Линклар

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridan bog‘langan tinglovchi O‘zbekistonda may-iyun oyida bo‘ladigan mahalliy saylovlarga tayyorgarlik jarayonidan noroziligini bildirdi. Uning arzicha, mahalla oqsoqolligiga raislik uchun nomzodlar aholi bilan maslahatsiz tanlangan, ularni tanlagan ishchi guruhining raisi esa yillardan beri o‘zgarmay qolayotgan ayni shaxsdir.

Ismini oshkor qilishni istamagan tinglovchining OzodMikrofonga arz qilishicha, mahalla faollari bir necha yillardan beri mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga o‘zlari tanlagan nomzodni ko‘rsatadilar, ammo ishchi guruhining yillardan buyon o‘zgarmay kelayotgan rahbari bu nomzodni qabul qilmaydi.

- Ishchi guruhdagilar birlashib, bitta jinoiy guruh bo‘lib olgan, go‘yoki. Bir-birini qo‘llaydi va shu guruhga yoqmagan nomzodlarni qabul qilmaydi. Deputatni ham shu ishchi guruh tanlagan, bizning xabarimiz ham yo‘q. Bu yil ham nomzodlarni tanlab, jo‘natvorishgan, xabarimiz yo‘q. Bu holatni o‘zgartirsa bo‘ladimi, yo‘li bormi? - deya murojaat qildi ismini oshkor qilmayotgan tinglovchi.

Uning iddaosicha, mahallada uning kabi norozi yana bir necha kishi bor va ular yuridik yordam istamoqda. Ozodlik nomi oshkor qilinmayotgan bu mahalladagi faollar bilan suhbatlashib, kelgusida bu murojaatni kengroq o‘rganish harakatida. Yangiliklarni kuzatib boring!

Quyida esa tinglovchi bilan suhbatni eshitishingiz mumkin:

Bu yil may va iyun oylarida bo‘ladigan mahalliy saylovlarda mahalla fuqarolar yig‘iniga 9 ming 764 oqsoqol va ularning 99 mingdan ortiq maslahatchisini saylash rejalashtirilgan.

Bu yil oqsoqolikka saylanayotgan nomzodlarni yoshartirish tavsiya qilingan. Toshkent shahridagi mahalla yig‘inlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu yil nomzodlarning 35 yoshdan 55 yoshgacha, ba’zi mahallalarda 57 yoshgacha bo‘lishi hamda imkon qadar oliy ma’lumotli erkak kishi bo‘lishi so‘ralmoqda.

​O‘zbekistonda mahalla fuqarolar yig‘inlari shahar, posyolka, qishloq va ovullardagi mahallalarda tuzilgan. Bu yig‘inlarga raislik qiladigan shaxslar va ularning yordamchilari 2 yarim yillik muddatga mahalla ahli saylovi bilan saylanadi.

Mahalla oqsoqolligiga nomzodlar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi lozim. Nomzod oliy ma’lumotli bo‘lishi va mamlakat hududida besh yildan kam bo‘lmagan muddatda doimiy yashagan bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, tashkilotchilik qobiliyatini namoyish qilgan bo‘lishi va muqaddam davlat yoki nodavlat idoradalarda ishlab, tajriba orttirgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, mahalla ahli bu nomzodni yaxshi tanishi va hurmat qilishi lozim.

Saylanadigan oqsoqollar nomzodini esa amaldagi mahalla oqsoqoli ko‘rsatadi, tuman va shahar hokimliklari ko‘rsatilgan nomzodlarni saralab, tasdiqlab beradi. Bir oqsoqol ketma-ket cheklanmagan muddatga qayta saylanashi mumkin.

XS
SM
MD
LG