Линклар

Bosh vazir Shavkat Mirziyoev xonanda Abdulaziz Karimni unvonidan mahrum qildi


O‘zbekistonda "xizmat ko‘rsatmagan" artistga aylangan qo‘shiqchi Abdulaziz Karim

O‘zbekistonda "xizmat ko‘rsatmagan" artistga aylangan qo‘shiqchi Abdulaziz Karim

Taniqli xonanda va kompozitor O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karimning unvonlari O‘zbekiston Bosh vaziri talabi bilan bekor qilindi. Bunga xonandaning Turkiya vatandoshligini olgani sabab qilib ko‘rsatildi. Artistning turk fuqaroligiga o‘tgani O‘zbekiston madaniyat va sport vazirligida ham muhokama qilingan.

Bosh vazir xonandaga qarshi

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasidagi yig‘ilishda so‘zga chiqqan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev Turkiya vatandoshligini olgan xonanda Abdulaziz Karimni “vatan xoini” deb atab¸ uni barcha unvonlardan mosuvo qilinganligini aytgan.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi¸ O‘zbekiston madaniyat va sport vazirligi xodimlari va san’atkorlar ishtirok etgan bu majlisda qatnashgan toshkentlik mulozim ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka ayrim tafsilotlarni aytib berdi:

- Ikki haftacha oldin Vazirlar Mahkamasida majlis bo‘ldi. Majlisda shaxsan Shavkat Miromonovich qatnashdi. Majlis boshida har xil mavzularga tegib o‘tildi. Oxirida asosiy mavzu O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karim haqida bo‘ldi. Abdulaziz Karim Turkiya fuqaroligini olgani bo‘yicha juda katta noroziliklar bildirishdi. Uni hattoki "vatan xoini" darajasiga chiqarib qo‘yishdi. “Turkiyaning Bosh vaziriga e’tiroz bildiramiz. Nega bizning unvoni bor san’atkorimizni fuqarolikka qabul qiladi”, degan har xil gaplar ham bo‘lib o‘tdi. Abdulaziz Karim 2000 yilda olgan Nihol mukofoti va 2003 yilda olgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonlari shaxsan Mirziyoev tomonidan olib tashlandi¸- deydi O‘zbekiston madaniyat va sport vazirligi mulozimi.

Manbaning aytishicha¸ Bosh vazir tomonidan qo‘shiqchilarning “pogonini yulish” tadbiri birinchi marta bo‘layotgani yo‘q:

- 2010 yilda Shavkat Mirziyoev "Ho‘ja" guruxi solisti Izzat Ibragimovning O‘zbekistonda hizmat ko‘rsatgan unvonini olib qo‘ygan edi. Izzat Mustaqillik bayram dasturining repetitsiyasiga bormagani uchun jazolandi. Keyin Izzat o‘rtaga kazo-kazolarni qo‘yib, yalinib-yolvorib unvonini qaytarib olgan edi¸- deya eslaydi suhbatdosh.

Prezident bergan unvonni Bosh vazir bekor qildi

Prezident bergan unvonni Bosh vazir bekor qildi

"O‘zbeknavo" sukutda

Ozodlik muxbiri bu borada izoh so‘rab, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga qo‘ng‘iroq qildi.

O‘zini Ma’rufjon deb tanishtirgan mulozim bu ma’lumotni izohlay olmasligini aytib, go‘shakni ilib qo‘ydi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Abdulaziz Karimning Turkiya vatandoshligini olgani O‘zbekiston madaniyat va sport vazirligida ham muhokama qilingan.

Bu majlisdan keyin “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Turkiyaga ketayotgan xonandalarga talablarni kuchaytirgan. Endilikda Turkiyaga bormoqchi bo‘lgan xonandalar ham tegishli idoralardan ruxsat olishi lozim. Ushbu tartibning joriy qilinishi o‘zbekistonlik xonanda Abdulaziz Karimga Turkiya fuqaroligi berilganidan paydo bo‘lgan xavotirlar o‘laroq izohlanmoqda.

Abdulaziz Karim ijrosidagi "Xoy nomard" qo‘shig‘i (Youtube-dan olindi)

Istalmagan artistlar

Madaniyat va sport vazirligi e’lon qilgan O‘zbekiston xalq artistlari ro‘yxatidan hukumat artistlarni istalgan va istalmaganlarga ajratganini sezish mumkin.

Ushbu ro‘yxatdan Sherali Jo‘raev, Farruh Zokirov, Yulduz Usmonova, Ortiq Otajonov va Bobomurod Hamdamov kabi xalq artistlari ham tushirib qoldirilgan.

Vazirlik saytidagi ro‘yxatning xalq artistlari bo‘limida faqat 10 nafar artistning nomini ko‘ramiz. Gulsanam Mamazoitova bilan boshlanadigan bu ro‘yxatga Zulayxo Boyxonova, Mahmud Namozov, Munojot Yo‘lchieva, Nasiba Abdullaeva, Ozodbek Nazarbekov, O‘ktam Axmedov ismlari tirkalgan.

Faxrli ro‘yxat so‘ngida G‘ulomjon Yoqubov ismi turibdi. So‘z ustalari bo‘limida qiziqchi Mirza Holmadov boru lekin Obid Asomov yo‘q.

Ro‘yxatning xonandalar bo‘limida Feruza Jumaniyozovani ham Lola Yo‘ldoshevani ham ko‘rmaymiz, Sherali Jo‘raevning ikki ashulachi o‘g‘li ismi ham ko‘rinmaydi.

Ro‘yxatda Ortiq Otajonovning o‘g‘li Ulug‘bek Otajonov ham yo‘q. Lekin Yulduz Usmonovaning qizi Nilufar Usmonovaning ismi bu ro‘yxatga san’atkor bilan vazirlik o‘rtasidagi murosa timsoli o‘laroq qo‘yilgandek tuyuladi.

Bu ro‘yxatning O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar bo‘limida Abdulaziz Karimning ismi yo‘q.

O‘zbek bosh vaziri g‘azabiga uchragan hofizni turk bosh vazir siyladi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karim joriy yilning 29 mart kuni shaxsan Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘lidan maktub olgan edi.

Maktubda Abdulaziz Karimga "istisno tariqasida" Turkiya vatandoshligi (bu mamlakatda "fuqaro" so‘zi o‘rniga "vatandosh" so‘zi qo‘llaniladi) berilgani ma’lum qilingan edi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karim qo‘shiqlari O‘zbekistonda taqiqlab qo‘yilishi ortidan 2015 yil may oyida Turkiyaga chiqib ketgandi.

Ozodlik bilan ilgari qilgan suhbatida Abdulaziz Karim O‘zbekistonda Davlat televideniesi, "O‘zbeknavo", Madaniyat vazirligidagi ba’zi mulozimlar qo‘shiqchilar oldiga to‘siqlar qo‘yish bilan shug‘ullanishini aytgan edi.

​Abdulaziz Karim 90-yillarda "Qurbon bo‘laman" qo‘shig‘i bilan O‘zbekistonda eng taniqli xonandalardan biriga aylandi.

Keyinchalik Abdulaziz Karimning Yassaviy g‘azallariga bastalagan kuylari xalq orasida shuhrat topdi.

U barcha qo‘shiqlarini o‘zi bastalagan sanoqli hofizlardan hisoblanadi.

O‘tgan yil oxirida bastakor-ijrochi taniqli o‘zbek shoiri va muxolifat arbobi Muhammad Solihninng "G‘arib daraxt"¸ "Oydinga" kabi oltita she’rini qo‘shiq qilib kuylagan edi.

XS
SM
MD
LG