Линклар

logo-print

Namangandagi bolalar shifoxonasida sakkiz yil avval go‘daklarga orttirilgan immun taqchilligi virusi - OITV ommaviy yuqtirilgani hodisasi ortidan jinoiy javobgarlikka tortilgan va qamalib chiqqan kasalxona bosh vrachining muovini qaytadan avvalgi lavozimiga tiklangan.

Namanganlik shifokorlardan birining Ozodlikka aytishicha, 2008 yilda 140dan ziyod go‘dakga OITV yuqtirilishiga javobgar ko‘rilib, besh yilga qamoqqa hukm etilgan Oliya Shodieva qamoqdan ozod etilgach ishiga qaytgan va qisqa vaqt ichida shifoxona bosh vrachining muovini lavozimiga qayta tiklangan.

- Bu ayol endi tug‘ilgan chaqaloqlarga OITV yuqtirilishi bo‘yicha ayblanib, qamalgan edi. O‘tgan yili ohirida ishga qaytdi va qisqa vaqt ichida tanish-bilishlari orqali yana avvalgi o‘rniga tiklandi,- deydi ismi sir qolishini istagan namanganlik shifokor.

2008 yilda Namangandagi bolalar shifoxonasida kamida 147 bolaga OITV virusi yuqtirilgan, oqibatda yangi tug‘ilgan kamida 15 chaqaloq hayotdan ko‘z yumgan edi.

Shifoxonada virusning bolalarga yuqtirilishiga sanitariya-gigiena, dezinfektsion va sterilizatsion rejimning buzilgani sabab sifatida keltirilgan va 13 nafar namanganlik shifokor, jumladan bolalar kasalxonasining bosh vrachi va muovinlari ustidan jinoiy ish ochilib, ulardan 12 nafari besh yildan sakkiz yilga qadar qamoq jazosiga hukm etilgan edi.

- Shu qamalganlarni orasida bolalarga OITV yuqtirilishiga mas’ul ko‘rilib, besh yilga qamalgan bosh vrach muovini Shodieva, bosh vrachimiz bor edi. Namangan Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i ishdan olingan edi. O‘sha paytda qamalganlarning ko‘pchiligi hozir ham qamoqda. Bu ayol esa qamoqdan chiqishi bilan yana avvalgi o‘rniga qaytib kelyapti. Qanday qilib shuncha bolani o‘limiga javobgar shaxs yana shifoxona bosh vrachi muvoinligiga tayinlanishi mumkin?- deydi namanganlik shifokor.

Namangandagi bolalar shifoxonasidagilar Oliya Shodievaning bosh vrach muovini lavozimiga qayta tiklanganini tasdiqlashdi, lekin bu haqda izoh berishni istashmadi.

Namangan viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasidagilar ham bu haqda gapirishni istashmadi.

Rasmiylar sakkiz yil avval Namanganda ommaviy ravishda OITV virusi yuqtirilgani hodisasini keng jamoatchilikdan yashirishga uringandilar.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mulozimlari mamlakatda OITVga chalinish bilan bog‘liq raqamlarni oshkor etmay keladi.

XS
SM
MD
LG