Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:12

Qorasuvlik dindor bankka qo‘ygan 17 yarim ming dollarini ololmayapti


Moliya politsiyasi bankka yuborgan xatida Shahobiddin diniy-ekstremistik tashkilotlar bilan aloqada bo‘lishi mumkinligi aytilgan.
Moliya politsiyasi bankka yuborgan xatida Shahobiddin diniy-ekstremistik tashkilotlar bilan aloqada bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Qirg‘izistonning Qorasuv shahrida yashovchi Shahobiddin Bozorboev KICB bankiga uch kunga qo‘ygan 17 yarim ming dollar pulini 4 oydan beri qaytarib ololmayapti. Shahobidinning aytishicha, surishtiruv natijasida u Moliya politsiyasi e’tiboriga tushgan, diniy-ekstremistik tashkilotlar bilan aloqada bo‘lishi mumkin degan vaj bilan bankdagi xisob raqami noma’lum muddatga muzlatib qo‘yilganini o‘rgangan. Biroq Shahobiddin o‘zining taqiqlangan hech qanday diniy tashkilotlarga aloqador emasligini aytmoqda.

O‘sh viloyati Qorasuv shahri yashovchisi, 33 yoshli Shahobiddin Bozorboev shu yilning 27-yanvarida Koreyaga biznes viza olish uchun KICB bankidagi o‘z hisobiga 3 kun muddatga 17,5 ming dollar pul qo‘yadi.

Biroq u viza ololmagan. U o‘zining bank hisobiga qo‘ygan pullarini esa 4 oydan beri qaytarib ololmayapti.

O‘tgan vaqt mobaynida u avvaliga bankka borib pullarini nima sababdan berilmayotganini tushuntirib berishlarini talab qilgan.

Shundan so‘ng unga puli Moliya politsiyasining yuborgan xati sababli muzlatib qo‘yilganini aytishgan.

Moliya politsiyasi bankka yuborgan xatida Shahobiddin diniy-ekstremistik tashkilotlar bilan aloqada bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

- Meni Qorasuv shahar Ichki ishlar boshqarmasining 10-bo‘limi, Qorasuv tuman Milliy xavfsizlik xizmati chaqirdi. Ularga ekstremist, terrorist emasligimni aytib berdim, yozib ham berdim. Qorasuv tuman militsiyalari ham O‘shdan ham bu narsani tasdiqlab Moliya razvedkasiga “Bu rostdan ham haqiqatan ekstremist emas”, degan spravkani berishdi. Biroq SNB masjidlarga, jamoat joylariga borib “Men ekstremist, Hizbut-Tahrir, Salafiy emasman deb videoga tushasan” deyapti, -der ekan Shahobiddin Bozorboev, bu taklifga ham rozi bo‘lganini, biroq Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari, shunda ham pul masalasi hal bo‘lishi aniq emasligini aytishganini ta’kidlaydi.

Ayni paytda KICB banki rasmiysi Shahobiddin Bozorboev pullari muzlatilganini tasdiqlaydi.

- Bizning mijozimiz bor. U rostdan ham bankdagi hisobiga pulini qo‘ygan. Uning pullari bugungi kunda blok qilingan. Hukumatning “Jinoiy ishlarni legallashtirish va terroristik, ekstremistik harakatlarni moliyalashtirishga qarshi harakatlanish”, degan qonuni bor. Shu qonunni bajaruvchi, Qirg‘iziston hukumati qoshida Moliya politsiyasi bor. Biz shu idora ko‘rsatmasi asosida pullari blok qilganmiz. Qora ro‘yxat degan narsa bor, uning o‘sha ro‘yxatta turishi ham ma’lum bo‘ldi. U tegishli idoralarga murojaat qilishi kerak. Bank faqat qonun doirasida ish olib boradi. Uni pullari turibdi xech qaerga ketmagan, - dedi jurnalistlarga bergan suhbatida KICB bankining janubiy hududlar bo‘yicha direktori Tursunbek Shakirov.

Bu orada pullarni kredit sifatida bergan boshqa bank kafolat sifatida qo‘ygan Shahobiddinning uyini sotuvga qo‘ydi. Shahobiddin bozorda savdo qilish uchun soliq to‘lash huquqidan ham mahrum qilingan. Unga ko‘ra, unga barcha moliyaviy ishlarni amalga oshirish taqiqlanganini aytib, soliqchilar soliq olishdan ham bosh tortishgan.

Ilojsiz qolgan aytgan Shahobiddin, Qirg‘iziston Prezidenti, Bosh Prokuroriga yozma ravishda murojaat yo‘llagan. Biroq bundan ham naf chiqmagan. Qorasuv shahar hokimligi esa unga shahar hokimligi oldida tinchlik mitingi o‘tkazishga ruxsat bermagan. Shahobiddin Ozodlikning “nega sizni taqiqlangan diniy tashkilotlarga aloqadorlikda gumon qilishayapti?”, - degan savoliga shunday deb javob berdi:

- 2013-yilda Hizbut-Tahrirga a’zolikda gumon qilib uyimda tintuv o‘tkazishgan. Men o‘shanda og‘zaki va yozma shaklda Hizbut-Tahrir a’zosi emasman, deb aytib berganman. Qorasuv tuman sudi menga chiqarilgan 1 yil shartli jazo chorasini 6 oydan keyin man qilib, meni oqlagan. Pul mojarosida shu masala ham ko‘tarildi, biroq oqlanganim to‘g‘risidagi hujjatlarni ko‘rsatsam ular o‘tmayapti, -deydi Shahobiddin.

XS
SM
MD
LG