Линклар

logo-print

Toshkentlik militsionerlar mashinalardagi “Georgiy lenta”larni yulib olmoqda


Toshkendagi mashinaga osilgan “Georgiy lenta”si

Toshkendagi mashinaga osilgan “Georgiy lenta”si

O‘z mashinasiga “Georgiy lentasi” ilib olgan toshkentlik haydovchining Ozodlikka aytishicha¸ militsionerlar tasmani olib tashlattirmoqda.

Ozodlik manbalarining aytishicha¸ Rossiyada Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning ramzi sifatida ko‘rilayotgan va qo‘shni davlatlarda ham urf bo‘la boshlagan “Georgiy tasma"larining o‘rniga O‘zbekiston davlat bayrog‘i timsollantirilgan tasmalardan foydalanishni taklif qilmoqda.

O‘zini Ma’rufjon, deb tanishtirgan toshkentlik haydovchi mashina ichidagi ko‘zgu ustiga osib qo‘yilgan “Georgiy” tasmasi fotosini jo‘natib bu tasmaning militsiya tomonidan olib qo‘yilganidan shikoyat qildi:

- Lenta osganlarni ko‘chalarda militsiya naryadi to‘xtatib lentani olib tashla, deb buyuryapti. Nega, desam mumkin emas "Yo‘l xavfsizligi uchun tahdid va mashina boshqaruviga halaqit beradi" deyishdi. Umuman ortiqcha savol berish kerak emasligini tushundim. Meni bitta leytenant tekshirdi. Orqada yana to‘rt militsioner bor edi¸ deydi O‘zbekistondagi Rossiya elchixonasi tarqatgan "Georgiy” lentalaridan birini mashinasiga taqqan toshkentlik.

Joriy haftada O‘zbekistondagi Rossiya elchixonasi Toshkent shahrida "Georgiy lentasi"ni tarqatish aksiyasini boshladi.

Rossiya elchixonasi matbuot xizmatining xabar berishicha, "istagan odam elchixona darvozasi o‘ngida "Georgiy lentasi"ni olishi mumkin".

Rossiya diplomatik vakolatxonasining ta’kidlashicha, "aksiyaning asosiy maqsadi yangi avlodning 20-asrdagi eng dahshatli urushda kim va qanday yo‘qotishlar evaziga g‘alaba qilganini... unutishiga yo‘l qo‘ymaslikdir".

Ilk "Georgiy lentasi" aksiyasi 2005 yilda o‘tkazilgan edi.

O‘shandan buyon uni o‘tkazish Rossiyada an’anaga aylandi.

Lentaga qarshi ko‘rsatma

Toshkent shahar huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasining aytishicha "Georgiy lentasi" taqish va boshqa izn berilmagan “tadbir”larga barham berish haqida ko‘rsatma berilgan:

- Ertalabki razvod paytida shaxsiy tarkibga bu narsa tushuntirildi. Yo‘l harakati xavfsizligiga halaqit beradigan lentalar olib tashlanishi kerakligi aytildi. Ammo buni qo‘pollik qilmasdan¸ jarima solmasdan hushmuomala bo‘lib qilish aytildi¸ deydi Ozodlik manbasi.

G‘alaba ramzimi yoki imperializm timsoli?

O‘zbekistonda “Georgiy lentasi” aksiyasiyaga munosabat turlichadir.

Anvar Nazirov¸ Shuhrat Barlos kabi bir guruh tarixchilar O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi va Toshkent shahar hokimiyatiga shikoyat bilan chiqib "Georgiy lentasi"ning O‘zbekistonda tarqatilishi va taqilishiga qarshilik bildirishdi.

O‘zbekistonda lentaning tarqatilishiga qarshi chiqqanlardan biri tarixchi Shuhrat Barlos bu tasma “Rossiya imperializmi timsoli” ekanligini Ozodlik bilan suhbatda ta’kidladi:

- Bu tasmani Rossiya uchun timsol bo‘lganiga qarshi emasmiz ammo¸ O‘zbekiston uchun ma’qul emas. Buning tarixiy sababi bor. Vatanimiz chor Rossiyasi tomonidan mustamlaka qilingan davrlarda kupchilik generallar va zobitlar, 1769 yil, 26 noyabrda Yekaterina II tomonidan ta’sis qilingan avliyo Georgiy ordeni va lentasi bilan mukofatlangan. Shaharlarimizni vayronaga aylantirishda qatnashgan mustamlakachilar armiyasining zobitlari va generallari uchun maxsus ta’sis qilingan medallarda, mahalliy xalq qirg‘in qilib bosib olingan bizning shaharlarimizning nomlari yozilgan va shu medallarga aynan mana shu avliyo Georgiy ordenining lentasi biriktirilgan edi. Rossiya imperializmi timsoli bo‘lgan bunday lentani bugungi mustaqil O‘zbekistonda taqib yurish eng kamida Chor bosqonchilari qo‘lida o‘lgan ota-bobolarimiz ruhiga haqoratdir, deydi tarixchi.

Qo‘ng‘iz rang lenta o‘rniga oq¸ko‘k¸yashil timsol

O‘tgan yili O‘zbekiston mudofaa vazirligi "Georgiy tasmasi"dan voz kechib o‘rniga o‘zbekcha ramzlarni ishlatishga chaqirgan edi.

Vazirlikning bu taklifi oradan bir yil o‘tib amalga oshgan ko‘rinadi.

Har holda manbalarimiz Toshkent ko‘chalarida o‘zbek bayrog‘i tarzidagi tasma osgan mashinalaning suratlarini yuborishdi.

Shu kunlarda facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Biz O‘zbekistonda Georgiy lentasiga qarshimiz” degan tashabbus ostida imzo to‘planmoqda.

Ushbu guruhga a’zo bo‘lganlar "Georgiy lentasi"ning O‘zbekistonda tarqatilishi va taqilishiga qarshi chiqdilar.

O‘zbekistonda lentaning tarqatilishiga qarshi chiqqanlar uning “Rossiya imperializmi timsoli” ekanini aytishadi.

"Georgiy lentasi"ni taqiqlash chaqiriqlari O‘zbekistonga qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham kuzatilgan.

Ular ham Qrim va Ukraina sharqidagi voqealardan so‘ng "Georgiy lentasi" Rossiya imperializmi timsoliga aylandi, degan fikrdalar.

Sobiq Sovet respublikalarida "G‘alaba kuni" sifatida bayram qilinadigan 9 may O‘zbekistonda 1999 yildan buyon "Xotira va qadrlash kuni" sifatida nishonlanadi.

XS
SM
MD
LG