Линклар

O‘zbekistonda GM Uzbekistan ishi bo‘yicha shirkat bosh direktori Tohir Jalilovdan tashqari yana kamida 10 odam hibsga olingani aytilmoqda. Ozodlik manbalari hibsga olinganlar orasida shirkat rahbarining o‘g‘li va o‘rinbosarlaridan bir ham borligini aytmoqda. Jalilovning o‘zi hamon Milliy xavfsizlik xizmati yerto‘lasida so‘roq qilinayotganini aytgan manba jinoiy sxemalar vositasida sotilgan avtomobillar egalaridan musodara etilayotganini ham iddao qilmoqda. Eksportga chiqargan mashinalarni qayta O‘zbekistonga olib kirib, pullash orqali katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirganlikda gumonlanayotgan GM Uzbekistan bosh direktori o‘tgan hafta hibsga olingan edi.

Jalilovning o‘g‘li va o‘rinbosari ham olib ketilgan

GM Uzbekistan bosh direktori hibsga olinishi ortidan shirkatda “qattiq tekshir-tekshir davom etmoqda”, deya bildirdi Ozodlikning O‘zbekiston-AQSh qo‘shma korxonasigsha yaqin manbasi.

Uning aytishicha, o‘tgan haftadan beri O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati erto‘lasida qamoqda saqlanayotgan GM Uzbekistan bosh direktori Tohir Jalilovdan tashqari shu paytgacha yana kamida 10 kishi, jumladan uning o‘g‘li ham hibsga olingan.

“Jalilov yerto‘lada so‘roq qilinmoqda. Bilishimcha, olib ketilganlar orasida Jalilovning o‘g‘li va o‘rinbosari ham bor. Firibgarlik sxemasiga homiylik qilgan MXXning ikkita zobiti hozirda qochib ketgan. Bu sxemada juda ko‘p odam bo‘lgan. Lekin bunday katta ishni juda nufuzli shaxslar himoyasisiz qilib bo‘lmasligi aniq va Jalilov bu sxemadagi eng asosiy shaxs emasligini aytishimiz mumkin”, deydi manba.

O‘zbekiston hokimiyat idoralaridagi Ozodlik manbasi ham Jalilovning o‘g‘li bu ishga guvoh sifatida jalb etilganini tasdiqladi.

“Jalilovning o‘g‘li so‘roqqa guvoh sifatida jalb etilgan. U hibsga olingani to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q, guvoh sifatida olib ketilgan. Lekin u ham otasi bilan juma kuni olib ketilganicha qo‘yib yuborilgani yo‘q. Bundan tashqari, yana 10 kishi qo‘lga olinganini bilaman. Ular orasida GM Uzbekistan moliyaviy departamentning ikki mulozimi bor”, deydi hokimiyat idoralaridan biridagi Ozodlik manbasi.

GM Uzbekistan bosh direktori va boshqa mulozimlari katta miqdordagi firibgarlikda ayblanib, hibsga olinganidan besh kun o‘tib ham O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va boshqa tergov idoralaridan bunga oid izoh olib bo‘lgani yo‘q.

GM Uzbekistan qo‘shma korxonasining 75 foiz ulushiga egalik qiladigan “O‘zavtosanoat” davlat shirkati vakillari ham Ozodlik so‘roviga javob berishdan bosh tortdi. 47 yoshli Tohir Jalilov GM Uzbekistan bosh direktori davozimidan tashqari “O‘zavtosanoat” boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimini ham egallaydi. Uning ismi “O‘zavtosanoat” rasmiy saytidan olib tashlangani yo‘q.

Prezident Moskvadan qaytgach fosh etilgan sxema

Ozodlik manbasi “O‘zavtosanoat” boshqaruv raisi va O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Roziqulov mashinasozlik sohasini nazorat qilib kelganiga qaramasdan, hozircha unga nisbatan tergov idoralari tomonidan savollar tug‘ilgani yo‘q, deydi.

Prezident Islom Karimovning Moskvaga tashrifi arafasida GM Uzbekistan Rossiyaga mashinalarni vaqtida yetkazib bera olmayotgani to‘g‘risida xabar paydo bo‘ldi

Prezident Islom Karimovning Moskvaga tashrifi arafasida GM Uzbekistan Rossiyaga mashinalarni vaqtida yetkazib bera olmayotgani to‘g‘risida xabar paydo bo‘ldi

Aprelь o‘rtalarida, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Moskvaga safari arafasida GM Uzbekistan Rossiya uchun ishlab chiqargan Ravon R2 rusumidagi avtomobillarni vaqtida yetkazib bera olmayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.

GM Uzbekistan bosh direktori doxil jinoiy sxemaning prezident Karimov Moskvadan qaytishining ertasigayoq fosh etilgani e’tiborlidir.

Qo‘shma korxonaning 25 foiziga egalik qiladigan AQShning General Motors shirkati Ozodlik so‘roviga javoban bu haqda hozircha izoh bera olmasligini bildirdi.

GM Uzbekistan shirkatiga yaqin manbaning bildirishicha, hozirda shirkatning Asakadagi zavodida ishlab chiqarish deyarli to‘xtatib qo‘yilgan.

