Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:26

Gulnoraga pora berganlikda gumonlangan VimpelCom haqdori ikki mulozimni ishdan haydadi


VimpelCom O‘zbekistondagi "nufuzli shaxs"ga pora berganini tan olib, AQSh rasmiylariga 795 million jarima to‘lagan
VimpelCom O‘zbekistondagi "nufuzli shaxs"ga pora berganini tan olib, AQSh rasmiylariga 795 million jarima to‘lagan

Telenor Group kompaniyasining ikki top-menejeri VimpelCom O‘zbekiston prezidentining qiziga millionlab pora bergani iddaolari bilan bog‘liq janjal shirkat obro‘yiga ziyon yetkazilgani uchun ishdan olindi. VimpelCom O‘zbekistondagi "nufuzli shaxs"ga pora berganini tan olib, AQSh rasmiylariga 795 million jarima to‘lagan.

Norvegiyaning Telenor Group shirkati 29 aprel kuni e’lon qilishicha, bosh moliyaviy direktor Richard Olav va bosh yurist Vien Espen Telenor-ning Hollandiyada ro‘yxatga olingan VimpelCom shirkatidagi haqdorligi bilan bog‘liq masalada yo‘l qo‘ygan xatoliklari bois iste’foga ketgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ikkala mulozim VimpelCom shirkatining O‘zbekistondagi shu’basi bo‘lgan Bilayn mobil opertori faoliyati bilan bog‘liq korrupsiya tekshirilayotgan paytda vazifasidan vaqtincha chetlatilgan holatda bo‘lishgan. Juma kungi qaror bilan esa ikkala mulozim iste’foga chiqarilgan.

VimpelCom O‘zbekistonda biznes qilish imkoni evaziga bu mamlakat prezidentining qizi Gulnora Karimovaga millionlab dollar pora bergani bilan bog‘liq janjaldan chiqa olmayotgan Telenor shirkatida bu ilk iste’folar emas. O‘tgan yili Telenor boshqaruv hay’ati raisi Svein Aaser va shirkat bosh direktori Yon Frederik Baksaas ham iste’foga ketgan edi.

Shu yilning ferval oyida esa VimpelCom O‘zbekistondagi “nufuzli shaxsga” 114 million pora berganini tan olib, AQSh nazorat idoralariga 795 million dollar miqdorida jarima to‘lashga rozi bo‘ldi.

Shu oy boshrog‘ida esa, AQSh Adliya vazirligi “nufuzli shaxs” aynan Gulnora Karimova ekanini oshkor qilib, O‘zbekiston prezidentining qizi va uning jinoiy sheriklari ustidan sudga murojaat qildi va pora sifatida olinib, pul yuvish sxemalari orqali o‘zlashtirilgani gumon etilayotgan 550 million AQSh dollarini undirishni so‘radi.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, Gulnora Karimovadan bu pullarni ixtiyoriy tarzda AQSh nazorat idoralariga topshirish talab etilgan, lekin bu so‘rovlar prezident qizi tomonidan javobsiz qoldirilgan.

Bu janjal shirkat obro‘yiga etkazgan ziyondan qutulish maqsadida Telenor Gulnora Karimovaga pora bergani aytiladigan VimpelCom shirkatidagi 33 foizlik ulushishini sotish rejalarini e’lon qilgan. Lekin Telenor rasmiylariga ko‘ra, korrupsiya janjali bois sotuvga qo‘yilgan O‘zbekistondagi biznesga xaridor topish juda qiyin kechmoqda.

O‘zbekiston telekom bozorida faoliyat qiladigan uchta yirik xorijiy shirkat -- VimpleCom, Shvetsiyaning TeliaSonera va Rossiyaning MTS shirkatlari bir necha yil davomida prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnoraga kamida 1 milliard AQSh dollari miqdorida pora berganiga doir iddaolar AQSh va Yevropa mamlakatlarida tergov qilinmoqda.

Bu tergovlar doirasida Shveytsariya va yana bir necha malakatlardagi bank hisob raqamlarida Gulnora Karimovaga tegishli ekani ishoniladigan 1 milliard dollardan oshiq aktivlar muzlatib qo‘yilgan.

O‘tgan hafta TeliaSonera shirkati korruptsiya janjali bois nomini Telia Company-ga o‘zgartirdi. Ayrim xabarlarga ko‘ra, AQSh nazorat idoralari Shvetsiya shirkatidan 1,7 milliard dollar miqdorida jarima unidirishga harakat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG