ortga qaytmasligi uchun uni sinchkovlik bilan amalga oshiryapmiz.

IShIDga qarshi kurashda Saudiya Arabistoni roli haqida

Saudiya katta hissa qo‘shmoqda. Saudiya mintaqadagi mamlakatlar orasida yetakchidir. Menimcha, ikki muqaddas masjid xodimi sifatida, Qirol Salmon va hukumatning Islom masalasida alohida salohiyati bor. Ular g‘oyaviy jabhada harakatlarni amalga oshirmoqda, ya’ni bu harakatlar biz tomondan emas, ular tomonidan, Islomning muhim markazi bo‘lgan mamlakat tomonidan amalga oshirilmoqda. Ular asl Islom qanday bo‘lishini tushuntirishyapti, bu ishni men qila olmayman, lekin Qirol Salmon va uning saroyi qila oladi. Bundan tashqari, ular Suriyadagi mojaroga siyosiy yechim topishga qaratilgan xalqaro yordam ko‘rsatish urinishlarida ham oldingi jabhalarda turishibdi. Shu bilan birgalikda, ulardan IShIDga xususiy manbalardan kelayotgan moliyaviy yordam, alohida aytmoqchiman, hukumatga taalluqli emas, xususiy manbalardan kelayotgan moliyaviy yordamni to‘xtatish harakatlarini kuchaytirishni so‘rashimiz mumkin, menimcha. Bu masala ustida Saudiya Arabistoni bilan ish olib bormoqdamiz. Lekin Saudiya bu harakatlarni amalga oshirishda asosiy va muhim hamkor bo‘lib kelmoqda.

Iroqda siyosiy islohotlarni tadbiq etish ehtiyoji haqida

Iroqda muayyan islohotlarni yoqlab kelyapmiz hamda Bosh vazir Abadiy va uning hukumatiga natijalarga erishish, iroqliklar orasida murosa yasash, mamlakatda barqarorlik o‘rnatish va iqtisodni ilgarilatish uchun barcha guruhlar jalb etilishi lozimligini aniq aytganmiz. Boshqaruv jarayoniga har bir iroqlikni jalb etish zarur. Menimcha, so‘nggi kunlarda ko‘rganimiz kabi, ma’lum tarangliklar vujudga kelishining oldini olib bo‘lmaydi, albatta. Lekin boshqa tomondan, hozircha bu jarayon uzoq muddatda oxir-oqibat ba’zi qarama-qarshiliklar, ba’zi qiyinchiliklarni bartaraf qila oladigan o‘zanga tushmoqda. Bu esa, umid qilamizki, odamlarni yagona maqsad tomon intilishga undaydi. Shuning uchun Bosh vazir Abadiyni bunday ehtiyoj borligiga ishontirishga harakat qilishda davom etamiz. Aslida, hozir siz bilan gaplashib o‘tirar ekanmiz, vitse-prezident Bayden hozirda Iroqda u bilan mazkur masalalarni muhokama etmoqda. Ya’ni jarayonga barchani jalb etish, odamlarni bir stol atrofiga taklif qilish, kelishmovchiliklarni bartaraf qilish, hamda barcha odam jarayonga adolatli tarzda jalb qilinishi masalasini muhokama etishmoqda.

Yaqin Sharqda istiqboldagi avloddan chiqadigan liderlardan nimalar kutilayotgani haqida

Menimcha, bunday liderlar bugun kerak va bunday liderlar allaqachon paydo bo‘layotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Masalan, Saudiya Arabistonida Valiahd Shahzoda o‘rinbosari Muhammad bin Salmon qator turli jabhalarda, xususan Saudiya Arabistoni Qirolligida iqtisodiy o‘zgartishlarni yasash harakatlariga bosh-qosh bo‘lmoqda. Bu juda mehnattalab va ayni paytda muhim rejadir. Eshitishimcha, u yosh bo‘lgani va odamlarning iqtisodiy kelajagini shakllantirishga harakat qilayotgani juda ko‘p yoshlarni ilhomlantirmoqda va ular bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda. Menimcha, Arab Amirliklarida ham Valiahd Shahzoda Janobi Oliylari Muhammad Bin Zayid ham uzoqni ko‘rib biladigan odam ekanini ko‘rsatdi va aka-ukalari bilan birgalikda energiya, terrorchilikka qarshi kurash sohalarida tahsinga loyiq tashabbuslarni amalga tadbiq etmoqda. Ular IShID, Al-Qoydaga qarshi turish masalasida qat’iylik namoyish qilishmoqda va odamlar buni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularning Birlashgan Arab Amirliklari iqtisodini isloh qilishdagi xizmatlarini aytib o‘tirishning hojati yo‘q.

XS
SM
MD
LG