Линклар

O‘zbekiston foydalanib kelgan 12 ob’ekt Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazildi


O‘zbekistonning Qirg‘iziston hududidagi ob’ektlaridan biri.

O‘zbekistonning Qirg‘iziston hududidagi ob’ektlaridan biri.

Bu haqda 3 may kuni Qirg‘iziston hukumatining chegaralarni aniqlash bo‘yicha mutasaddisi Kurbanbay Iskandarov ma’lum qildi. Uning bildirishicha, mazkur ob’ektlar orasida O‘zbekiston foydalanib kelgan neft quduqlari, gaz omborlari va suv zahiralari bor.

Qirg‘iziston hukumatining chegaralarni aniqlash bo‘yicha mutasaddasi Kurbanbay Iskandarov 3 may kuni O‘zbekiston foydalanib kelgan 20 ob’ektadan 12 tasi to‘lig‘icha Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Qirg‘iz rasmiysining bildirishicha, bugungi kunda Issiqko‘ldagi O‘zbekistonga qarashli to‘rt pansionatni Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilayapti.

Mart oyining oxirlarida Kurbanbay Iskandarov “O‘rtato‘qay” (O‘zbekistonda Kosonsoy, deb ataladi) va Karkidon suv omborlari, Katta Namangan, Chust, Norin, So‘x-Shoximardon, Lagan, Savay kanallarini O‘zbekiston ixtiyoridan Qirg‘izistonga qaytarish bo‘yicha ishlar boshlanganini bildirgan edi.

Rasmiyning bildirishicha, bu kanallardan Sho‘rolar davrida ham, mustaqillikdan keyin ham O‘zbekiston foydalanib kelgan, lekin bu ob’ektlar joylashgan hududlar Qirg‘iziston yerlari hisoblanadi.

-O‘zbekiston bu yerlarning barchasini Sho‘rolar davrida vaqtincha foydalanish uchun so‘rab olgan edi. Bu boradagi barcha hujjatlar bizda mavjud. O‘zbekiston Burgandi massividagi gaz ombori va to‘rtta neft chiqadigan quduqni o‘tkazib berdi, - dedi Kurbanbay Iskandarov.

Qirg‘iz rasmiysidan O‘zbekiston foydalanib kelgan suv zahiralaridan qaysilari bugungi kunga kelib Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazilgani haqida aniq ma’lumotlarni olish imkoniyati bo‘lmadi.

Ayni paytda O‘zbekiston suv bilan bog‘liq ob’ektlarning o‘ziga tegishli ekani to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud ekanini bildirgan. Toshkent, ayniqsa, “Kosonsoy” va “Kampirobod” suv omborlari O‘zbekistonga tegishli ekanini, bu ob’ektlar to‘lig‘icha Toshkent ixtiyoriga o‘tkazilishi shartligini talab qilib keladi. “Kosonsoy” va “Kampirobod” suv omborlari Farg‘ona vodiysidagi ekin maydonlarini suv bilan ta’minlovchi asosiy zahira hisoblanadi.

Kurbanbay Iskandarov qirg‘iz tomoni O‘zbekistonning bunday talabini asossiz, deb hisoblashini bildirdi.

-1992 yilgi shartnoma asosida bu ob’ektlar allaqachon bizga o‘tishi shart edi. O‘zbekiston prezidenti 1992 yilgi shartnomada bu ob’ektlar Qirg‘izistonniki ekanini tan olgan va imzolagan, O‘zbekiston parlamenti esa bu shartnomani ratifikatsiya qilib bergan, -dedi Kurbanbay Iskandarov.

Qirg‘iziston O‘zbekiston tomonidan foydalanib kelingan 16 ob’ektni Bishkek ixtiyoriga o‘tkazish uchun 2001 yildan beri harakat qilib keladi. Faqat joriy yilda Bishkek rasmiylari 16 ob’ektdan 12 tasini Qirg‘iziston nomiga hujjatlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Qolgan ob’ektlar, ayniqsa, “Kosonsoy” va “Kampirobod” suv omborlari haligacha ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib qolmoqda.

Joriy yilning 4 aprelida esa Qirg‘iziston Bosh vaziri Issiqko‘ldagi O‘zbekistonga tegishli 4 pansionatni Bishkek ixtiyoriga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan. Bugungi kunda pansionatlarni Qirg‘iziston nomiga hujjatlashtirish ishlari davom etmoqda.

Qirg‘iziston hukumati Toshkent tomonidan qurilgan va O‘zbekiston foydalanib kelgan ob’ektlarga tovon puli to‘lanmasligi haqida bayonot bergan.

XS
SM
MD
LG