Линклар

logo-print

AQSh va Moldova harbiylari birgalikda harbiy mashg‘ulotlarni boshladi. Mashg‘ulotlar ikki hafta davom etadi. 2 may kuni 200 ga yaqin AQSh harbiysi Ruminiyadan Moldovaga o‘tdi.

AQSh harbiylari Skulen chegara punkti orqali Moldovaga kirdi. So‘ngra ular Faleshti shahri orqali poytaxt Kishinyovdan 20 km masofada joylashgan Negresti shahriga yo‘l olishdi.

Dragon Pioneer 2016 nomi berilgan harbiy mashg‘ulotlar 20 maygacha davom etadi.

Moldovaning rossiyaparast muxolifatchi partiyasi bo‘lmish “Moldova sotsialistlar partiyasi” AQSh harbiylarining yo‘lini to‘sish uchun namoyish uyushtirishni rejalashtirgan edi.

Ammo namoyishga o‘ntadan oz odam to‘plandi va amerikalik harbiylar hech bir muammosiz o‘z manziliga etib oldi.

Moldovadagi muxolifatchi partiyalar ularni qo‘llovchi shaxslarni 9 may kuni nishonlanadigan G‘alaba kunida namoyishga chiqishga chaqirmoqda.

9 may kuni Moldova fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabaning 71 yiligini nishonlaydi. Bayram kuni AQSh qo‘shinlari o‘z harbiy texnikasi bilan paraddan o‘tishi rejalashtirilgan.

Sotsialistlar partiyasi yetakchisi Igor Dodon harbiy mashqlarni “harbiy okkupatsiya” deb atadi.

Moldova mudofaa vaziri Anatol Salaru Dodoning bu sharhiga istehzo bilan Moldovaga 1944 yil sovet kuchlari kiritilganidan keyin “Dodoning kavaleriyasi mamlakatni tark etishni esdan chiqargan”, deya javob berdi.

Salaru bu bilan Moldova sharqidagi ayirmachi Pridnestrovye hududidagi Rossiya qo‘shinlarini nazarda tutdi. Pridnestrovye 1990 yilda Moldovadan ajralib, o‘z mustaqilligini e’lon qilgan. Pridnestrovye mustaqilligi hech bir davlat tomonidan tan olingan emas.

Pridnestrovyeda 1992 yil ayirmachilar bilan hukumat kuchlari o‘rtasida otashkesim imzolanganidan beri Rossiyaning taqriban 1500 harbiysi hududni qo‘riqlab keladi.

Rossiya askarlarining taxminan 380 nafari xalqaro tinchlikni saqlash kelishuvi bo‘yicha yuborilgan.

Qolganlari esa Rossiyaning 14-gvardiyachilar armiyasi askarlaridir.

Moldova 1994 yil NATOning “Tinchlik uchun hamkorlik” dasturiga qo‘shilgan.

XS
SM
MD
LG