Manbalar GM Uzbekistan ishi bo‘yicha shu paytgacha bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Tohir Jalilov doxil bo‘lgan guruh Rossiyaga eksport qilish uchun chiqarilgan avtomobillarni Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududida mahsus jamloqqa olib chiqib saqlagan. Jinoiy guruh “otstoynik” deb atagan bu jamloqda saqlangan minglab avtomobillar keyin O‘zbekistonga qayta olib kirilib, ichki narxlarda pullangan.

GM Uzbekistan mashinalari Rossiyada O‘zbekistondagidan ko‘ra qayrib ikki barobarga arzonroq sotilishi ma’lum. Jinoiy guruh ana shu sxema orqali narx o‘rtasidagi farqni o‘zlashtirgan, deydi Ozodlik manbasi.

“Maxinatsiya juda oddiy bo‘lgan. Qozog‘istonning janubiy mintaqalariga mashinalar olib chiqilib, yana qayta reeksport qilinayotgan bo‘lgan. Ichkariga qayta olib kirib pullashgan. Hozir tergovchilar sotilgan har bir mashinani tekshirmoqda. Zavod to‘xtagan yoki juda cheklangan miqdorda ishlab chiqaryapti. Bundan tashqari, eshitishimcha, hozir vodiyda o‘sha sxema bo‘yicha sotilgan eskport variantdagi 100ga yaqin mashina musodara qilingan. MXX mashinalarni sotib olgan odamlarni tekshirib, mashinalarni tortib qo‘yib, muhrlab qo‘ymoqda”, deydi Ozodlik manbasi.

O‘zbekistonlik uchun ikki barobar qimmatroq mashinalar

GM Uzbekistan ichki bozor uchun chiqarilgan mashinalar ro‘yxatida Gentra yo‘q

GM Uzbekistan ichki bozor uchun chiqarilgan mashinalar ro‘yxatida Gentra yo‘q

GM Uzbekistan yiliga yuz minglab avtomobil ishlab chiqarishi aytilsa-da O‘zbekistonda mashina narxining 85 foizini oldindan to‘lab qo‘ygan xaridor bir necha oylab navbat kutishiga to‘g‘ri kelgani bois talab juda kattadir. Yillar davomida sun’iy tarzda yaratilgan bu vaziyat ham jinoiy guruh foydasiga ishlagan, demoqda manbalar.

Rossiya bozori uchun Ravon brendi ostida uchta modeldagi avtomobil – R2, Gentra va Nexia avtomobillari chiqariladi. Bu mashinalarning O‘zbekiston ichki bozori uchun Chevrolet markasi ostida chiqariladigan analoglari o‘zbek xaridori uchun qariyb ikki barobar qimmatroqdir.

O‘tgan yilning oxirlarida qisqa muddat GM Uzbekistan avtomobillarini mamlakat ichida sotib olish favqulodda osonlashgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi. Bunda ayniqsa, Rossiya bozori uchun chiqarilgan Gentra mashinalari chaqqon sotilgan edi.

Farg‘onalik Shuhrat Hamidov o‘sha kunlari Gentra mashinasining omadli haridorlaridan biriga aylandi.

- O‘tgan yilning oxirida, to‘rt oy bo‘ldi, Gentra mashinasini oldim. Avtosalonga borsam, qo‘limga shartnomani berishdi, borib pulini to‘lab keling, telefoningizni qoldiring, deyishdi. Borib 85 foiz pulini to‘ladim. Shanba kuni edi. Endi 5-6 oy kutaman desam, seshanba kuni telefon qilishib, mashinangiz keldi, olib ketishingiz mumkin, deyishdi. Uch kun deganda mashinani olib chiqdim,- deydi farg‘onalik suhbatdoshimiz.

Ravon Gentra Rossiyada 6400, O‘zbekistonda 18000 dollar turadi

Ravon Gentra Rossiyada 6400, O‘zbekistonda 18000 dollar turadi

Farg‘onalik Shuhrat aka, Rossiyada 6400 dollar turadigan Gentra mashinasini O‘zbekistonda 51 million so‘mga sotib olganini ham qo‘shimcha qildi. O‘sha paytdagi rasmiy kurs bilan hisoblaganda bu qariyb 18 ming dollar, qora bozor kursi bilan hisoblaganda 10 ming dollar bo‘ladi.

Bundan tashqari Gentra avtomobili GM Uzbekistan rasmiy saytida e’lon qilingan O‘zbekiston ichki bozorida sotiladigan avtomobillar ro‘yxatida yo‘qligi ham qiziqarlidir.

GM Uzbekistan 2008 yilning martida Uz-DaewooAuto o‘rnida tuzilgan. 75 foizi “O‘zavtosnoat” davlat shirkati, 25 foizi AQShning Genral Motors kompaniyasiga qarashli qo‘shma korxona rahbarligiga Tohir Jalilov 2010 yilda tayinlangan.

Ungacha Rossiyada “UzDaewooAvto” vakili va “O‘zAvtoRus” shirkati rahbari lavozimida ishlagan. O‘sha paytda Jalolov Voronejda dilerlik salonlarini tashkil etish uchun mahalliy amaldorlarga pora bergani bilan bog‘liq iddaolar yuzasidan jinoyat ishi ochilgan edi. Bu jinoyat ishi bo‘yicha Jalolovdan pora olganlikda ayblangan amaldorlar sudga tortilgan edi.

XS
SM
MD
LG