Линклар

Andijonning Eski shahar qismida joylashgan qariyb 2 asrlik majmuaning Adabiyot va san’at muzeyiga aylantirilgan qismi qoldirilib, uning namozgoh qismida ko‘rgazmalar zali ochilishi aytildi. Bu majmuaning so‘nggi 30 yillik tarixi andijonlik mashhur imom Abduvali qori Mirzaev nomi bilan bog‘lanadi. Imom 1995 yilda Toshkent aeroportida g‘oyib bo‘lgach, majmua yopib qo‘yilgan, keyinchalik bir qismi muzey, bir qismi bozorga aylantirilgan edi.

Madrasa va namozgoh buzilmaydi

Ozodlikka andijonliklar yo‘llagan xabar va videolarda tarixiy Jome masjidini buzishyapti mazmunidagi xavotirlar bildirilgan.

Sifatsizligi bois, e’lon qilinmayotgan videotasvirda majmuaning gumbazi ustki qismi ko‘chirilayotgani aks etgan.

Majmua joriy yil boshida buzilishi ehtimollari to‘g‘risidagi xabarlar Ozodlikda yoritilgan 700 yillik tarixiy minorani ham qamrab olgan. Andijondagi yirik rekonstruksiya dasturiga kiritilgan me’moriy obidalardan biridir.

Jome me’moriy majmuasi ma’muriyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, qadimda madrasa bo‘lgan, ammo 1980 yillardan keyin shaharliklar orasida masjid, deb yuritila boshlagan obidani ta’mirlash ishlari boshlangan:

- Hech narsa buzilmaydi. Hozir ustalar madrasaning gumbazini ta’mirlashni boshlashdi. Keyin namozgoh ham ta’mirlanadi, hech narsa buzilayotgani yo‘q. Bizga boshida arxitekturadan berilgan reja bo‘yicha Adabiyot va san’at muzeyi shunday qoladi. Orqadagi sahn va namozgoh ham ta’mirlab, to‘g‘irlanadi. Xalq kelib aylanib, tomosha qiladigan joy bo‘ladi, - dedi majmua ma’muriyatining ismi oshkor qilinmayotgan rasmiysi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, majmua rekonstruksiyasi bitgach, uning 80 metr uzunlikdagi namozgoh qismi ko‘rgazmalar zaliga aylantiriladi. Majmuaning old qismida ochilgan xiyobonga "Andijon Registoni" nomi beriladi. Majmua yonidan o‘tuvchi ko‘cha esa "Ma’rifat va ma’naviyat" nomi bilan ataladi.

Bundan tashqari, viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi mutasaddisi Sarvarbek Komilovning "Andijonnoma" gazetasiga aytishicha, majmua yaqinidagi Oltinko‘l ko‘chasi kengaytirilib, unga "Mustaqillik shohko‘chasi" nomi beriladi. Ko‘chaning ikki tarafiga 2 va 3 qavatli turarjoy binolari quriladi. Majmua yonida 107 ta xonadondan iborat "Kamolot" uyi quriladi va ko‘chaning bu qismiga "Yoshlar ko‘chasi" nomi beriladi.

Saqlab qolingan minora

Ozodlik iltimosi bilan 2 may kuni Andijoning Eski shahar qismidagi rekonstruksiya ishlarini borib, kuzatgan faol Saidjahon Zaynobiddinov uch kun muqaddam rekonstruktsiya rejasi aks etgan yangi maketga ko‘zi tushganini aytdi.​

Majmua rekonstruktsiyasi rejasi aks etgan yangi maket

Majmua rekonstruktsiyasi rejasi aks etgan yangi maket

U qurilish borayotgan hududdan bir necha suratlarni ham tahririyatga taqdim qildi.

Suratlarda tarixiy majmuadagi rekonstruksiya rejasi aks etgan yangi maket va majmuadagi bugungi qurilish ishlari aks etgan.

- 700 yillik minora buziladi, degan xabarlardan keyin majmuaning maketi olib qo‘yilgan edi. O‘tgan juma kuni borsam, yangi maketni qo‘yishibdi, unda minora turibdi, xursand bo‘ldim, deydi Zaynobiddinov.

Majmua rekonstruktsiyasi rejasi aks etgan eski maket

Majmua rekonstruktsiyasi rejasi aks etgan eski maket

Zaynobiddinov ushbu minoraning buzilishi haqida birinchilardan bo‘lib xabar bergan faollardan biridir.

Ozodlik bu xabarlar ortidan maxsus surishtiruv o‘tkazgan va ana shu surishtiruvlar natijasida avvaliga bu tarixiy obidani buzishni rejalagan rasmiylar fikridan voz kechgani ma’lum bo‘lgan edi.

O‘shanda avvalgi reja asosida yasalgan maket surati ushbu hududdan olib qo‘yilgan edi.

Jome va namozgoh tarixi

Andijonning Eski shahar qismidagi Jome me’moriy majmuasi 19-asrda qurilgan. Majmuada masjid, madrasa va minora bor.

Manbalarda aytilishicha, shu kunda ta’miri boshlangan gumbaz va ta’mirlanishi kutilayotgan namozgoh binosi rus istilosidan so‘ng 1971-74 va 1999-2000 yillarda qayta ta’mirlangan.

Ammo, bu obidaning shaharliklar xotirasidagi yana bir unutilmas davri 1985-95 yillar oralig‘idagi davrdir. Sobiq sovet zamonida Markazqo‘m bo‘yrug‘i bilan oziq-ovqat ombori, tikuvchilik fabrikasi, xo‘jalik mollari bozoriga aylantirilgan majmua 1980 yillarning oxirida andijonlik taniqli imom Abduvali Mirzaev boshchiligida sovet hokimiyatidan tortib olingan edi.

Quyida 2011 yilda Youtube tarmog‘iga joylangan, aftidan 1992-95 yillar oralig‘ida yana masjidga aylantirilgan Jome majmuasi haqida andijonlik dindorlar olgan videoni tomosha qilishingiz mumkin. Video kim tomonidan va aynan qachon olingani Ozodlikka noma’lum. Unda majmuaning O‘zbekiston mustaqilligi ilk yillaridagi ko‘rinishi va namozga imomlik qilgan Abduvali qori Mirzaev ham aks etgan.

1994 yillardan keyin Farg‘ona vodiysi, xususan, Andijondagi din peshvolari "vahhobiylik" oqimiga a’zolikda ayblanib, hibsga olina boshlagach, Abuvali Mirzaevning o‘zi Toshkent aeroportida g‘oyib bo‘lgan va majmua yopib qo‘yilgan edi.

Shundan so‘ng, majmuaning madrasa qismi Adabiyot va san’at muzeyiga aylantirilgan, namozgoh qismi esa yana xalq xo‘jaligi mollari bozoriga aylantirilgan edi.

XS
SM
MD
LG