Линклар

Andijonlik rasmiy: Butun viloyat oshqovoq ekishga safarbar etilgan!


Suratda: Asaka tumanida bog‘dagi daraxtlar orasiga oshqovoq ekilyapti.

Suratda: Asaka tumanida bog‘dagi daraxtlar orasiga oshqovoq ekilyapti.

Andijon viloyatidagi bir qator don mahsulotlari kombinatlari ishchilari ommaviy ravishda oshqovoq ekishga safarbar qilindi. Har kuni har bir kombinatdan yuzlab odamlar tumanlarda o‘zlari uchun ajratilgan yerlarga borib oshqovoq ekayapti. Rasmiylarning aytishlaricha, Vazirlar Mahkamasining topshirig‘i bilan ekilayotgan oshqovoqdan tayyorlanadigan pyure Rossiyaga eksport qilinadi.

Asaka don mahsulotlari ochiq aksiyadorlik jamiyati ishchilari Ulug‘nor tumanida 40 gektar yerga oshqovoq ekish ishlarini yakunladilar.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan ulug‘norlik manbaga ko‘ra, ikki hafta davomida kombinatning yuzlab ishchilari tumanda ularga ajratilgan yerga oshqovoq ekish bilan mashg‘ul bo‘lishgan:

“Har kuni yuzlab odamni olib kelib, dalaga qo‘yvorishadi. Ular kechgacha uymalanib oshqovoq ekishadi. Nega bu yil birdaniga oshqovoqqa buncha qiziqib qolishdi, hayronman”, dedi ulug‘norlik manba.

Asaka don mahsulotlari kombinatining ismi sir qolishini so‘ragan ishchilaridan biri, Ulug‘nor tumanida oshqovoq ekishni tugatib, bu ishni endi o‘zlarining tumanida davom ettirayotganini aytdi:

“Kombinatimizga har joydan yer ajratib berishgan. Kuni-kecha Ulug‘norda oshqovoq ekishni tugatdik. Endi o‘zimizda bog‘ oralaridagi yerlarga oshqovoq ekyapmiz. Bu ishga qariyb ikki yuz kishi safarbar qilingan. Mana hozir siz bilan bog‘dan gaplashib turibman”, dedi ishchi.

Andijon don mahsulotlari ochiq aksiyadorlik jamiyatining ishchilari esa viloyatdagi beshta tumanga safarbar qilingan.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan ishchilardan birining aytishicha, oshqovoq ekish uchun kombinat maxsus agronomlar yollagan:

“Menimcha, kombinat besh-oltita agronom yollagan. O‘shalar bilan har safar turli tumanlarga chiqib oshqovoq ekyapmiz. Majburan olib chiqishyapti. Chiqmasak, ishdan bo‘shaysan, deb qo‘rqitishyapti. Biz hozir, 40 chog‘li ishchi Asaka tumanidamiz. Boshliqlarimizning aytishlaricha, biz uzunligi qariyb ikki ming kilometr masofadagi egatga oshqovoq ekib chiqishimiz kerak ekan. ”, dedi ishchi.

Andijon viloyati hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, oshqovoq ekishdan maqsad, undan pyure tayyorlab Rossiyaga eksport qilish ekanligini aytdi:

“Bu - Vazirlar Mahkamasidan butun respublika bo‘ylab bo‘lgan topshiriq. Xabaringiz bor, yaqinda prezidentimiz Rossiyaga borib shartnomalar qilib keldilar. Shuning uchun har kuni selektor yig‘ilishlarida ham shu gap bo‘lyapti, ya’ni hamma tashkilotlarga yer ajratilsin va ular oshqovoq eksin, degan. Har bir viloyatda oshqovoqni pyure qiladigan MChJlar tuzilyapti. Kattalar "senlar oshqovoqni etishtirib ber, qolgani bilan ishing bo‘lmasin", deyishyapti. Shuning uchun butun viloyat oshqovoq ekishga safarbar etilgan”, dedi hokimlik mulozimi.

Joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Rossiya bilan meva-sabzavotni eksport qilish haqidagi shartnomani imzolaganidan so‘ng, butun respublika bo‘ylab sabzavot, poliz ekinlari ekish ko‘paytirildi.

Ayni paytda, Ozodlikka bog‘bon-fermerlardan kelgan shikoyatlar soni ko‘payib bormoqda.

Jumladan, yaqinda Samarqand viloyatining Jomboy tumani hokimi aholi ekinlarni himoya qilish maqsadida aholi chorvasini “uy qamog‘i”ga olgani xabar qilindi.

Samarqandlik bog‘bon fermerlar esa hokimiyat mevaga kirgan yangi bog‘larni hech bir asossiz buzdirib tashlab, o‘rniga sabzavot va poliz ekinlari ektirayotganidan shikoyat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG