Линклар

Olmaotada matbuot anjumani o‘tkazmoqchi bo‘lgan faollarni politsiya tutib ketdi


Politsiya tomonidan tutib ketilayotgan Marjan Aspandiyarova, Olmaota, 2016 yil 29 apreli.

Politsiya tomonidan tutib ketilayotgan Marjan Aspandiyarova, Olmaota, 2016 yil 29 apreli.

Qozog‘istonning Olmaota shahrida “yer masalasi” bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazishga kelgan o‘nga yaqin faolni Milliy matbuot klubi binosi oldidan politsiya tutib ketdi. Faollarni poytaxt Ostonada o‘tkazilishi kerak bo‘lgan matbuot anjumani ham o‘tmay qoldi.

29 aprelь kuni soat 11 da Olmaota shahrida bir guruh faol jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazmoqchi edi. Yig‘inda ular “yer masalasi bo‘yicha” tinch miting o‘tkazish uchun shahar hokimiyatiga talabnoma topshirish mavzusida gapirmoqchi edilar.

Matbuot anjumani taklifnomasida notiq o‘laroq qayd etilgan “Jas Alash” gazetasi bosh muharriri Risbek Sarsenbayuli va faol Muxtar Tayjanni Milliy matbuot klubiga ketish chog‘ida politsiyachilar to‘xtatib qolganlar.

Muxtar Tayjan Ozodlikning qozoq xizmati muxbiri bilan telefon orqali qisqa suhbatda uni qo‘lga olganlarini aytishga ulgurgan. U bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan.

Risbek Sarsenbayulining mashinasini esa ertalab Duman mavzeidagi ekologik post yonida politsiyachilar to‘xtatib, hech bir izohsiz Medeu tuman ichki ishlar boshqarmasiga olib ketganlar. Sarsenbayuli qo‘lga olish chog‘ida uning yonida rafiqasi Marjan Aspandiyarova bo‘lgani, keyin u Milliy matbuot klubiga ketganini aytgan.

Matbuot anjumani o‘tadigan joyga kelgan boshqa faollar ham politsiya tomonidan tutilib, bo‘limga olib ketilgan. Politsiya bo‘limiga olib ketilganlar orasida Marjan Aspandiyarova, muxolifatchi Amirjan Qo‘sanov, muxolifatchi jurnalist Ermurat Bapi, jurnalist va faollar Inga Imanbay, Janbo‘lat Mamay, G‘alim Ageleuov va boshqalar bor edi. Aytilishicha, ularni ham Medeu tuman ichki ishlar boshqarmasiga olib ketganlar.

Matbuot anjumani taklifnomasida aytilishicha, faollar jurnalistlar oldida joriy yilning 7 may kuni “Yerimizni muhofaza qilaylik – Ona tilimizni saqlab qolaylik!” deb nomlangan umummilliy tinch yig‘ilish o‘tkazish uchun shahar hokimiyatiga talabnoma topshirish xususida so‘zlamoqchi edilar.

Juma kuni poytaxt Ostonada ham “Alash jo‘li” harakati tamsilchilari bo‘lmish faollarning matbuot anjumani o‘tmay qolgan. Mahalliy mehmonxonada soat 11 da boshlanishi lozim bo‘lgan tadbirda ular, aytishlari bo‘yicha, “muhim bayonot” bilan chiqmoqchi bo‘lganlar.

Harakatning tashkiliy qo‘mitasi a’zosi Amandiq Dauletbekuli Ozodlikka matbuot anjumani o‘tkazilishi kerak bo‘lgan mehmonxona mutasaddilari, o‘zaro kelishuv bo‘lganiga qaramay, ularga joy berishdan bosh tortganlar.

- Biz kelganimizda mehmonxona vakili ularning oldiga milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari kelib, suhbat o‘tkazib ketishganini aytdi. Mehmonxona xodimi: “Uzr, ammo biz sizga bu matbuot anjumanini o‘tkazish uchun ruxsat berolmaymiz” deb, pulimizni qaytarib berdi, - dedi Amandiq Dauletbekuli.

“Alash jo‘li” o‘zini “rasmiylarning qishloq xo‘jalik erlarini chet elliklarga ijaraga berish rejasiga qarshi” tuzilgan harakat o‘laroq taqdim etadi.

So‘nggi kunlarda Qozog‘istonning qator yirik shaharlarida “yer sotilishi”ga qarshi ruxsat etilmagan ommaviy mitinglar bo‘lib o‘tdi. Xususan, 24 aprel kuni bunday namoyish Atirauda, 27 aprel kuni esa Semey va Aqto‘beda o‘tkazildi. 28 aprel kuni esa politsiyachilar Aqtauda “yer masalasi bo‘yicha” mitingga yig‘ilgan odamlarni namoyish o‘tkazishga qo‘ymay, markaziy maydondan siqib chiqardilar.

Norozilik namoyishlariga qozoq rasmiylarining joriy yil 1 iyulidan ekin ekiladigan 1 million 700 ming gektar yer kimoshdiga qo‘yilishi haqidagi bayonotlari sabab bo‘lgan.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev 26 aprel kuni yer sotilishi masalasini chayqov qilayotgan provokatorlar “fosh qilinishi va jazoga tortilishi lozim”ligi haqida bildirgandi.

Joriy hafta boshida Qozog‘iston bosh prokurori etib tayinlangan Jaqip Asanov kecha “yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun”, xususan, yer masalasida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlik uchun mahalliy qonunchilikda jazo borligini eslatgandi.

XS
SM
MD
LG