Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:34

Shekspir tarjimasi uchun qirolicha taxsiniga sazovor bo‘lgan mutarjim


O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol
O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol

Bu yil Uilyam Shekspir hayotdan ko‘z yumganining 400 yilligi munosabati bilan “Shekspir barhayot” kampaniyasiga start berildi. Bu kampaniya doirasida Shekspir ijodi va hayotiga oid turli tadbirlar uyushtiriladi. Ozodlik radiosi Uilyam Shekspir ijodining o‘zbek teatr san’atiga ta’siri haqida turkum maqolalar tayyorladi. Ana shunday maqolalardan navbatdagisini e’tiboringizga havola qilamiz.

Bugungi suhbatdoshimiz Shekspir asarlarini birinchi bo‘lib ingliz tilidan o‘zbekchaga o‘girgan 78 yashar O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol.

Shekspir asarlarini birinchi bo‘lib ingliz tilidan o‘zbekchaga o‘girgan mutarjim Jamol Kamol qirolichadan tabriknoma oldi.

Uning tarjimasidagi Shekspirning uch jildli asarlar to‘plami o‘tgan yili Toshkentda chop etilgan edi.

Tarjimonning aytishicha¸ bu uch jildlik asar Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi ko‘magida Qirolicha Yelizavetaga jo‘natilgan.

Ozodlik bilan suhbatda Jamol Kamol Shekspir bois butun hayoti o‘zgarib ketganligini aytdi:

- Hamza teatri rahbari Olim Xo‘jaev taklifi bilan Shekspirning “Hamlet” asarini tarjima qilish boshlaganimda bir savol o‘rtaga chiqdi. Bu savol rus tili orqali qilinadigan tarjima bilan bog‘liq edi. Ma’lumki Hamletni o‘n yettita muallif ruschaga tarjima qilgan. O‘shalardan qaysiga tayanasiz deyishdi. Men Shekspirning o‘ziga tayanaman dedim va Oksfordda chiqarilgan Shekspir asarlarini tarjima qilish uchun to‘rt yil mukammal ingliz tilini o‘rgandim, - deydi Jamol Kamol.

O‘zbekchaga o‘girilgan sonetlar

Shekspirning adabiy merosi dramaturgiya asarlaridan tashqari 1592—1600 yillarda yozilgan “Sonetlar” ni ham o‘z ichiga oladi.

Shoir Jamol Kamol Shekspirning sonetlarini ham ingliz tilidan tarjima qilgan.

Ana shu tarjimalardan birida ”O‘lim soya sololmas” qadriyatlar poetik shaklga solinadi:

Bir ajib go‘zalsan, sokina, dilbar.

Shamol yulqib otar chechaklarni, bas,

Yozimiz qisqadir, hademay o‘tar.

Goho ko‘kda quyosh qamashtirar ko‘z,

Goho bulutlardan osmon ham xira,

Bir zumda xuftondir, bir lahza kunduz,

Xullaski, tabiat tinchimas sira.

Ammo sening yozing o‘zgacha, bo‘lak,

Quyoshing charaqlab sochadi yog‘du.

O‘lim soya sololmas, malak,

Shoirning she’rida hayotsan mangu.

To tanda jon bo‘lur, to ko‘zlarda nur,

Yasharsan tiriklar ichra bir umr….

Jamol Kamol haqida

Buxoroning Shofirkonida dunyoga kelgan Jamol Kamolning Ozodlikka aytishicha¸ “uch oyligida otasini "Akmal Ikromov va Fayzulla Xo‘jaev xalq dushmanlari emas" degan so‘zlari uchun otuvga hukm qilishgan”

O‘rta maktabdan so‘ng, Buxoro pedagogika institutining tarix-filologiya bo‘limini bitirgan Jamol Kamol bir necha yil oliygohda chet el adabiyotidan dars beradi.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi huzuridagi Til va adabiyot instituti aspiranturasini bitirib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lganidan so‘ng, o‘n yildan ko‘proq institutda ilmiy xodim, keyinroq G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotining bosh muharriri lavozimlarida ishladi.

Jamol Kamol 1991-1996 - yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildi.

Jamol Kamol Rumiydan qilgan tarjimalari uchun Eron va Turkiyaning davlat unvonlariga sazovor bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG