Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:58

#‎Aleppoisburning‬: Halabdagi yagona pediatrning o‘limi tarmoqlarda qoralanmoqda


Ijtimoiy tarmoqlarda Suriyaning Halab shahridagi shifoxonaga 27-28 aprel kunlari Assad va Rossiya harbiylari uyushtirgan havo hujumlarida so‘nggi bolalar shifokori doktor Muhammad Maozning o‘lgani keskin qoralanmoqda. O‘sha kuni shifoxonaga havodan bomba tashlangan va doktor bilan birga yana 50 kishi o‘lgan edi. So‘nggi kunlarda shahardagi yana ikki shifoxona portlatilgani aytilmoqda.

#‎Aleppoisburning‬ xeshtegi bilan tarmoqlarda ulashilayotgan so‘nggi videolardan biri Buyuk Britaniyada joylashgan Channel 4 News teletarmog‘iga tegishli.

Unda Halabdagi Al-Quds shifoxonasining bombardimon qilinishidan bir necha daqiqa avvalgi manzara aks etgan.

Ota-onasini Turkiyaga jo‘natib yuborgan, o‘zi esa "yig‘layotgan go‘daklarga yordam berish uchun" Halabda qolganini aytgan so‘nggi 36 yashar pediatr - doktor Muhammad Maoz aks etgan.

Tungi smenaga ishga kelib, bemorlarni ko‘rish uchun palatalarga yo‘l olgan Maoz kuzatuv kamerasi kadridan g‘oyib bo‘lishidan bir necha soniya o‘tib, kasalxonaga bomba tashlanadi.

27 aprel kuni kechki soat 8 yarimda qilingan hujumda shifoxonada bo‘lgan yana 50 kishi qurbon bo‘ldi. Bular orasida bolalar, ayollar, keksalar va shifoxona hamshira hamda shifokorlari bor.

Al-Quds shifoxonasiga Assad qo‘shinlari bomba tashladimi yoki rus uchqichlari - bu hozirgacha noma’lum. Lekin, o‘shandan beri ham Halabda yana ikki shifoxona va dori-darmon saqlanadigan omborga bomba tashlangani aytilmoqda.

BMTning Suriyadagi missiyasi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Suriya, ayniqsa, Halabdagi harbiy harakatlar kuchaygani, tinch aholidan qurbonlar soat sayin oshmoqda. Aprelning so‘nggi ikki kunida o‘lgan aholi vakillari orasida 60 ta bola bor.

BMTning Suriyadagi gumanitar ishchi guruhi rahbari Yan Egland Halab va Xoms shaharlaridagi 27-28 aprel kungi hujumlardan so‘ng yuzaga kelgan vaziyatni "o‘ta halokatli", deb baholadi.

Suriyalik nnson huquqlari faollari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 28 apreldan 29 aprelga qadar - bir sutka ichida bu shaharda 61 kishi bombardimondan o‘lgan.

Halabda prezident Bashar Assadga sodiq kuchlar hamda isyonchilar o‘rtasidagi janglar 22 apreldan qayta boshlangan edi. Ayrim xabarlarda Halabda Bashar Assadga sodiq kuchlarni Rossiya harbiy uchuvchilari havodan turib qo‘llab-quvvatlayotgani aytilmoqda.

2 may kuniga kelib AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya va “Islomiy davlat”ga qarshi koalitsiya vakillari o‘rtasidagi muzokaralar Suriyada, jumladan Halab shahrida sulhning qayta joriy etilishini nazarda tutuvchi “o‘zaro anglashinuv bosqichiga yaqinlashmoqda”, deya bayon qildi.

Jenevada Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr bilan uchrashuv oldidan qilgan chiqishida Kerri bu masalada “yana biroz ishlash kerakligini” qo‘shimcha qildi.

Muzokaralardan keyin Jubayr bilan qo‘shma matbuot anjumanida gapirgan Kerri “Suriya ko‘p jihatda hamon nazoratdan tashqarida”, deya ta’kidladi.

Jubayr sulh bo‘yicha kelishib olinganiga qaramasdan Halabda janglarning avj olishini qoralab, “bu barcha gumanitar qonunlarga ziddir”, deya ta’kidladi. U o‘tgan hafta yuzlab odamning halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan havo hujumlari uchun Suriya Prezidenti Bashar Assadni ayblarkan, shunday dedi: "Assad yo siyosiy bitim doirasida iste’foga ketishi kerak, yoki kuch bilan hokimiyatdan olinishi kerak".

Ayni paytda Kreml Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 3 may kuni Moskvada BMTning Suriya bo‘iycha vakili Shteffan de Mistura bilan uchrashishini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG