Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:56

Yoz arafasida O‘zbekistonda Coca-Cola ishlab chiqarish yana to‘xtadi


2015 yil oxirida Toshkentdagi yirik supermarketlar ham taqchillik bois Coca-Cola xaridiga cheklovlar joriy qilgan edi.
2015 yil oxirida Toshkentdagi yirik supermarketlar ham taqchillik bois Coca-Cola xaridiga cheklovlar joriy qilgan edi.

Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkati o‘z asosiy chanqovbosdi ichimligi bo‘lgan Coca-Cola ishlab chiqarish liniyalarini to‘xtatdi. 1¸5 litrlik yelim idishdagi ichimlik chiqarish to‘xtatishi ortidan¸ ulgurji savdodagi 0¸25 litrlik Coca-Cola yashigining narxi 19400 so‘mdan birdaniga 31 ming so‘mga ko‘tarildi. Ozodlik bog‘langan zavod rasmiysi ta’mirlash deb atalayotgan jaraënning qanchaga cho‘zilishini bilmasligini e’tirof etdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatining Toshkent shahri Bektemir tumanidagi megazavodi¸ shuningdek¸ Namangan va Urganchdagi ishlab chiqarish korxonalaridagi Coca-Cola chiqarish liniyalari ishdan to‘xtaganiga bir oycha bo‘ladi:

- Baklashkada umuman Cola chiqarmayapmiz. Namangan ham¸ Urganch ham to‘xtab qolgan. Kichkina shisha idishdagisi chiqayapti bizda (Bektemirdagi zavodda -tahr.). Lekin uning bir yashigiga bir blok BonAqua va bir blok Ice Tea qo‘shib olish kerak. Mahsulot yo‘q bo‘lgani uchun hozir yangi shartnomalar ham qilinmayapti. Asosiy mahsulotimiz baklashkadagi Cola edi¸ hozir u yo‘q. Liniya rekonstruksiya bo‘layapti. To liniyalar qayta ishga tushmaguncha¸ baklashkada Cola chiqmaydi. Rekonstruksiya qachon tugashini biz ham bilmaymiz¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatining Toshkent shahri Bektemir tumanidagi megazavodi rasmiysi.

O‘zbekistonda havo harorati 30 darajadan oshib¸ eng bozorbop chanqovbosdi ichimlik sanaladigan Coca-Cola ishlab chiqarish to‘xtagani ortidan mamlakat bozorlarida qahatlashgan Coca-Cola narxi keskin ko‘tarildi.

“Coca-Cola ichimligi birdan qimmatlashib ketdi. Kimlardir zavod vaqtincha ishlamayapti¸ deydi. Zavod narxi bir yashigi 19 400 ming so‘m bo‘lsa¸ optomda kecha 31 mingga chiqib ketdi. Optoviklardan so‘rasam¸ bizga zavod zo‘rlab banakva (BonAqua) va choy ichimligini qo‘shib bermoqda¸ deydi. Bir oy oldin optoviklar 21 mingdan sotishardi. Hozir baklashkadagi umuman chiqmayapti. Narx ko‘tarmaydigan bo‘lib ketdi”¸ deydi salqin ichimliklar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchilardan biri.

Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston shirkatining Bektemirdagi vakili kichik shisha idishlarda Coca ichimligi ishlab chiqarish davom etayotganini ta’kidlaganiga qaramay¸ zavod distribyutorlaridan biri¸ O‘zbekistonda bu ichimlik chiqarish umuman to‘xtaganini bildirdi:

- Toshkentdagi zavod omborida qolgan shisha idishdagi kolalarni hozir suv va choy qo‘shib sotayapti. Ishlab chiqarish voobshe to‘xtagan. Toshkent bozorlaridan topsa bo‘lar¸ lekin viloyatlarda shishadagiyam¸ baklashkadagiyam yo‘q. Qachon chiqishini bizga aytishmayapti¸ dedi Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston shirkatining janubiy viloyatlardan biridagi filiali xodimi.

2015 yil noyabrida ham Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston shirkati Coca-Cola ishlab chiqarishni to‘xtatgani ortidan¸ yangi yil arafasida mahsulot narxi keskin oshgani kuzatilgan edi.

Har yil takrorlanadigan bunday to‘xtashlar odatda “profilaktika”¸ “rekonstruksiya” sifatida taqdim etiladi va bunday “tanaffus” paytida zavodning o‘z omboridagi Coca-Colaga bozori yurishmagan boshqa ichimliklarini qo‘shib¸ ulardan qutulgani kuzatiladi.

Ayni paytda¸ o‘tmishda Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston shirkatining zavodga huquq tizimlari tomonidan uyushtirilgan reydlar paytida ham faoliyatini vaqtincha to‘xtatgani kuzatilgan edi.

Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD markazi Atlantada joylashgan Coca-Cola shirkatining franchayzi hisoblanadi.

O‘zbekistonda 1993 yildan faoliyat boshlagan bu shirkat avvaliga prezidentning qudasi¸ AQSh fuqarosi Maqsudiylar oilasiga qaragan bo‘lsa¸ Gulnora Karimova Mansur Maqsudiy bilan ajrashganidan keyin¸ bu shirkatni to‘lig‘icha o‘z nazoratiga olgani aytiladi.

Uzoq yillar Karimova nazoratida bo‘lib kelgan Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston shirkatining ikki sobiq boshqaruvchisi Alisher Ergashev va Shohruh Sobirov¸ qolaversa hujjatlarda shirkatning rasmiy egalaridan biri bo‘lgan Gayane Avakyanlar bugunga kelib O‘zbekiston prokuraturasi tomonidan og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib¸ sud tomonidan qamoqqa hukm qilingan.

Gulnora Karimovaning ham maxfiy tarzda suratda sudlanib¸ uy qamog‘ida saqlanayotganiga oid norasmiy xabarlar fonida¸ hozirda Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston shirkatining asl egalari kimligi jamoatchilikka sir bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG