Линклар

SSSR va fashistlar Germaniyasi hamkorligiga oid savol putinparast bayker g‘azabini keltirdi


Rossiya prezidenti Vladimir Putinni qo‘llovchi shaxslar g‘arb mamlakatlarini Ikkinchi jahon urushi tarixini “qayta yozish”ga urinishda ayblab keladi.

G‘arb mamlakatlarida chindan ham ko‘p odam sovet xalqi Adolf Gitler Germaniyasini yengish uchun boshidan kechirganlarini to‘liq bilmaydi.

Ammo 1 may kuni Belorusning Brest shahrida jurnalistlarga duch kelgan “Tungi bo‘rilar” putinparast baykerlar to‘dasi yetakchisi Aleksandr Zaldostanovning o‘zi tarixni qayta yozishga urindi.

“Belsat” mustaqil telekanali jurnalisti Zaldostanovdan urushning ilk yillarida Sovet Ittifoqi Stalin etakchiligida fashistlar Germaniyasi bilan hamkorlik qilgani haqida qanday fikrda ekanligini so‘radi.

“SSSR Gitler tarafida bo‘lgan?! Bu bolaning ahvolini qarang. Bu ayrim odamlarning boshidagi chalkashlikka yaqqol misoldir. SSSR Gitler tarafida bo‘lgan, deydi-ya. U yo aqldan ozgan, yoki trollik qilyapti. Boshqa nimayam derdim?” deya javob berdi bayker.

Shundan so‘ng Zaldostanov savol bergan muxbirni itarib yuborib, keyingi savolga o‘tdi.

Qizig‘i shundaki, bu hodisa Brest shahrida sodir bo‘ldi. Aynan shu shahar 1939 yili Polsha tarkibida bo‘lgan va ko‘pchilikka ma’lum Molotov-Ribbentrop pakti asosida Sovet Ittifoqi bilan fashistlar Germaniyasi kelishib olgan chegarani belgilagan. 1939 yilning 1 sentyabrida fashistlar Germaniyasi Polshaga g‘arbdan bostirib kirgan. SSSR esa 17 sentyabr kuni sharqdan kirib kelgan.

Fashistlar-sovetlar paradi

Bundan bir necha kun o‘tib, Polsha butunlay taslim bo‘lgan va bostirib kirgan ikki davlat armiyasi Brest shahrida 1939 yilning 22 sentyabrida birga paraddan o‘tgan.

Bu paraddan avval Germaniya va Sovet Ittifoqi uzoq yillar davomida harbiy hamda iqtisodiy hamkorlik qilgan. Bu hamkorlik o‘tgan asrning 20-yillarida boshlangan va fashistlar 1941 yilning 21 iyunida SSSRga hujum qilgunicha davom etgan.

Har ikki mamlakat Birinchi jahon urushidan keyin imzolangan tinchlik kelishuvlaridan norozi bo‘lgan va ularni kuchsizlantirishga uringan.

Britaniyalik tarixchi Jon Eriksonning “Sovet oliy qo‘mondonligi” kitobida yozilishicha, sovet diplomatlari 20-yillarda Germaniyaga Polьshani bo‘lib olishni bir necha marta taklif qilgan.

Versal sulhi Germaniyaga havo qo‘shinlari tashkil etishni man etgan bo‘lsa-da, Junkers nemis shirkati Moskva yaqinida zavod qurgan, Germaniyaning Luftwaffe havo kuchlari uchuvchilari Lipetsk yaqinida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Nemislar Qozon yaqinidagi tank maktabida kutilmaganda hujum qilish metodiga tayyorlangan hamda Samara viloyatida man etilgan kimyoviy qurollarni ishlab chiqargan. Bundan tashqari, olmon suvosti kemalari Murmansk yaqinida Versal sulhidan yashiringan.

Stalinning 1920 yillarda Germaniyada o‘ynagan eng muhim roli siyosiy bo‘lgan. Stalin Sovet Ittifoqi boshqaruvidagi “Germaniya kommunistlar partiyasi”ning so‘l qanot “Sotsial-demokratlar partiyasi” bilan hamkorlik qilishiga to‘sqinlik qilgan. Bu siyosat Gitlerning ko‘tarilishiga yo‘l ochib bergan.

Gitler hukumat tepasiga kelganidan keyin Sovet Ittifoqi bilan aloqalar susaygan, chunki Gitler aksilkommunistik hamda aksilslavyan millatchilik siyosatini ilgari surgan. 1930 yillar Yevropada qiyin diplomatik aloqalar davri bo‘lgan. Har bir mamlakat oshib borayotgan ishonchsizlik muhitida o‘z xavfsizligini oshirishga intilgan. Kollektiv xavfsizlik kelishuvlarini imzolashga qaratilgan harakatlar ham, g‘arb mamlakatlarining Gitlerni tinchlantirishga qaratilgan de fakto urinishlari ham zoe ketgan.

“Noto‘g‘ri fikr”

1939 yil yozida Stalin Germaniya bilan muzokara boshlagan, natijada avgust oyida Molotov-Ribbentrop pakti imzolangan. O‘sha paytda Olmon-sovet savdo kelishuvi ham imzolangan. Bu shartnomaga ko‘ra, Sovet Ittifoqi Gitler tizimiga katta miqdorda xom ashyo yetkazib bergan.

Bir-biriga hujum qilmaslikka kelishgan ikki davlat Markaziy Yevropani bo‘lib olishga kelishgan. SSSR sharqiy Polsha, uch Boltiqbo‘yi davlati hamda Ruminiyaning Bessarabiya hududini oladigan bo‘lgan. O‘tgan asrning 90-yillarigacha Sovet Ittifoqi (keyinroq Rossiya) hukumati maxfiy Molotov-Ribbentrop protokollari mavjud ekanligini rad etgan.

Shartnoma imzolanganidan bir hafta o‘tib Gitler Polshaga bostirib kirgan. Ikki haftadan keyin Sovet Ittifoqi ham shunday qilgan. Sentyabr-oktyabr oylarida SSSR Boltiqbo‘yi davlatlarini egallab olgan. 1940 yil oktyabrida Germaniya bilan Sovet Ittifoqi SSSRning Germaniya, Yaponiya hamda Italiya ittifoqiga qo‘shilishi belgilangan shartnoma imzolashni muhokama qilishgan. Ammo o‘sha paytda Gitler SSSRga hujum qilishga qaror qilgan bo‘lgan va sabab bu muzokaralar natija bermagan.

Bayker Zaldostanovning SSSR Gitler Germaniyasi bilan hamkorlik qilgani haqida bilmasligi – yoki o‘zini shunday qilib ko‘rsatishi – hayratlanarli emas.

O‘tgan haftada Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu yordamchisi general Aleksandr Kirilin Polsha hukumatining sovet yodgorliklari bo‘yicha siyosatini tanqid qilar ekan, “Fashistlar Germaniyasi bosib olgan, ulardan Sovet Ittifoqi yordamisiz qutila olmagan davlat uchun bu ish to‘g‘ri emas”, deya ta’kidladi.

“Hozir biz Polshaga bositirib kirganimizni ta’kidlovchi fikrni keltirib chiqarishga harakat qilinmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Kirilin.

Robert Koalson maqolasi

XS
SM
MD
LG