Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:37

Jizzaxda fermerlarning ko‘karib turgan ekin maydonlari haydab tashlandi


O‘tgan yili Shahrisabz prokurori fermerlarning bedazorlarini ham buzdirib tashlagan edi.
O‘tgan yili Shahrisabz prokurori fermerlarning bedazorlarini ham buzdirib tashlagan edi.

Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi fermerlarga qarashli yerlarda bir qarich bo‘lib o‘sib qolgan piyoz, kungaboqar va boshqa ekinlar tuproq tagida qoldi. Hokim buyrug‘i bilan paxta maydonlarini kengaytirish maqsadida qilinayotgan bu tadbir dehqonlarni so‘nggi nonidan mahrum qildi. Rasmiylar bu holatni fermerlar paxta maydonlarida o‘z manfaati uchun boshqa ekinlar yetishtirayotgani bilan izohlamoqda.

O‘tgan bir hafta davomida Mirzacho‘l tumanining “Mehnat-rohat”, “Qo‘ng‘irboy” va boshqa fermer xo‘jaliklaridagi piyoz, kungaboqar ekilgan maydonlariga tuman hokimining buyrug‘i bilan traktor solindi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan mirzacho‘llik manbaga ko‘ra, gurkirab o‘sayotgan ekinlar tuproq tagida qolib uvol bo‘lgan:

“Mehnat-rohat” fermer xo‘jaligi yeriga ekilgan uch gektardan ortiq piyozni yer bilan bitta qilib haydab tashlashdi. Buni ko‘rib ichlarim ezilib ketdi. Bunga qancha mehnat sarf bo‘lgan, qancha xarajat bo‘lgan. Fermer Ne’mat aka ham dod devordi. Lekin hokimiyat shafqat qilmadi”, dedi manba.

Ismi sir qolishini so‘ragan mirzacho‘llik fermerlardan biri, “Oltin Vodiy" qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli hududdagi fermerlarning yerlari ham buzib tashlanganini aytdi:

- Bu hududda ham bir qancha fermerlar barmoq tishlab qolishdi. Endi ko‘karib chiqqan kungaboqar maydonlarini buzib tashlashdi. Nori degan fermer yigitning to‘rt gektar semichkasini buzishga kelishganda qattiq qarshilik qildi. Hozircha shu buzilishi gumon bo‘lib turibdi. Qolganlarini haydab tashlashdi. Buzdirmasang arizangni yoz, deb po‘pisa qilishdi,- deydi fermer.

Uning aytishicha, paxta maydonlarini kengaytirish uchun endi hosilga kirgan bog‘lar ham buzib tashlanyapti:

- "Oltin vodiy" QFYga qarashli bitta mevali daraxtlar bog‘i bor edi. Bu bog‘ning daraxtlari bir-ikki yildan buyon hosilga kirgan, juda yaxshi bog‘ bo‘layotgan edi. Hokim daraxtlarni kestirib, kollej o‘quvchilarini olib kelib kundalarni kovlab tozalattirdi. Endi shu yerni ham paxtazor qilishmoqchi,- dedi fermer.

O‘zini Mirzacho‘l tumani hokimining yordamchisi Ravshan deb tanishtirgan mulozim Ozodlik bilan suhbatda, fermerlarning ekin maydonlari buzib tashlanayotganini tasdiqladi:

- Ular paxta yeriga ekin ekkan. Shuning uchun buzib tashlamasdan nima qilish kerak? Boshqa ma’lumot berolmayman,- dedi hokim yordamchisi.

O‘n yil fermerlik qilib, keyin bu ishidan voz kechgan jizzaxlik sobiq fermerning aytishicha, bugungi kunda qo‘shimcha ekin ekmay turib faoliyat yuritish mumkin emas:

“Men ham uzoq yillar fermerlik qildim. Lekin birim ikki bo‘lmadi. Bor mol-holimni sotib zo‘rg‘a qutuldim. Ilgari fermerlarga qo‘shimcha ekin uchun ijozat bor edi. Biz ishchilarimizga ishlagani uchun besh-olti so‘tix yer berardik. U o‘shani hisobidan bizga ishlab berardi, ham tirikchilik qilardi. Keyin tobora qisib-qisib, endi batamom buni yo‘q qilishdi. Endi esa dehqonga beradigan er yo‘q, maosh ham yo‘q. Hech kim ishlamaydi. Axir, o‘sha ko‘karib turgan ekinlarni haydattirib tashlash uvolku. O‘shani buzmasdan shartnoma qil, davlat buncha foizini topshirasan desin. Yo‘q, ularda insof ham, imon ham qolmagan, kattasidan qo‘rqsa qo‘rqadiyu, lekin Xudodan qo‘rqmaydi”, dedi sobiq fermer.

O‘zbekistonda mahalliy hokimlarning yerdan noqonuniy foydalanayotgani iddaosida dehqonlarning ko‘karib turgan poliz ekinlarini haydattirib tashlashi tez-tez kuzatiladi.

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani prokurori va hokimi o‘tgan yilning avgust oyida sabzavotchilik hamda chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining pishay, deb qolgan makkajo‘xori, pomidor, bedasini traktor solib, payhon qildirgan edi.

2015 yilning 24 iyulь kuni Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani hokimining buyrug‘i bilan Besh yillik qishlog‘i aholisining boshoq tortib qolgan o‘nlab gektar sholisi kerosin sepib yo‘q qilingan edi.

XS
SM
MD
LG