Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:39

Xalqaro tashkilotlar tojik rasmiylaridan advokatlarni ozod qilishni talab qilmoqda


Muxolifatchi Zayd Saidovning hibsga olingan advokatlari Shuhrat Qudratov va Faxriddin Zokirov, Dushanbe, 2014 yil fevrali.
Muxolifatchi Zayd Saidovning hibsga olingan advokatlari Shuhrat Qudratov va Faxriddin Zokirov, Dushanbe, 2014 yil fevrali.

Inson haqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi ikki xalqaro tashkilot - Human Rights Watch va Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi Dushanbedan hibsda saqlanayotgan to‘rt advokat va boshqa advokatning ikki o‘g‘lini “hech qanday shartsiz” zudlik bilan ozod etilishini talab qilmoqda.

Ikkala tashkilotning “Tojikiston: advokatlarni ozod qiling” deya sarlavhalangan qo‘shma bayonotida 2014 yildan buyon Tojikistonda kamida 5 nafar advokat - Shuhrat Qudratov, Faxriddin Zokirov, Buzurgmehr Yorov, Nuriddin Mahkamov va Dilbar Dodojonova hamda advokat Ishoq Tabarovning ikki o‘g‘li Firuz va Daler qo‘lga olingani urg‘ulanadi.

Ularning hammasi turli ayblovlar bilan qo‘lga olingan, ular orasida faqat Faxriddin Zokirovgina uzoq muddatli ikki hibsdan so‘ng qo‘yib yuborilgan. Qolganlari esa, xalqaro tashkilotlar bayonotiga ko‘ra, shubhali ayblovlar bilan jazo o‘tamoqda yoki uydirma ayblovlar bilan hibsxonada tutib turilibdi.

Human Rights Watch va Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi tojik rasmiylaridan advokatlarni taqib qilish va ularga bosim o‘tkazishni to‘xtatishni talab qilmoqda.

Ikki tashkilot bayonotida Tojikistonda advokatlarni qo‘lga olish rasmiylarning muxoliflarini himoya qilganlik yoki siyosiy motivga ega shubhali jinoyat ishlarini o‘rganishga uringanlik uchun o‘ch olish maqsadida amalga oshirilgani ta’kidlanadi.

Bayonotda qayd etilishicha, tojik rasmiylari o‘tgan bir yil davomida o‘z siyosiy muxoliflarini muntazam ravishda ta’qib qilayapti, muxolifat vakillari va ularning tarafdorlarini o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olayapti hamda qiynoqqa duchor qilayapti. Rasmiylar xorijdagi muxoliflarini ekstraditsiya qilinishiga urinmoqdalar va buning uddasidan chiqolmagan taqdirda o‘g‘irlab kelayaptilar.

Bayonot mualliflari 2015 yili Tojikistonda asosiy muxolif kuch bo‘lgan Islom uyg‘onish partiyasi faoliyati taqiqlanganidan keyin rasmiylarning so‘z va yig‘ilish erkinligiga nisbatan bosimi kuchayib ketganiga e’tibor qaratadilar. 2015 yil martida esa dunyoviy muxolifat liderlaridan biri Umarali Quvvatov Turkiyaning Istanbul shahrida o‘ldirib ketilgan. Bu qotillik tojik rasmiylarining bevosita ishtirokida yoki ularning roziligi bilan amalga oshirilganiga ishora qiluvchi asosli taxminlar bor.

Huquq himoyachilari tojikistonlik advokatlarning qo‘lga olinishi muxolifatchi Zayd Saidovni himoya qilgan ikki advokat Shuhrat Qudratov va Faxriddin Zokirov 2014 yili hibsga olinganidan keyin boshlanganini ta’kidlaydilar. Avval Tojikiston sanoat vaziri bo‘lgan Saidov siyosiy partiya tuzmoqchi bo‘lib yurgan va uning ikki advokati tovlamachilikda ayblanib, qo‘lga olingandi. Buning ortidan Zayd Saidovning uchinchi advokati Ishoq Tabarovning ikki o‘g‘li ushlangan.

2015 yilda qo‘lga olingan advokatlar Yorov, Mahkamov va Dodojonov esa Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi vakillarini himoyasiga bel bog‘lagandilar.

Human Rights Watch va Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi tojik rasmiylari Islom uyg‘onish partiyasi a’zolarini himoya qilmoqchi bo‘lgan boshqa advokatlarga ham hibs bilan tahdid qilganlarini ta’kidlaydi.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, tojik rasmiylari advokatlar faoliyatini yanada ko‘lamliroq nazorat qilish uchun qator choralar ko‘rganlar. Xususan, advokatlardan litsenziya olish uchun Adliya vazirligida imtihondan o‘tish talab qilingan. Advokatura to‘g‘risidagi yangi qonun tasdiqlangunicha advokatlar bunday litsenziyani rasmiylardan emas, balki mustaqil advokatlik birlashmalaridan olardi.

Tojikistonlik advokatlar Human Rights Watch va Norvegiya Xelsinki qo‘mitasiga imtihon savollari huquqshunoslikka emas, tarix, madaniyat va siyosatga oid bo‘lganini bildirganlar. Ular rasmiylar nazorati ostida o‘tgan imtihonlar shov-shuvli jinoiy ishlarda himoyachilik qilganlarni advokatlik faoliyatidan mahrum qilish maqsadida o‘tkazilganidan tashvish bildirganlar.

Bayonot so‘ngida huquq himoyachilari AQSh, Yevropa Ittifoqi va Tojikistonning boshqa xalqaro hamkorlari Dushanbedan siyosiy sabablarga ko‘ra tutilgan advokatlarni ozod etishni talab qilishi lozimligini urg‘ulaydilar. Shuningdek, ular xalqaro hamkorlardan yig‘ilish va so‘z erkinligi bo‘yicha Tojikiston o‘z majburiyatlariga rioya qilishi borasida rasmiy Dushanbega bosim o‘tkazishni so‘raganlar. Huquq faollari BMT Xavfsizlik kengashida 6 may kuni tinglanajak Tojikistonning inson huquqlari bo‘yicha yangi hisoboti chog‘ida muhokama ishtirokchilari bu mamlakatda advokatlar va muxolifatchilar taqib qilinishi yuzasidan o‘z xavotirlarini izhor qilishi lozimligini ham qo‘shimcha qilganlar.

XS
SM
MD
LG