Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:33

Jahondagi eng yomon Toshkent aeroporti 4 yilda eng yaxshi aeroportga aylantirilmoqchi


Toshkent aeroportidagi tiqilinch.
Toshkent aeroportidagi tiqilinch.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi jahonning eng yomon aeroportlari ro‘yxatiga kirgan Toshkent aeroportining yangi terminalini qurish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslama natijalarini O‘zbekiston hukumatiga taqdim etdi. O‘zbekiston hukumati yangi terminalni loyihalash ishlariga 4 million, aeroportni qayta qurish ishlariga esa 312 million dollar mablag‘ ajratishi zarur bo‘ladi.

O‘zbekiston mahalliy matbuotining 4 may kuni xabar berishicha, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi Toshkent aeroportining yangi terminalini qurish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslama natijalarini O‘zbekiston hukumatiga taqdim etdi.

Taqdimotda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Botir Zokirov, “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkati raisi Valeriy Tyan, Koreya xalqaro hamkorlik agentligining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Jong Xi va Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Li Uk Xyon ishtirok etgan.

“Taklif qilinayotgan loyihada poytaxt aeroportining yangi terminalini barpo etish ishlarini 4 yil davomida yakunlash nazarda tutilgan. Loyiha amalga oshirilsa, Toshkent aeroportining maydoni 2 barobarga, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi binolar esa uch martaga ko‘payadi”, deb bildirgan Koreya xalqaro hamkorlik agentligining Toshkentdagi vakolatxonasi.

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Botir Zokirov o‘z navbatida Toshkent aeroportining yangi terminalini barpo etish loyihasi amalga oshirilishi uchun hukumat barcha imkoniyatlarni ishga solishga va’da bergan.

Toshkent aeroportini qayta qurish borasidagi hamkorlik Janubiy Koreya bilan 2015 yilda boshlangan edi. Joriy yilning yanvar oyida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi Toshkent aeroporti yangi terminalining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni Koreyadagi Inchen aeroporti konsortsiumiga topshirgan. Konsorsium texnik-iqtisodiy asosni olti oydan keyin, ya’ni iyunь oyida O‘zbekistonga taqdim etishga va’da bergan.

Janubiy Koreya mutaxasislarining aytishlaricha, agar O‘zbekiston hukumati loyihani og‘ishmay amalga oshira olsa, Toshkent aeroporti Markaziy Osiyoning asosiy havo maydoniga aylanadi. Janubiy Koreya Toshkent aeroportiga zamonaviy texnologiyalarni ham taqdim etishini bildirgan.

Mazkur loyihani ishlab chiqish O‘zbekiston hukumatidan 4 million dollarni talab qiladi. Qurilish ishlariga esa 312 million dollar sarflanadi. Mazkur mablag‘ning 300 million dollarini xorijiy sarmoyalar, jumladan, Janubiy Koreya tomonidan kiritiladigan investitsiya va kreditlar tashkil qiladi.

2019 yilda ishga tushurilishi rejalashtirilayotgan yangi terminal esa soatiga 1,5 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

2014 va 2015 yillarda Kanadaning “Aeroportlarda uxlash bo‘yicha yo‘riqnoma” (The Guide to Sleeping in Airports) Internet nashri o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, Toshkent xalqaro aeroporti jahonning eng yomon aeroportlari orasida beshinchi o‘rinni egallagan edi.

So‘rov natijasiga ko‘ra, Toshkent aeroportida uzundan-uzun navbatlar bo‘lib, ro‘yxatga olishdan tortib, bagajni topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar yo‘lovchilar noroziligiga sabab bo‘lgan.

Internet nashrining yozishicha, Toshkent aeroportida navbatlar va buning natijasida yuzaga keladigan olomonni tartibga solish bo‘yicha hech qanday ish amalga oshirilmaydi.

Nashr Toshkent aeroportida korrupsiya holatlari ham borligini qayd qiladi.

XS
SM
MD
LG