Линклар

Andijonda ta’miri boshlangan Jome me’moriy majmuasini borib ko‘rgan shaharlik pensioner Qodirjon aka 2 asrlik obida yaxshi saqlanganini aytmoqda. Uzoq yillar davomida eshiklari yopiq qolgan namozgohga kirgan tinglovchi bu maskan tarixiy obidaga aylantirilishi lozim, uning yana namozgoh qilib tiklanmayotgani shaharliklar uchun yaxshi, degan xulosasini tilga oldi.

OzodMikrofon eshittirishiga so‘zlagan pensioner Qodirjon aka shaharliklar uchun tarixiy qimmati katta bo‘lgan bu obidaning tegrasida yana 2 ta katta masjid borligini o‘z xulosasiga asos qilib keltirdi:

- Biz tarixdan ko‘rdik, har qadamda bir masjid bo‘lsa, namozxonlar jamoati bo‘linib ketar ekan, o‘rtada tafovut, ixtilofga o‘xshagan narsalar chiqarkan. Jamoatning birligini saqlash uchun odamlar katta-katta masjidlarga borib, birga namoz o‘qigani yaxshi. Bundan tashqari, muzeylar ham kerak xalqqa. Namozgoh yana bir obidaga aylantirilsa, xalq kirsa-ko‘rsa, juda chiroyli joy, - deydi Qodirjon aka.

Quyida Qodirjon aka bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Andijonda 19-asrda qurilgan va sobiq sovet davrida bir bor, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng yana bir bor ta’mirlangan namozgoh shu kunlarda yana ta’mirlanmoqda.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, ta’mir ishlari borayotgan hududga qo‘yilgan maketda bu maskanning kelgusida ko‘rgazmalar zaliga aylantirilishi aytilgan.

Ammo, bu obidaning shaharliklar xotirasidagi yana bir unutilmas davri 1985-95 yillar oralig‘idagi davrdir. Sobiq sovet zamonida Markazqo‘m bo‘yrug‘i bilan oziq-ovqat ombori, tikuvchilik fabrikasi, xo‘jalik mollari bozoriga aylantirilgan majmua 1980 yillarning oxirida andijonlik taniqli imom Abduvali Mirzaev boshchiligida sovet hokimiyatidan tortib olingan va yana namozgohga aylantirilgan edi.

​1994 yillardan keyin Farg‘ona vodiysi, xususan, Andijondagi din peshvolari "vahhobiylik" oqimiga a’zolikda ayblanib, hibsga olina boshlagach, Abuvali Mirzaevning o‘zi Toshkent aeroportida g‘oyib bo‘lgan va majmua yopib qo‘yilgan.

Shundan so‘ng, majmuaning madrasa qismi Adabiyot va san’at muzeyiga aylantirilgan, namozgoh qismi esa yana xalq xo‘jaligi mollari bozoriga aylantirilgan.

Qodirjon akaning aytishicha, shu kunlarda namozgoh oldidagi sahnda hali ham bozor-o‘char bo‘lmoqda. Savdogarlar me’moriy obidaning zinapoyalaridan rasta o‘rnida foydalanib, uy hayvonlari, uy-ro‘zg‘or buyumlarini sotmoqda.

XS
SM
MD
LG